May 24

Qonunlardan ustun...🌺 Ep¹

XIX asrning o‘rtalari. Dunyo ulkan o‘zgarishlar va sanoat to‘ntarishlari ostonasida turgan bir paytda, Kim Saltanati o‘zining ko‘p asrlik qonunlari, mutloq monarxiya tizimi va cheksiz qudrati bilan mag‘rur qad rostlab turardi. Davlat siyosati temir intizom va qat’iy tabaqalanish ustiga qurilgan bo‘lib, oliy tabaqa vakillari va oddiy xalq o‘rtasidagi chegara xuddi ulkan saroy devorlaridek mustahkam edi. Uch nafar qudratli og‘alar — valiahd shahzoda Kim Seokjinning siyosiy o‘tkir nafasi, Kim Namjoonning mukammal strategiyasi va Kim Taehyungning armiya ustidan qat’iy nazorati imperiyani tashqi xavflardan ham, ichki isyonlardan ham mukammal himoya qilardi.
Biroq, bu siyosiy muhtashamlik ortida oddiy xalqning butunlay boshqacha hayoti bor edi. Saroy devorlaridan tashqarida odamlar tirikchilik tashvishi, har kungi og‘ir mehnat va soliqlar yuki ostida yashardilar. Ammo bugun — poytaxt ko‘chalari butunlay boshqacha nafas olmoqda. Bahor kelishi bilan xalq orasida jonlanish boshlangan, odamlar qishning sovuq kunlarini ortda qoldirib, bugun kechki payt bo‘lib o‘tadigan ulkan Bahor bayramiga tayyorgarlik ko‘rishayotgandi. Ko‘chalar chiroqlar bilan bezatilgan, har bir burchakda shirinliklar va hunarmandchilik buyumlari sotiladigan rasta qurilayotgan edi.
Ayni shu daqiqalarda saroyning eng osoyishta va go‘zal go‘shasida, ulkan imperiyaning kenja malikasi Kim Yuna o‘zining hashamatli bog‘ida, o‘ymakor kursida o‘tirgancha daraxtlarga termulib xayol surardi.
Atrof nihoyatda go‘zal edi. Bahor fasli o‘z chiroyini ko‘rsatib, bog‘dagi barcha Sakura daraxtlari pushti va oq rangdagi nafis gullarga burkangandi. Mayin shabada esganda, to‘kilayotgan gulbarglar malikaning ipak liboslari aro raqsga tushgandek uchib yurardi. Yuna bu go‘zallikdan biroz zerikkandek, chuqur xo‘rsinib, o‘ng tomonida qo‘llarini qovushtirib turgan vafodor xizmatkoriga yuzlandi.

— Ayting-chi, bugun imperiyada qanday yangiliklar bor? — so‘radi Yuna, ko‘zlari nafis gulbarglar harakatini kuzatar ekan.

Xizmatkor Yeji muloyimlik bilan ta’zim qildi va saroy odobiga ko‘ra past ovozda javob qaytardi:

— Saroy ichida hammasi tinch, malikam. Janobi oliylari — akalaringiz davlat ishlari bilan bandlar. Ammo... shaharda bugun kechqurun katta Bahor bayrami bo‘lishini aytishmoqda. Butun xalq ko‘chalarga chiqadi, deyishyapti.

"Bahor bayrami" degan so‘zlar eshitilishi bilan Yunaning boyagi zerikkan nigohlaridan asar ham qolmadi. Uning ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi. U shartta o‘rnidan turib, hayajonini yashira olmay Yejiga tikildi. Uning ko‘zlarida xavfli, ammo nihoyatda qiziqarli bir reja aks etib turardi.
Yeji malikasining bu nigohini ko‘rishi bilan tanasiga sovuq ter chiqdi. U Yuna nima haqida o‘ylayotganini darhol tushunib, qo‘rquvdan boshini tez-tez chayqay boshladi va shoshib uning qarshisiga turib oldi:

— Yo‘q, yo‘q, malikam! Iltimos, u haqda o‘ylay ko‘rmang! Bu safar og‘alaringiz bilsa, yaxshilik bilan tugamaydi. Agar shahzoda Seokjin yoki shahzoda Taehyung buni bilib qolishsa... shafqat qilishmaydi! Bu juda xavfli!

