Two hearts — One Silence 💞 Ep⁵
Yuvinish xonasining eshigi ochilib, ichkaridan issiq bugʻ bilan birga sochlari hoʻl, egniga faqat shoyi xalatini tashlab olgan Seokjin chiqib keldi. U oʻzini gʻolibdek his qilib, xonaga xotirjam qadam qoʻydi-yu, lekin qarshisidagi manzarani koʻrib, bir soniya ichida butun tanasi muzlab, koʻzlari qinidan chiqqudek boʻldi.
Yn uning daxshatli darajada keng va qulay yotogʻida, eng yomoni — aksiga olib, uning oʻzining sevimli qora keng futbolkasi va shortigini kiyib olgancha, goʻyo kurortda dam olayotgandek mazza qilib telefon titib oʻtirardi. Qiz u kelganda hatto boshini koʻtarib ham qoʻymadi.
Seokjinning jahli shunchalik chiqdiki, boʻyin tomirlari boʻrtib, yuzlari qizarib ketdi. U shoshilgancha yotoq yoniga bostirib keldi va gʻazabdan ovozi qaltirab soʻradi:
— Sen?! Sen bu yerda nima qilyapsan?! Men senga pastda, divanda uxlashni aytgandim-ku! Qanday qilib mening xonamga, mening toʻshagimga kirishga hadding sigʻdi?!
Yn telefonidan koʻzini uzmay, barmogʻi bilan ekranni ohista aylantirarkan, oʻta xotirjam ovozda javob berdi:
— Men senga pastda aytdim-ku, janob Kim. Men u uydirma, modadan qolgan divaningda uxlay olmayman. Belim ogʻriydi. Bu yotoq esa chindan ham juda qulay va yumshoq ekan, menga yoqdi, — dedi u xuddi mehmonxona sharoitini baholayotgandek beparvolik bilan.
— Senga yoqdimi?! — Seokjin daxshatdan baqirib yuborishiga sal qoldi. — Bu mening shaxsiy yotoqxonam! Mening toʻshagim! Hoziroq bu yerdan yoʻqol!
Yn nihoyat telefonini yoniga qoʻydi-da, yostiqqa yaxshilab suyanib, Jinga qarab istehzo bilan jilmaydi:
— Agar senga biror narsa yoqmayotgan boʻlsa, marhamat, oʻzing pastga tushib, oʻsha divanda yotishing mumkin. Men baribir bu yerdan hech qayerga ketmayman. Charchaganman.
Seokjin qizning bunchalar surbet va oʻjar boʻlib ketganidan nima deyishni bilmay qoldi. U gʻazab bilan qoʻllarini beliga qoʻyib, uning ustidagi kiyimlariga ishora qildi:
— Senda umuman uyat, andisha degan narsa bormi oʻzi? Qiz bola boʻlib turib, bir erkak kishining yotoqxonasiga beruxsat bostirib kirishdan, yetmagandek uning shaxsiy kiyimlarini soʻramasdan kiyib olishdan uyalmaysanmi?!
Yn uning bu gʻazabli gaplariga javoban ohista kerishib qoʻydi. Uning yuzidagi ifoda shunchalar beparvo ediki, bu holat Jinning asab torlarini bittalab uzayotgandek edi. Qiz uning koʻzlariga tik qarab, labida zaharxanda tabassum qildi:
— Uyalish? Nega uyalishim kerak ekan? Bugun oʻsha yuzlab mehmonlar qarshisida, qonuniy ravishda nikoh shartnomasiga qoʻl qoʻydik-ku, shunday emasmi, erjon? — dedi u "erjon" soʻziga ataylab urgʻu berib, piching bilan. — Modomiki sen hozir qonunan mening erim ekansan, demak, bu uydagi hamma narsa, sening kiyimlaring ham, mana shu yotoq ham meniki hisoblanadi. Shunday ekan, asabiylashishni bas qil-da, joyingni top.
