Uyimdagi notanish yulduz🪽 Episode 2
Koreya, Seul. Ertalabki soat 07:00.
Sentyabrning salqin shamoli Seuldagi muhtasham mehmonxona oynalarini sekingina urib turardi. Har doim tartibli, barcha narsa daqiqalarigacha rejalashtirilgan BTS jamoasi uchun bu ertalab mutlaqo kutilmagan dahshat bilan boshlandi.
Mehmonxonaning 5-qavatidagi stulda tansoqchilar va menejerlar sarosimada u yoqdan-bu yoqqa yugurishardi. Xonalardan birida esa guruh a'zolari yigʻilishgan, ularning yuzida kechagi konsert charchogʻidan asar ham qolmagan, faqatgina chuqur xavotir va daxshat hukmron edi.
— Qanday qilib yoʻq boʻlib qolishi mumkin?! — Namjoon guruh sardori sifatida oʻzini bazoʻr tutib turardi. U qoʻlidagi rejani stolga tashlab, menejerga yuzlandi. — Barcha kameralarni tekshirdingizmi? U kecha restorandan chiqib ketganidan keyin xonasiga kirmaganmi?
Menejer peshonasidagi terni roʻmolcha bilan artarkan, ovozi titrab javob berdi:
— Namjoon... Kameralarda u 5-qavat koridoriga koʻtarilgani koʻringan. Lekin... u oʻzining 513-xonasiga kirmagan! Koridorning oʻrtasiga kelganda u 510-xona (zamonaviy eshiklar orasida gʻalati boʻlib turgan oʻsha yogʻoch eshik) tomonga yurgan va... va shunchaki gʻoyib boʻlgan. Kameralarda u eshikni ochib kirgani bor, lekin xonani ichi mutlaqo boʻsh!
— Nima deganingiz bu?! — Yoongi oʻrnidan otilib turdi. Uning odatda xotirjam koʻrinadigan koʻzlarida gʻazab va vahima aralashgandi. — Inson havoda erib ketmaydi-ku! Bu mehmonxona eng yuqori xavfsizlik tizimiga ega! Agar bu biror muxlisning yoki antisning ishi boʻlsa...
— Yoʻq, xonada hech qanday kurash izlari, begona oyoq izlari yoʻq, — dedi tansoqchilar boshligʻi boshini egib. — Eng gʻalati tarafi...
U gapini tugatmay, chetdagi stol ustiga ishora qildi.
Jimin sekingina stolga yaqinlashdi. U yerda kecha yigitlar birga oʻtirib taomlangan restorandagi stol ustida qolib ketgan buyumlar turardi. Ularning oʻrtasida esa... Jungkookning shaxsiy mobil telefoni va mehmonxona xonasining elektron kaliti yotardi!
— U telefoni va kalitini ham tashlab ketgan... — Jimin telefonni qoʻliga olarkan, uning ekraniga tikildi. Ekranda Jungkook va guruhning birgalikdagi surati turardi. Jiminning koʻzlariga yosh keldi. — Kecha u juda charchagandi. "Boshim aylanyapti" degandi... Xyong, u qayerda boʻlishi mumkin? Agar unga biror narsa boʻlgan boʻlsa-chi?
— Jinjilja (Rostdan ham)... — Taehyung xonada u yoqdan-bu yoqqa borib-kelardi. U sochlarini changallab oldi. — Kecha uning kayfiyati biroz gʻalati edi, lekin u hech qachon ogohlantirmasdan biror joyga ketmasdi! U hatto telefonisiz koʻchaga ham chiqmaydi-ku!
Jin oʻzini bazoʻr qoʻlga olib, Taehyungning yelkasiga qoʻlini qoʻydi:
— Tae, tinchlan. Vahima qilmaymiz. Namjoon, kompaniyaga xabar berdingizmi?
— Bang PD-nim (kompaniya rahbari) allaqachon xabardor, — dedi Namjoon telefonini qoʻlga olib. — Hozircha bu xabar matbuotga va fanga chiqmasligi kerak! Agar jurnalistlar Jungkookning yoʻqolganini bilishsa, butun dunyo ostun-ustun boʻlib ketadi. Politsiya ham maxfiy tarzda mehmonxonani va butun Seulni qidirishni boshladi.