Yuna esa uning gaplaridan zarracha qo‘rqmadi. Aksincha, sho‘xlik bilan lablarini burdi-da, Yejining yelkasidan tutib, jilmaydi:

— Qo‘rqma, Yejiginam. Hech kim, hech narsani bilmaydi. Doimgidek, oddiy kiyimlarni kiyib, bildirmasdan chiqib ketamiz. Bayramda mazza qilib aylanib, tong otmasdan qaytamiz. Hech kim sezmaydi ham!

U ortiga o‘girilib, bog‘ bo‘ylab saroy binosi tomon yurar ekan, qat’iy ohangda buyruq berdi:

— Kechga tayyorgarlik ko‘r, Yeji. Bugun bizni unutilmas kecha kutyapti!😁

Yuna

Shu paytda, poytaxtning gavjum va shovqinli ko‘chalaridan biridagi kichik bir ustaxonada butunlay boshqacha hayot hukm surardi. Bu yerda Jeon Jungkook ismli yigit har doimgidek o‘z ishlari bilan band edi. Jungkook juda mohir usta bo‘lib, ko‘plab insonlar uchun turli xil yog‘och va temir buyumlar, chiroyli bezaklar hamda kundalik hayot uchun zarur asboblar tayyorlardi. Uning tirishqoqligi va chaqqonligi sababli buyurtmachilari doim undan mamnun edilar.
U peshonasidagi terni artib, navbatdagi buyum ustida ishlayotganida, eshikdan uning aziz onasi kirib keldi. Ayolning qo‘lida o‘g‘li uchun maxsus tayyorlangan, issiqgina ovqat bor edi.
Jungkook onasini va uning qo‘lidagi mazali taomni ko‘rishi bilan charchog‘i tarqab, bolalarcha xursand bo‘lib ketdi. Shoshib ishini chetga surdi-da, onasi uzatgan ovqatni katta ishtaha bilan yeya boshladi. Ovqatni tugatgach, yuzida samimiy tabassum bilan:

— Ovqat juda mazali bo‘libdi, onajon. Kattakon rahmat! — aytdi o‘g‘li minnatdor ohangda.

O‘g‘lining to‘yib ovqatlanganini va xursandchiligini ko‘rgan onaning ham ko‘ngli ko‘tarildi. U o‘g‘liga mehr bilan jilmayib qo‘ydi va so‘ng bugungi muhim voqeani eslab, so‘radi:

— Salomat bo‘l, bolam. Aytgancha, bugun kechqurun shaharda katta Bahor bayrami bo‘ladi. Unda qatnashasanmi? Borib biroz hordiq chiqarsang yaxshi bo‘lardi.

Jungkook esa bir oz o‘ylanib turdi-da, boshini chayqadi. U shovqin-suronni va dabdabali yig‘inlarni unchalik xush ko‘rmasdi.

— Bilasiz-ku, onajon, menga bunday bayramlar unchalik yoqmaydi. Undan ko‘ra, ishimni tugatib, to‘g‘ri uyga qaytganim ma’qul, — deb javob berdi.

Ammo onasi o‘g‘lining bu gapiga rozi bo‘lmadi. U Jungkookning faqat mehnat bilan kun o‘tkazishini istamasdi. Ayol bo‘shagan idishlarni qo‘liga olarkan, o‘g‘liga qarab muloyim, lekin qat’iy ohangda gapirdi:

— Yo‘q, bolam, bugun albatta bayramda qatnashishing kerak. Yoshlik odamga faqat bir marta beriladi, u hech qachon qaytib kelmaydi. Doim ishlayvermasdan, bugun sen ham tengdoshlaring kabi bayram tomosha qil, ko‘ngling yoziladi.

Jungkook onasining gapini yerda qoldirishni istamay, jilmaygancha:

— Mayli, onajon, o‘ylab ko‘raman... — dedi.

Onasi esa o‘g‘lining fe’lini yaxshi bilgani uchun jilmayib qo‘ydi. U Jungkookning baribir bayramga borishiga ishonardi.