Seokjin Ynning bu dahoona, aqlli va burchakka siquvchi javobidan soʻng tamoman tilini yutib yubordi. U oʻzining kiyimidagi qizga nafrat, rashk va hayrat aralash nigoh bilan tikilib qoldi. Oʻyin u oʻylagandan koʻra ancha jiddiy va daxshatli tus olayotgan edi.
Seokjin ham osonlikcha taslim boʻladigan, magʻlubiyatni tan oladigan yigitlar sirasidan emasdi. Axir u ham oʻzini dunyodagi hamma narsadan, hamma insondan koʻproq yaxshi koʻradigan, oʻta magʻrur Kim Seokjin edi! Agar u hozir bu xonadan chiqib ketsa, oʻzining shaxsiy hududini, qolaversa, oʻz erkaklik gʻururini bu qizga butunlay boy berishini juda yaxshi anglab turardi.
U labini tishlagancha, koʻzlarini qisib Ynga qaradi. Ustidagi shoyi xalatining kamari va yoqalarini toʻgʻrilab, yuziga gʻolibona va oʻta oʻziga bino qoʻygan soxta jilmayishini qaytardi.
— Yaxshi, Yn xonim... Oʻzingdan koʻr, — dedi u tishlari orasidan pichirlab.
Seokjin shartta yotoqqa chiqdi-da, Ynning yotgan holatiga ham qarab oʻtirmay, uning uzun oyoqlarini daxshatli asabiylik bilan nariroqqa surib, oʻzini oʻrinning teng yarmini egallagan holda yotoqqa tashladi. U koʻrpani oʻziga tomon keskin tortdi:
— Bu mening toʻshagim! Men oʻz joyimni hech qanaqa Jeon Ynga berib qoʻymayman! — dedi u magʻrur ohangda.
Yn uning bu kutilmagan va oʻta bolalarcha qaysarligidan shokda qoldi. U koʻrpani oʻz tomoniga qayta yulqib tortdi:
— Suril nariroqqa! Menga tegma! Butun joyni egallab olding-ku, vaxshiy! — deb baqirib yubordi u.
— Nima?! Men-a? Bu mening yotogʻim, tushunarlimi? Xohlasam, seni butunlay pastga itarib yuboraman! — Seokjin baquvvat yelkalari bilan Ynni toʻshak chetiga qarab itara boshladi.
Shu daqiqadan boshlab, boyagi sovuqqon, magʻrur, bir-biriga yuqoridan qaraydigan Harrison korporatsiyasi rahbari va Kim imperiyasining vorisi birdan gʻoyib boʻldi. Ular xuddi bogʻcha yoshidagi mitti bolalardek, yostiq va koʻrpa talashib, bir-birlarini tirsaklari va oyoqlari bilan itarishga kirishib ketishdi.
— Qoʻlingni tort! — Yn uni yelkasidan qattiq itardi.
— Oʻzing tort! Mening kiyimimni kiyib olganing yetmagandek, yana janjal qilyapsan-a? — Seokjin ham boʻsh kelmay, koʻrpani oʻziga oʻradi.
— Uff, asabimga tegyapsan, Kim Seokjin! Nariroqqa borib yot, joy toʻla-ku!
— Sen oʻzing kelding bu xonaga, endi chidab yotasan!
Ular bir-birlarini ayovsiz itarishar, yuzlaridagi oʻsha kibrli niqoblar mutloq uchib ketgan, faqatgina oʻz soʻzini oʻtkazishga harakat qilayotgan ikki qaysar oʻsmirga oʻxshab qolishgandi. Bu daxshatli va ayni paytda kulgili urush toʻshakning qoʻynida soatlab davom etadigandek edi...
Ertasi kuni ertalab xonaning nafis pardalari orasidan oltinrang quyosh nurlari asta moʻralab, yotoqni yorita boshladi. Tun boʻyi davom etgan oʻsha bolalarcha "koʻrpa talashish" urushi nihoyat tongga yaqin tinchigan, ikkalasi ham charchab, uxlab qolishgandi.