— Lekin soat sayin vaqt oʻtyapti! — J-Hope chiday olmay baqirib yubordi. — Bugun tushdan keyin boshqa shaharga uchishimiz kerak edi! Muxlislarga nima deymiz? "Jungkook xonasiga kirib ketib, gʻoyib boʻldi" deymizmi?!
Xonaga ogʻir, nafasni boʻgʻadigan sukunat choʻkdi. Yoongi chetdagi stulga oʻtirib, oʻyga tolgancha pichirladi:
— Eshik... U kirgan oʻsha eshikda biror gap bor. Men u eshikni koʻrdim, u mehmonxonaning boshqa eshiklariga umuman oʻxshamaydi. Qandaydir eskilik hidi keladi undan...
— Sen nima, sehr-joduga ishonayapsanmi, Yoongi? — Jin unga hayron boʻlib qaradi.
— Boshqa mantiqli tushuncha bormi?! — Yoongi ovozini balandlatdi. — Barcha kameralar uni xonaga kirganini koʻrsatgan, lekin ichida yoʻq! U bino ichidan chiqib ketmagan! Demak u... u hozir biz bilan bir vaqtda, bir dunyoda emas!
Namjoon Jungkookning stolda qolgan telefonini koʻtarib, sekingina pichirladi:
— Qayerda boʻlsang ham... iltimos, sogʻ-salomat boʻl, Jungkook...
Bu paytda Seulda butun shtab va guruh a'zolari daxshatli vahima ichida qolgan, politsiya har bir burchakni tushirib qidirayotgan edi.
Ular oʻzlari qidirayotgan jahon yulduzi hozir Seuldan 7,000 kilometr uzoqlikda, Oʻzbekistondagi oddiy bir uychada, milliy koʻrpachaga burkanib, hayotidagi eng shirin va tinch uyquni uxlayotganini hatto tasavvur ham qila olmasdilar...
Oʻzbekiston, Toshkent. Ertalabki soat 07:30.
Xonaga deraza darchasidan quyoshning iliq nurlari sekingina tushib turardi. Musaffo tong havosi va hovlidagi gullarning xushboʻy hidi derazadan ichkariga urilardi.
Jungkook koʻzlarini ohista ochdi. U oʻzini gʻoyatda tetik, xuddi bir necha yildan beri bunday miriqib uxlamagandek yengil his qilayotgandi. Yelkalaridagi ogʻriq, boshidagi ogʻirlik mutlaqo yoʻqolgan edi. U shiftga tikilib, yuzida mayin tabassum bilan pichirladi:
— Ajoyib tush koʻrdim-ku... Seulda charchab, qandaydir sehrli eshikdan oʻtib, uzoq bir yurtga tushib qolganmushman... U yerda Imona degan begubor, samimiy bir qiz bor edi...
Jungkook tabassum qilgancha oʻrnidan turib oʻtirmoqchi boʻldi. Ammo... uning koʻzi ustidagi qulay paxtali oʻzbekcha futbolkaga va oʻzi yotgan qalin, rang-barang koʻrpachalarga tushdi. U birzumda qotib qoldi. Tabassumi yuzida muzlab qoldi.
U atrofiga shoshib qaradi: devordagi sharqona naqshli gilam, burchakdagi xontaxta, taxlab qoʻyilgan koʻrpachalar... Bu tush emasdi! U hamon oʻsha uzoq Oʻzbekistonda, oʻsha notanish qizning uyida edi!
Shu lahzada real borliq uning ustiga ogʻir yukdek bosib tushdi. Vahima va daxshat yana uning koʻzlarida paydo boʻldi.
"Koreya... Guruhdoshlarim... Muxlislarim... Ular hozir nima qilishyapti? Men yoʻqman! Namjoon xyong, Jimin, Taehyung... Ular mening yoʻqolganimni bilishsa, nima boʻladi?!" — bu fikrlar uning miyasida chaqmoqdek chaqdi. U Seulda qolgan telefoni va mehmonxona kalitini esladi. Hech kimga xabar bera olmaydi, hech kim bilan bogʻlana olmaydi! U butunlay uzilib qolgandi.