— Albatta qatnashgin, bolam. Bugun shaharda ajoyib tomoshalar, turli o‘yinlar bo‘ladi, afsuslanmaysan, — deb tayyorladi-da, idishlarni olib ustaxonani tark etdi.

Onasi chiqib ketgach, Jungkook chuqur nafas oldi va uning gaplari ustida bir oz xayol surdi. So‘ng, yana o‘z ishiga qaytib, asboblarni qo‘liga oldi. Biroq endi uning ongida "Bahor bayrami" haqidagi o‘ylar aylana boshlagan edi.

Jungkook

Kech kirib, osmonni qorongʻulik qopladi. Saroyning muhtasham zallari mashʼalalar nurida tovlanib turgan bir paytda, malika Yunaning xonasida mutloq sukunat edi. Yuna va Yeji rejalashtirganidek oddiy xalq kiyimlarini kiyib, har qanday shubhaning oldini olishdi. Qorongʻu tushishi bilan ular saroyning faqat sanoqli insonlargina biladigan yashirin yoʻli orqali qoʻriqchilarga bildirmasdan tashqariga chiqib ketishdi.
Yejining yuragi qon tomirlarida tez urar, bu ishlarning naqadar xavfli ekanligini, agar qoʻlga tushishsa, jazo qattiq boʻlishini dildan his qilib turardi. Yuna esa bularga parvo ham qilmas, aksincha, erkinlik shabadasi unga oʻzgacha kuch bagʻishlayotgandek edi.
Ular shahar markaziga yetib kelishganida, bayram ayni avjiga chiqqan edi. Yuna va Yeji hech qanday shubha uygʻotmay, oddiy odamlar orasiga xuddi ulardek singib ketishdi. Atrofdagi tungi shamlar, rang-barang qogʻoz chiroqlar, bayramona bezaklar va odamlarning quvnoq kulgusi havoni ajoyib sehrga toʻldirgandi.
Ular maydon boʻylab yurar ekanlar, bir-biridan qiziqarli voqealarga guvoh boʻlishdi:
Yosh yigit-qizlarning milliy kuylar ostidagi jozibador raqslari,
Baland dorlarda turli xavfli tryuklarni koʻrsatayotgan epchil akrobatlar,
Bolalarni quvontirayotgan har xil anʼanaviy oʻyinlar.
Yuna hozir ulkan imperiyaning malikasi emas, balki hayotdan zavqlanayotgan oddiy bir qizga oʻxshardi. Ammo ayni paytda u koʻrayotgan va his qilayotgan narsalar, saroyning zerikarli va soxta hashamatidan koʻra ming chandon ajoyib hamda qiziqarliroq koʻrinayotgandi. Uning koʻzlaridagi quvonch porlardi.
Biroq, bu quvonchli lahzalarda ham Yeji bir soniya xotirjam boʻla olmadi. U atrofga xavotir bilan koʻz yugurtirar, ich-ichidan malika Yunaga qandaydir tasodifiy xavf-xatar tugʻilmasligini Tangridan tilab, yuragi oʻynagancha uning ortidan qadam bosardi.