Birinchi boʻlib Seokjin koʻzlarini ochdi. U hali toʻliq uygʻonib ulgurmay, vujudida qandaydir ogʻirlikni his qildi. Pastga qaradi-yu, beixtiyor toʻxtab qoldi. Yn uxlash jarayonida butunlay uning tomoniga oʻtib olgan, oʻzining uzun oyoqlarini shartta Seokjinning ustiga tashlab, uni deyarli quchoqlab uxlayotgan edi.
— Surbet... Uxlashini qara buni, — deb gʻoʻldiradi Seokjin asabiy ohangda.
U qizning oyoqlarini ustidan ehtiyotkorlik bilan olib tashlash va uni oʻzidan nariroqqa surish uchun qoʻlini uzatdi. Ammo aynan shu daqiqada uning nigohi Ynning yuziga tushdi-yu, barmoqlari havoda muallaq qotib qoldi.
Yn hozir daxshatli darajada begunoh va begubor holda uxlayotgan edi. Kunduzi kiyib oladigan oʻsha sovuq, kibrli, magʻrur "Jeon xonim" niqobi hozir butunlay yoʻqolgan, lablarida mutloq xotirjamlik aks etgandi. U xuddi yetti yil oldingi oʻsha daryo boʻyida, bogʻlarda Seokjinning yelkasiga bosh qoʻyib uxlashni yaxshi koʻradigan sodda va shirin qizaloqning oʻzginasi edi.
Seokjin uning yuziga, mayin sochlariga tikilgancha oʻtmish xotiralari qaʼriga shoʻngʻib ketdi. Ichidagi barcha gʻazab va alam bir lahzaga chekindi. Uning lablarida beixtiyor juda mayin va samimiy, chinakam bir jilmayish paydo boʻldi.
U qoʻlini ohista pastga tushirib, pichirladi:
— Haliyam oʻsha-oʻshasan... Tashqi tomondan oʻzingni qanchalik toshdek koʻrsatishga urinma, baribir oʻsha yetti yil avvalgi Ynsan. Mening Ynim...
Seokjin qizning uyqusini buzishni istamay, uning oyoqlarini judayam ohistalik bilan ustidan oldi va oʻzi ham yotoqdan jimgina turdi. Biroq uning yuragida uygʻongan oʻsha eski sogʻinch tuygʻusi bugungi boshlanadigan yangi kun sahnalarini yanada chigallashtirishi aniq edi.
Seokjin pastga tushib, oshxonaga kirdi. Kechagi bolalarcha urush va tonggi kutilmagan vaziyatdan keyin uning kayfiyati gʻalati edi. U oʻzining sevimli nonushtasini — mukammal darajada qovurilgan tuxum, sersuv pishloq va qarsildoq tost nonlarini tayyorladi. Oʻziga xushboʻy qora qahva quyib, stol atrofida xuddi qirollardek magʻrur oʻtirdi. Endi sanchqini qoʻliga olgan ham ediki, zinadan poshnalarning emas, shippakning shashtli ovozi eshitildi.
Yn egnida hamon oʻsha Jinning keng futbolkasi bilan pastga tushib keldi. Sochlarini tepaga pala-partish yigʻib olgan boʻlsa-da, yuzidagi oʻsha "men dunyo qiroliman" degan kibrli ifoda qaytib kelgandi. U Seokjinga salom ham bermay, toʻgʻri kelib uning roʻparasidagi stulga oʻtirdi.
Keyin esa mutloq beparvolik bilan Seokjinning shundoq burni tagida turgan likopchani oʻziga tortdi-da, sanchqi bilan tuxumni boʻlaklab, ogʻziga soldi. Ustidan Jinning qahvasidan bir hoʻplam yutib, mamnun qiyofada ortiga suyandi.
Seokjin qoʻlidagi sanchqi bilan havoda qotib qolgandi. Uning koʻzlari daxshatli darajada katta-katta ochildi:
— Sen... hozir nima qilding? — dedi u ovozi qaltirab.