Jungkook tizzalarini bagʻriga bosib, qoʻllari bilan boshini changallagancha koʻrpacha ustida oʻtirib qoldi. Sahna yulduzi, dunyoni titratgan Jeon Jungkook hozir xonaning bir burchagida mutlaqo chorasiz, ojiz va tushkun ahvolda edi. Uning qop-qora koʻzlarida chuqur mahzunlik va tushkunlik aks etardi.
Bu paytda oshxonadan choynak va piyolalarning yoqimli jarangi eshitilardi. Imona har doimgidek barvaqt uygʻonib, buvijoniga issiqqina damlangan koʻk choy va yupqa qatlama tayyorlab bergan, buvisining duosini olgandi. Buvijon oʻz xonasida Qur'on tilovat qilishga oʻtirgach, Imona chuqur nafas oldi.
Uning xayoli faqat mehmon xonada yotgan "notanish yulduz"da edi.
"U uygʻondimikan? Nima ahvolda ekan-a?" — Imona qoʻllarini roʻmolchasiga artib, sekingina mehmon xona eshigi oldiga keldi. Eshikni sekingina taqillatdi, ammo ichkaridan hech qanday javob boʻlmadi.
Xavotirlangan Imona eshikni ohista ochib, ichkariga moʻraladi. Va xona burchagida, toʻshak ustida tizzalarini quchoqlab, boshini egib oʻtirgan Jungkookni koʻrdi. Yigitning har bir harakatida, elkasining salqib turishida cheksiz yolgʻizlik va mahzunlik ufurib turardi.
Imona bir muddat toʻxtab qoldi. Uning yuragi achishib ketdi. Sahnada doim nur sochadigan, kulib yuradigan insonning bunday singan holatini koʻrish juda ogʻir edi.
Imona oyogʻida sekingina qadam bosib, Jungkookning yoniga keldi. Yengilgina yerga, uning yoniga oʻtirdi. Jungkook uning kelganini sezgan boʻlsa-da, boshini koʻtarmadi.
Imona bir oz ikkilanib turdi-da, soʻngra muloyimlik bilan oʻzining kichik, issiq kaftini Jungkookning egilgan yelkasiga qoʻydi. Uning ovozi xuddi bahor shamolidek mayin va xotirjam chqdi:
— Jungkook-shi... — Imona birinchi marta unga nisbatan hurmat bilan "shi" qoʻshimchasini qoʻshib murojaat qildi. — Hali hammasi yaxshi boʻladi. Iltimos, tushkunlikka tushmang...
Jungkook uning elkasidagi issiq kaftini va muloyim ovozini eshitib, sekingina boshini koʻtardi. Uning koʻzlarida yosh qalqib turardi...
Jungkook Imonaning mehrga toʻla, xotirjam va samimiy nigohlariga tikildi. Uning koʻzlarida na shubha, na begonalik bor edi — faqatgina cheksiz hamdardlik va gʻamxoʻrlik porlardi. Shuncha vaqtdan beri ichiga yutib kelayotgan daxshat, chorasizlik va mas'uliyat yuki oxiri bu iliqlik qarshisida chidab tura olmadi.
Jungkookning koʻzlaridan toʻsatdan yosh qalqib chiqdi va yonoqlari boʻylab oqib tushdi. U oʻzini boshqara olmay, hoʻngrab yuborishdan tiyilib, titroq ovozda ichki kechinmalarini toʻkib sola boshladi:
— Men... men juda qoʻrqib ketyapman, Imona... — u yoshli koʻzlarini qoʻli bilan toʻsishga urindi. — Ertalab koʻzimni ochganimda, bularning barchasini shunchaki gʻalati bir tush deb oʻylagandim. Hozir uygʻonaman-u, Seuldagi xonamda boʻlaman deb umid qildim... Lekin adashibman! Endi nima qilaman? Ahir... ahir ertaga bizning Yevropada ulkan konsertimiz bor edi! Barcha chiptalar sotilgan, minglab muxlislar kutishayotgan edi! Xyonglarim... Namjoon xyong, guruhdagilar mensiz nima qilishadi?! Ular hozir qanday daxshatli ahvolda ekanligini oʻylasam, yuragim yorilib ketay deyapti!