Maydon markazida chalinayotgan quvnoq va sehrli musiqa sadosi butun atrofni o‘ziga rom etgan edi. Yuna bu sehrli ohangga dosh berolmay, o‘zini tutib tura olmadi. U yuzidagi shodlikni yashirmay, maydonda aylanib raqs tushayotgan oddiy qizlar orasiga sho‘xlik bilan qo‘shilib ketdi. Uning har bir harakati shunchalar yengil va nafis ediki, go‘yo bahor faslining o‘zi uning siymosida raqsga tushayotgandek edi.
Chetda turgan Yeji esa uning bu harakatidan battar vahimaga tushib, xavotir to‘la ko‘zlari bilan malikani bir soniya ham nazoratdan qochirmaslikka urinib tikilib turardi.
Biroq, maydonda Yunaga faqatgina Yeji qarab turmagan edi. Onasining gapi bilan bayramga kelgan va chetroqda insonlarni kuzatib turgan Jungkook ayni shu soniyalarda beixtiyor Yunaga termulib qoldi. Yigitning nigohlari qizga mixlanib qolgandi. Yunaning nozik, go‘yo havoda muallaq turgandek harakatlari, tungi chiroqlar nurida yanada yorqinroq ko‘rinayotgan oppoq yuzi va ma’sum qiyofasi har bir insonni o‘ziga jalb qila oladigan darajada go‘zal edi.
Shu lahzada Jungkook uchun go‘yo butun atrof-muhit o‘z rangini yo‘qotdi. Bayramning shovqin-suroni, odamlarning kulgusi, musiqaning baland ovozi — hammasi g‘oyib bo‘lgandek edi. Vaqt butunlay to‘xtab qoldi. Uning olamida faqatgina o‘sha qizlar orasida ma’sumlik bilan raqs tushayotgan Yuna va o‘zidan bo‘lak hech kim qolmagandi.
To‘satdan Jungkook ko‘kragida kuchli bir turtki his qildi. Uning yurak urishi shu qadar tezlashib va kuchayib ketdiki, u xuddi qulog‘ining tagida gursillab urayotgandek eshitilardi. Umrida bunday tuyg‘uni his qilmagan, doim og‘ir-bosiqlik bilan mehnat qilgan yigit o‘ziga nima bo‘layotganini, yuragi nega bunday telbalarcha urayotganini hatto o‘zi ham anglay olmay, shunchaki ko‘zlarini qizdan uza olmay qolgandi.

Shunaqa raqsga tushyabdideee😁

Yuna musiqaning jozibali ohangiga berilib, quvnoq aylanib o‘ynayotgan bir paytda, kutilmaganda nigohi olomonning chetroq qismiga tushdi. U o‘sha tomonda davlatning quvratli vazirlarining o‘g‘illari bo‘lgan Yoongi va Jhope bilan birga jiddiy qiyofada yurgan akasi Namjoonni ko‘rib qoldi. Buni ko‘rishi bilan qizning yuragi qinidan chiqib ketayozdi, vahimadan ko‘zlari kattalashib ketdi.
U akasi o‘zini payqab qolmasidan burun, tezda orqasiga o‘girildi va xavotirdan rangi oqargan Yejiga ko‘zlari bilan ortiga ishora qildi. So‘ngra hech kimga bildirmasdan, qo‘li bilan "ikki" belgisini ko‘rsatdi. Bu ularning avvaldan kelishilgan maxfiy kelishuvi, ya’ni "2-rejaga ko‘ra darhol saroyga qaytamiz" degan ma’noni anglatardi.
Yeji bu ishorani ko‘rib, qo‘rquvdan labini tishlagancha ko‘zlarini yumib oldi. U sekingina o‘sha tomonga qaradi va haqiqatan ham shahzoda Namjoon shu atrofda yurganiga amin bo‘ldi. Agar hozir qo‘lga tushishsa, buning oqibati nima bilan tugashini tasavvur qilish ham qo‘rqinchli edi.
Yuna esa vaziyat jiddiyligiga qaramay, o‘zidagi hayajon va qo‘rquvni bildirmaslik uchun yuziga soxta bo‘lsa-da, chiroyli jilmoyish yugurtirdi. U qizlar orasidan ohista ajralib chiqdi-da, akasi Namjoon turgan tomonga butunlay qarama-qarshi bo‘lgan qorong‘uroq yo‘lak sari shoshib yugurib ketdi.

Yuna olomonni yorib o‘tib, chiroqlar nuri kamroq tushgan, odamlardan xoli bo‘lgan sokin bir tor ko‘chaga yugurib kirdi. Nafasini rostlash uchun to‘xtab, xavotir bilan orqasiga qaradi.
Ammo, afsuski, ortida Yejidan darak ham yo‘q edi. Na uning qadami, na qorong‘ulikda soyasi ko‘rinardi. Olomon shunchalik gavjum ediki, ular yugurishganida bir-birlarini yo‘qotib qo‘yishgandi. Yuna yuragi vahimali urgancha: "Ilohim, u akamning qo‘liga tushmagan bo‘lsin... Meni deb baloga qolmasin" deb ich-ichidan Tangriga iltijo qila boshladi.
Ayni shu lahzada, sukunat qa’ridan to‘satdan uning naq qulog‘i tagida begona insonning issiq va ohista nafasi eshitildi.
Bu kutilmagan yaqinlikdan Yunaning ota-boshi yorilib ketayozdi, vujudini qo‘rquv qopladi. U akasining qo‘riqchilari meni topib oldi degan o‘yda, dahshat ichida shartta ortiga o‘girildi.
Biroq, qarshisida turgan inson qirollik askari emas, boyagi maydonda o‘zidan ko‘z uzmay turgan o‘sha olovli ko‘zlar egasi — Jungkook edi. Yigit qizning ortidan kelgan va u to‘xtagan joyda unga yaqinlashgandi. Ularning nigohlari qorong‘u tor ko‘chada, juda yaqin masofada to‘qnash keldi.