— Koʻrmayapsanmi? Nonushta qilyapman. Chindan ham och qolibman, — dedi Yn yana bitta tost nonni qoʻliga olib, sariyogʻ surtarkan. — Aytgancha, tuxumning tuzi biroz kam, qahva esa ajoyib. Ertaga sal achchiqroq qilarsan.
Seokjin gʻazabdan stulidan sakrab turib ketishiga sal qoldi. U qoʻlidagi sanchqini stolga "taq" etib urdi:
— Hoy! Surbetlikning ham chegarasi boʻladi! Bu mening nonushtam! Men buni oʻzim uchun, oʻz qoʻllarim bilan tayyorladim! Senda umuman odob, madaniyat degan narsa bormi? Oʻzingga ovqat qilishga qoʻling sinadimi?!
Yn tostni chaynashni toʻxtatib, Jinga pastdan yuqoriga qarab juda sovuq va istehzoli jilmaydi:
— Qoʻlim sinmaydi, janob Kim. Lekin nega men oʻzimga ovqat qilishim kerak? Kechasi aytgan gapim esingdan chiqdimi? Sen mening qonuniy erimsan. Demak, xotiningni boqish sening majburiyating. Tayyorlagan ovqatingni yeyapmanmi, demak, duo qilishing kerak.
— Nima?! Duo qilay?! — Seokjin asabiylikdan sochini gʻijimladi. — Men senga bu uyda oshpaz emasman! Men — Kim Seokjinman! Dunyodagi eng kelishgan va eng boy erkaklardan biriman! Hech kim mening ovqatimni soʻramasdan yeyishga haddi sigʻmagan! Ertadan boshlab oʻzingga oʻzing pishirasan, tushunarlimi?!
Yn sanchqini stolga ohista qoʻydi-da, uning koʻzlariga tik qarab, ohangini yanada zaharli qildi:
— Dunyodagi eng kelishgan erkak emish... Oʻzingizga bino qoʻyishingiz ham xuddi oʻsha modadan qolgan divaningizga oʻxshaydi, janob Kim. Agar bu ovqatni yeyishimni xohlamasang, shartta tortib olmaysanmi? Nega baqiryapsan? Yoki tortib olishga botinolmayapsanmi?
Seokjin qizning bu ochiqchasiga qilayotgan provokatsiyasidan tamoman aqldan ozay dedi. U likopchani oʻziga tortmoqchi boʻlib qoʻl uzatdi, ammo Yn likopchani mahkam ushlab, qoʻyib yubormadi. Ikkalasi stol ustida xuddi yosh bolalardek bitta likopchani ikki tomonga torta boshlashdi.
— Qoʻyib yubor, bu mening tuxumim! — baqirdi Jin.
— Yoʻq, endi bu meniki! Erkak boʻlib bitta xotiningdan ovqat qizgʻanyapsanmi?! — javob qaytardi Yn koʻzlarini qisib.
Ularning bu nonushta ustidagi daxshatli, janjalli va ayni paytda dahoona tortishuvi yangi kunning shunchaki "ajoyib" ibtidosi edi. Ular bir-birini gʻajib yuborishga tayyor edilar, ammo hech biri taslim boʻlishni istamasdi.
Ikkalasining likopchani ikki tomonga ayamay tortishi yaxshilik bilan tugamadi. "Qars" etgan daxshatli ovoz bilan birga chinni idish stol chetiga urilib, polga otilib ketdi. Tuxum, sariyogʻ surtilgan tostlar va chiroyli idishning parchalari polga sochilib, dabdala boʻldi.
Oshxonaga bir lahzalik ogʻir sukunat choʻkdi. Keyin esa ikkalasi ham bir vaqtda bir-biriga qarab baqirib yuborishdi.