Yuna kutilmagan bu yaqinlikdan butun vujudi titrab, qo‘rquv ichida bir qadam ortga chekindi. Uning ko‘zlarida hamon hadik bor edi.
Jungkook qizni qo‘rqitib yuborganini payqab, darhol u ham bir qadam ortga tahladi va qo‘llarini ko‘tarib, ohista gapirdi:

— Qo‘rqmang... Sizni qo‘rqitmoqchi emasdim. Shunchaki... maydondan beri ortingizdan kelayotgandim, xolos.

Yuna qarshisidagi yigitning askar emasligini, uning ovozidagi samimiylik va ko‘zlaridagi beguborlikni his qilgach, nihoyat yengil tin oldi. Vujudidagi qo‘rquv o‘rnini ohista xotirjamlik egalladi va qizning yuziga yana o‘sha sho‘xchan tabassum yugurdi. U Jungkookga qarab, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha jilmaydi:

— Uf, xayriyat-ey... O'takam yorilib ketayozdi. Yaxshiyamki, men o‘ylagandek inson bo‘lib chiqmadingiz.

Jungkook ham qizning bu samimiy va bolalarcha beguborligini ko‘rib, beixtiyor chiroyli qilib jilmaydi. Uning yuzidagi bu samimiy kulgi qorong‘u ko‘chani ham yoritib yuborishi mumkindek edi. So‘ngra qizning xavotirli qiyofasini eslab, ohista so‘radi:

— Kimdandir qochyapsizmi? Bu yerda yolg‘iz... xavotirda edingiz.

Yuna bir muddat nima deyishni bilmay, dovdirab qoldi. To‘g‘risini aytsa, yigit ishonarmidi? Oxiri baribir haqiqatga yaqinroq javob berishga qaror qildi:

— Ha... shunaqaroq desa ham bo‘ladi. To‘g‘rirog‘i, akamdan qochayotgandim.

Jungkook qizning bu javobini eshitib, yana jilmaydi. U qizni akasidan yashirincha bayramga qochib chiqqan oddiy bir sho‘x qiz deb o‘ylagan edi.
Ayni shu daqiqalarda Yuna Jungkookning qorong‘ulikda ham yaqqol ajralib turgan nihoyatda chiroyli, begubor tabassumiga tikilib qoldi. U saroyda bunday soxtalikdan xoli, chinakam va sehrli kulguni hech qachon ko‘rmagan edi. Yuragi kutilmaganda yana gursillab ura boshladi. Yuna o‘z vujudida shu paytgacha umrida his qilib ko‘rmagan butunlay o‘zgacha, sehrli va yoqimli tuyg‘ularni his qila boshladi...

Yuna yigitning samimiy qarashlaridan biroz jasorat olib, ohista undan ismini so‘radi.
Yigit unga tikilib turgancha, muloyim ohangda:

— Men Jeon Jungkookman. Shu yaqin atrofdagi ustaxonada ishlaydigan yosh ustaman, — deb o‘zini tanishtirdi.

Yuna uning oddiy usta ekanligini eshitib, uning sodda va mehnatkash tabiati ortidagi sehrga yanada ko‘proq mahliyo bo‘lib turgandi. Shu payt Jungkook ham unga qarab:

— Agar sir bo‘lmasa, sizning ismingizni ham bilsam bo‘ladimi? — deb so‘radi.