— Mana! Koʻrib qoʻy, nima qilib qoʻyganingni! — Yn darhol aybni Jinga agʻdarib, qoʻllarini koʻksiga chalkashtirdi va goʻyoki bu yerda mutloq aybsizdek oʻzini chetga oldi. — Erkak kishi ham shunchalik qizgʻanchiq boʻladimi? Likopchani shunaqa qattiq tortish shartmidi? Hammasiga sening oʻsha badnafsliging sababchi!
— Nima?! Mening badnafsligim?! — Seokjinning koʻzlari kosasidan chiqqudek boʻldi, u poldagi dabdala boʻlgan nonushtasiga qarab ichi achidi, keyin gʻazab bilan Ynga tikildi. — Hoy, Jeon Yn! Sen oʻzingni daho hisoblashni bas qil! Agar sen birovning burni tagidagi tayyor ovqatga oʻgʻrilarcha sherik boʻlmaganingda, bu idish hozir butun turgan boʻlardi! Hamma ayb senda, faqat senda! Uyingda senga ovqat berishmaganmi?!
— Menga-ya?! — Yn qoshlarini baland koʻtarib, asabiy kulib qoʻydi. — Men shunchaki erimning qoʻlidan taom yemoqchi boʻldim, xolos. Lekin sen bu kichkinagina iltifotni ham daxshatli janjalga aylantirib yubording. Sening gapingni eshitgandan koʻra, och qolganim afzal edi!
— Iltifot emish?! Buni surbetlik deydilar! Sening gapingni eshitish esa mening asab tizimimni ishdan chiqaryapti!
Seokjin ortiq bu vaziyatga chiday olmasligini bildi. Agar hozir shu yerda yana bir daqiqa qolsa, daxshatliroq portlash sodir boʻlishi aniq edi.
U qoʻllarini musht qilib tugdi-da, poldagi siniqlarga jahl bilan qarab qoʻyib, shartta ortiga oʻgirildi. Har bir qadamini qasddan daxshatli ogʻirlik bilan bosib, ikkinchi qavatga, oʻz xonasiga qarab chiqib ketdi. Eshikni esa uyni zirillatib yopib oldi.
Yn uning ortidan qarab, labining chetida gʻolibona va magʻrur bir jilmayish paydo qildi. Jinni oʻz uychasiga qamab qoʻyish unga oʻzgacha bir zavq bagʻishlagandi. U poldagi siniqlarga parvo ham qilmay, zalga oʻtdi. Kecha toʻydan soʻng xizmatchilar tomonidan olib kelib qoʻyilgan, oʻzining qimmatbaho charm chamadonining yoniga keldi.
Chamadonni ochib, ichidan oʻzining dahoona uslubiga mos, dabdabali va oʻta nafis kiyimlarini birma-bir koʻzdan kechira boshladi. U bugun oʻzining ishxonasiga, imperiyasining eng qaynoq nuqtasiga qaytishi kerak edi va u yerda har doimgidek mukammal koʻrinishi shart edi. Jin yuqorida jahlidan portlab oʻtirgan bir paytda, Yn oʻziga eng goʻzal libosni tanlash bilan band edi.
Yn birinchi qavatdagi boʻsh mehmoxonalardan biriga kirib, eshikni ichkaridan qulfladi. Chamadonidan olgan oʻta nafis va qatʼiy uslubdagi kiyimlarini kiydi, sochlarini mukammal darajada tartibga keltirib, oʻzining oʻsha sovuq, magʻrur "Jeon xonim" qiyofasini qayta tikladi. Xonadan chiqib kelganida, u xuddi hayotida hech qanday muammo boʻlmagandek mukammal koʻrinardi.
Ayni oʻsha daqiqalarda ikkinchi qavatdan Kim Seokjin ham tushib keldi. U egniga oʻta kelishgan, mukammal bichimdagi qora kostyum-shmini kiygan, sochlarini esa jahl bilan ortga taragan edi.