Bu savol Yunani birdaniga dovdiratib qo‘ydi. U xayolan qattiq o‘ylana boshladi: haqiqiy ismini aytishi kerakmi yoki yo‘q? Agar ismini aytsa va u malika ekanligini bilib qolsa, yigit qo‘rqib ketishi yoki u bilan bunday erkin gaplasha olmay qolishi mumkin edi.
U uzoq o‘ylanib, sukut saqlab qolganida, Jungkook vaziyatni yumshatish uchun yana o‘sha sehrli tabassumi bilan jilmaydi:

— Ismingizni unutib qo‘ydingizmi yoki menga aytishni istamayapsizmi? — deb hazillashdi.

Yuna shoshib qolib, tezda boshini chayqadi-da, o‘zini chalg‘itish uchun shoshib javob berdi:

— Yo‘q, yo‘q... Ismim Yuna. Oddiygina Yuna

dedi u saltanat unvonlarini yashirgancha.
Jungkook yana ilojiz jilmayib:

— Ismingiz o‘zingiz kabi juda chiroyli ekan, — dedi. So‘ngra qizga qiziqish bilan qarab: — Xo‘sh, endi ayting-chi, qaysi oiladansiz? Kimning qizisiz? — deya so‘ragan ham ediki, to‘satdan tor ko‘cha bo‘ylab oyoq tovushlari eshitildi.

Shu lahzada uzoqdan Yeji hovliqqancha, nafasini yutib yugurib keldi va Yunaning yonida to‘xtadi. Uning rangi quv o‘chgan, yuragi qon tomirlarida gursillab urayotgandi.

Yeji hovliqqancha kelib, saroy odobiga koʻra malikasiga taʼzim qilmoqchi boʻlib endigina egilayotgan edi hamki, Yuna shoshilgancha uni mahkam quchoqlab oldi.
Yejining qoʻrquv va hayratdan koʻzlari kattalashib ketdi. Axir oddiy bir xizmatkorga malika bunday munosabatda boʻlishi, ayniqsa begona yigitning koʻz oʻngida uni quchoqlashi mumkin emas edi. Yuna esa fursatni boy bermay, uning qulogʻiga sekingina pichirladi:

— Hoziroq jim boʻl! Hech qanday iltifot va taʼzimga hojat yoʻq, oʻzingni bos!

Yuna uni qoʻyib yuborgach, Yeji nima boʻlayotganini tushunmay, hayron boʻlib qarab turardi. U qarshisidagi chiroyli va kelishgan yigitning kimligini ham bilmas, malikasi nima sababdan oʻz aslini yashirayotganini darhol anglagandi.
Yuna vaziyatni yumshatish uchun Yejiga qarab:

— Xoʻsh, dugonajon, endi nima qilamiz? — dedi, "dugona" soʻziga alohida urgʻu berib.

Yeji malikasining oʻtkir va maʼnoli nigohlaridan hammasini tushundi. Bu yerda ortiqcha qolish xavfli edi, shahzoda Namjoon har daqiqada ularni topib olishi mumkin edi.

— Uyga qaytishimiz kerak, kech boʻldi. Bizni kutishmoqda, — dedi Yeji vaziyatga moslashib.

Yuna Jungkookka burildi. Uning yuzida yana oʻsha sehrli va mayin tabassum yugurdi. Yigitga tikilib turarkan, ohista pichirladi:

— Yana koʻrishguncha, Jeon Jungkook...

Shunday deya, Yuna Yejining qoʻlidan mahkam tutib, uni ortidan tortgancha saroyga olib boradigan oʻsha sokin va yashirin yoʻl tomon tezda yugurib ketishdi. Ularning qadam tovushlari qorongʻulikda tezda gʻoyib boʻldi.
Jungkook esa orqasiga ham qaramay quvnoqlik bilan qochib ketayotgan sirli qizning — Yunaning ortidan jilmaygancha tikilib qoldi. Uning qalbidagi oʻsha notanish va goʻzal tuygʻu bu qisqa uchrashuvdan soʻng yanada kuchliroq alanga olgandi. Yigit uning shunchaki oddiy bir oila qizi emasligini ich-ichidan his qilsa-da, bu sirli uchrashuv uning hayotini butunlay oʻzgartirib yuborishini hali bilmasdi...

Yuna

By: Park Yoona