Oshxona yoʻlagida ularning nigohlari yana toʻqnashdi. Bu safar qarashlar shunchaki sovuq emas, daxshatli darajada zaharli va oʻtkir edi. Xuddi ikki dushman general jang maydonida uchrashgandek, bir-birlarini koʻzlari bilan otib tashlashga tayyor edilar.
Seokjin qoʻlidagi mashina kalitini barmogʻida aylantirarkan, Ynga pastdan yuqoriga qarab istehzo bilan gapirdi:
— Xoʻsh, Yn xonim? Toʻyning birinchi kunidanoq dabdabali kiyinib olibsan? Qayerga yoʻl olding, agar sir boʻlmasa?
Yn sumkachasining zanjirini toʻgʻrilab, Seokjinga qarab sovuq jilmaydi:
— Men sizga aytgandim-ku, janob Kim... Men sizga oʻxshab bekorchi emasman. Mening oʻz ishim, oʻz imperiyam bor va mening ishim har doim, har qanday narsadan koʻra muhimroq. Hozir ham meni katta ishlar kutmoqda, — dedi u oʻz mavqeini eslatib. Keyin esa koʻzlarini qisib, Jinning oʻziga tikildi: — Xoʻsh, oʻzingiz-chi? Siz qayoqqa yoʻl oldingiz? Kompaniyangizga inqiroz xavf solmayaptimi ishqilib?
Seokjin uning bu pichingidan soʻng mashina kalitini shartta kaftiga qisdi. U labining chetida soxta va alamli jilmayish paydo qilib, javob berdi:
— Mening kompaniyamga hech narsa xavf solayotgani yoʻq. Men shunchaki... ertalabdan paydo boʻlgan daxshatli bosh ogʻrigʻini yoʻq qilish uchun biroz toza havoda aylanib kelmoqchiman. Chunki baʼzi odamlarning ovozi va borligi mening asablarimni dabdala qildi, — dedi u Ynning ertalabki qilmishlariga shama qilib.
— Toza havo sizga yordam beradi degan umiddaman, janob Kim. Chunki aqlni joyiga keltirish uchun bu juda muhim, — dedi Yn oxirgi zarbani berib.
Ikkalasi ham bir-biriga boshqa hech qanday soʻz aytmadi. Seokjin jahl bilan kottejning bosh eshigidan chiqib, oʻzining qimmatbaho mashinasi tomon yurdi. Yn esa oʻzining magʻrur qadamlari bilan darvoza tomon yoʻl oldi, u yerda uni shaxsiy haydovchisi kutib turardi.
Shunday qilib, toʻyning ilk tongida bu gʻalati er-xotin ich-ichidan bir-biriga zahar sochgancha, ikki xil tomonga yoʻl olishdi. Ammo bu ayriliq uzoqqa choʻzilmasligi, hayot ularni tez orada yanada qaynoq sahnalarda toʻqnashtirishi aniq edi...
Seulning eng nufuzli, faqat maxsus aʼzolar uchun moʻljallangan tungi klubi odatda bu vaqtda boʻm-boʻsh va sokin boʻlardi. Biroq bugun klubning VIP xonasida daxshatli darajada ogʻir muhit hukmron edi.
Seokjin jahl va asabiylikdan portlab ketgudek holda bar peshtaxtasiga suyanib oʻtirar, ertalabdan oʻzining eng yaqin doʻstlarini bu yerga yigʻgandi. Uning barcha doʻstlari — oliy tabaqa vakillari va biznesmen yigitlar — zalga kirib kelishar ekan, yuzlarida cheksiz hayrat va hayronlik aks etgan edi. Axir kechagina butun mamlakat koʻz oʻngida dabdabali toʻyi boʻlgan, uylanganining birinchi kunini oʻtkazayotgan kuyov bolaning ertalabdan klubda oʻtirishi aqlga sigʻmasdi!
— Jin? Sen bu yerda nima qilyapsan? — doʻstlaridan biri uning yoniga kelib oʻtirarkan, koʻzlarini katta-katta ochdi. — Jin urib ketgan kuyovga oʻxshaysan. Kechagina uylanding-ku! Hozir rafiqang bilan asal oyida, goʻzal bir villada boʻlishing kerak emasmidi? Nima boʻldi?
Seokjin qadahidagi muzdek ichimlikni bir simirishda yutdi-da, stakanni stolga qarsillatib qoʻydi. Uning boʻyin tomirlari hamon gʻazabdan boʻrtib turardi.
— Soʻrama... Umuman soʻrama, — dedi u tishlari orasidan. — Men uylanganim yoʻq. Men oʻz uyimga bir vaxshiyni, daxshatli bir dushman qoʻshinini olib kelibman!
Doʻstlari bir-biriga qarab jilmayishdi. Ularning hammasi oʻtmishni juda yaxshi eslashardi.
— Toʻxtat, gap Jeon Yn haqida ketyaptimi? — dedi ikkinchi doʻsti ajablanib. — Axir biz bilgan Yn yetti yil avval sening gapingni ikki qilmasdi-ku? Koʻzingga tik qarashga botinolmasdi, seni jonidan ortiq sevardi. Nima, uylanganingdan keyin birdan oʻzgarib qoldimi?
— Oʻzgarib qoldimi emish? — Seokjin alamli asabiy kulib yubordi. — U butunlay boshqa odamga aylangan! Oʻsha sodda, gapimdan chiqmaydigan qiz oʻlgan! Bugun ertalab nima qildi deysizlar? Men oʻzim uchun tayyorlagan nonushtamni shartta burnim tagidan tortib olib, oʻzi yeb qoʻydi! Yetmagandek, mening sevimli kiyimlarimni beruxsat kiyib, mening yotogʻimni egallab oldi! Tortishib, idishlarni sindirib, uydan haydab yuborishiga sal qoldi! Unda zarracha ham andisha, uyat, qiz bolalik nafasi qolmabdi! Judayam takabbur va magʻrur boʻlib ketgan!
Doʻstlari Seokjinning bu daxshatli asabiylashib, qoʻllarini silkitib janjalni tasvirlayotganini jimgina eshitib turishdi. Xonaga bir necha soniyalik sukunat choʻkdi va... birdan butun VIP xonani yigitlarning miriqib, ovozlari baralla chiqqan kulgisi tutib ketdi!
— Ha-ha-ha! Jin, ishonmayman! Sen-a? Kim Seokjin-a?! — doʻstlari stulga suyanib, qorinlarini ushlagancha kulishardi. — Demak, dunyodagi hech bir ayolga boʻyin egmagan, hamma qizlarni oʻz asiriga aylantirgan afsonaviy Seokjinni bitta xonim asabini dabdala qilib, uydan qochishga majbur qilibdi-da?
— Kulma! Bu kulgili emas! — Seokjin stolga urdi, ammo uning jahl qilishi doʻstlarining kulgisini battar kuchaytirdi.
— Yoʻq, Jin, tan ol... Bu dunyoda seni egovlay oladigan, sening oʻsha oʻta ketgan kibr va magʻrurligingni sindirib, tilingni yutqizib qoʻyadigan yagona inson aynan Jeon Yn ekan! U senga munosib raqib! — dedi doʻsti kulgidan koʻziga kelgan yoshni artib.
Seokjin doʻstlarining bu gapidan soʻng chuqur va ogʻir xorsinib qoʻydi. U ortiga, yumshoq divanga suyandi-da, koʻzlarini shiftga qaratdi. Ich-ichidan uning ham oʻsha tonggi manzara — Ynning uning kiyimlarida divanda oʻtirishi va uning ustiga oyoqlarini qoʻyib begubor uxlashi yodiga tushdi.
Biroq u tezda oʻzini qoʻlga oldi va yuziga yana oʻsha sovuq, magʻrur ifodani qaytardi:
— Aslo... Bunday boʻlishiga hech qachon yoʻl qoʻymayman. Men Kim Seokjinman. Uni qanday boʻysundirishni, oʻsha kibrini qanday sindirishni baribir oʻrgatib qoʻyaman. Hali u mendan koʻradi...
"Harrison" kompaniyasining bosh qarorgohi oldida qora "Rolls-Royce" toʻxtadi. Eshik ochilishi bilan poshnalarning marmar polga urilgani oʻtkir va qatʼiy tovush chiqardi. Jeon Yn lift tomon shiddat bilan odimlar ekan, uning har bir harakati hokimiyat va mutloq nazoratdan dalolat berardi.
U binoning 50-qavatiga — prezidentlik kabinetlari joylashgan qavatga koʻtarildi. Lift eshiklari ochilishi bilan butun bir departament xodimlari ishlarini toʻxtatib, hayrat bilan qotib qolishdi. Kechagina butun dunyo televideniyesi orqali Kim Seokjin bilan nikoh toʻyini namoyish etgan, dabdabali oq libosda boʻlgan prezidentlari bugun ertalabdan oʻzining eng qattiqqoʻl, "temir" uslubidagi kostyumida ishda edi.
Xodimlarning pichir-pichirlari koridor boʻylab yashin tezligida tarqaldi. Yn ularning nigohlarini his qilib, oʻzining shaxsiy kabinetiga qarab odimlar ekan, xodimlarning "Kechagina turmushga chiqgan boʻlsa, nega bugun ishda?", "Nahotki asal oyi bekor qilingan boʻlsa?" degan savollari havoda muallaq qolardi.
Yn kabineti eshigi oldiga yetganida toʻxtadi. U orqasiga — butun qavatni kuzatib turgan xodimlari tomon oʻgirildi. Uning oʻsha oʻtkir, yovuzlik va aql aralash nigohi butun qavatni "muzlatib" qoʻydi. Hamma oʻzini ishiga urishga harakat qilsa-da, havoda gʻiybatning hidi ufurib turardi.
Yn qoʻllarini qimmatbaho kostyumining choʻntagiga solib, baland va keskin ovozda gap boshladi:
— Janoblar va xonimlar! — uning ovozi daxshatli darajada vazmin edi.
— "Harrison" kompaniyasi prezidenti sifatida sizlarga bir narsani eslatib qoʻymoqchiman. Mening shaxsiy hayotim, turmush qurishim yoki bugun ertalab qayerda ekanligim kompaniya rivojlanishiga taʼsir qiladigan omillar emas. Sizlarning ish vazifangiz mening nikohimni muhokama qilish emas, balki bu kompaniyaning aksiyalarini tushib ketmasligini taʼminlashdir.
U bir qadam oldinga tashlab, eng yaqinidagi menejerning koʻzlariga tik qaradi:
— Bu yerda ish har doim, har qanday shaxsiy masaladan birinchi oʻrinda turadi. Men bu yerdaman, demak, hech narsa oʻzgargani yoʻq. Gʻiybatni va oʻrinsiz pichir-pichirlarni darhol chetga suring. Kimningdir vaqti gʻiybat qilishga ortib qolgan ekan, demak, u oʻz ishini yetarlicha ogʻir deb hisoblamaydi. Yana bir marta shunday holatni koʻrsam, shaxsiy ish yigʻma jildingizni qayta koʻrib chiqishga majbur boʻlaman. Tushunarlimi?
Ynning bu sovuq, buyruqnamo va daxshatli darajada qatʼiy gaplaridan soʻng, butun qavatga chuqur sukunat choʻkdi. Xodimlar nafas olishga ham qoʻrqib, darhol kompyuterlari qarshisiga oʻtishdi va daxshatli tezlik bilan ishga kirishishdi.
Yn sovuq jilmayib, eshigini qarsillatib yopdi va oʻzining ulkan ish stoli qarshisiga oʻtirdi. U "Harrison" kompaniyasining qirolichasi edi va bu taxtga erishish uchun u na Seokjinni, na boshqa birovni toʻsiq boʻlishiga yoʻl qoʻyardi.