Sahnada doimo quvvatga toʻla, yengilmas va mukammal koʻrinadigan jahon yulduzining bunday bolalarcha chorasiz yigʻlashi Imonaning yuragini tilka-pora qilib yubordi. U boshqa oʻzini tutib tura olmadi. Imona ikkilanmay, Jungkookni bagʻriga bosib, mahkam quchoqlab oldi.
Jungkook bu kutilmagan, ammo juda kerakli boʻlgan ogʻushdan oʻzini olislashtirmadi. U xuddi panoh izlagan kichkina boladek, Imonaning yelkasiga boshini qoʻydi va koʻz yoshlariga toʻliq erk berdi. Imona esa uning tebranyotgan yelkalarini va yumshoq sochlarini ohista silarkan, mayin, ammo qat'iyatli ovozda taskin bera boshladi:
— Yigʻlab oling... Hammasini toʻkib soling, janob Jungkook. Lekin bir narsani unutmang: ARMY hech qachon oʻzining sevimli idolini xafa qildirib qoʻymaydi va uni chorasiz tashlab ketmaydi! Menga ishoning, men sizni uyga, Koreyaga qaytarish uchun qoʻlimdan kelgan barcha narsani qilaman. Dunyoning oxiriga borish kerak boʻlsa ham, bir yolini topamiz.
Imona Jungkookning boshini sekingina yelkasidan koʻtarib, uning yoshli koʻzlariga samimiyat bilan tikildi:
— Hozir esa birgalikda barvaqt nonushta qilib olamiz, xoʻpmi? Bi-ro-oz oʻzingizga keling, quvvatingizni tiklang. Men ishonaman va bilaman — Namjoon va boshqa xyonglariz hozir sizni butun Seuldan, butun dunyodan qidirishayotgandir. Ular sizni yolgʻiz tashlab qoʻyishmaydi. Nonushtadan keyin albatta ular bilan bogʻlanishga, Elchixona yoki boshqa yoʻllar orqali xabar berishga harakat qilamiz. Maylimi?..
Jungkook Imonaning koʻzlariga qarab, uning har bir soʻzida cheksiz kuch va umid borligini his qildi. U yuzidagi yoshlarni yengi bilan artib, sekingina boshini chayqagan holda rozi boʻldi:
— Hm... Mayli. Rahmat sizga, Imona... Rahmat.
Imona unga mayin jilmayib, oʻrnidan turdi va oshxona tomon yoʻl oldi. Uning ortidan qolgan Jungkook esa endi oʻzini kechagidek yolgʻiz va chorasiz his qilmayotgandi. Uning yonida uni tushunadigan, uni har qanday holatda qutqarishga tayyor boʻlgan sodiq qalb bor edi...
Jungkook yuz-qoʻlini yuvib, bir oz oʻziga kelgach, oshxonaga kirdi. Ichkarida bayramona kayfiyat hukmron edi: stolda issiqqina somsa, qaymoq, yangi uzilgan pomidor va bodringlar, anjir va uzum, mayiz-bodom hamda issiq shirmoy nonlar tizilib turardi.
Buvijon va Sabina allaqachon stol atrofida oʻtirishardi. Jungkookni koʻrib, buvijon yuzida samimiy tabassum bilan ishora qildi:
— Kelaqol, bolam! Qani, yuqoriga oʻt. Tongda yaxshi ovqatlanish kerak, yuzingdan qoning qochib ketibdi-ku!
Jungkook buvijonga qarab sekingina ta'zim qildi va Imonaning yoniga joylashdi. Sabina esa Jungkookning eynida dadasining sportivkasini koʻrib, kulgisini bazoʻr tutib oʻtirardi.
— Nega kulyapsan? — pichirladi Imona singlisiga olayib qarab.
— Opa, — Sabina Imonaning qulogʻiga shivirladi, — dunyo boʻylab "Calvin Klein" brendi yuzi boʻlgan Jeon Jungkook hozir dadamning markazi bozordan olingan "Sport" degan yozuvi bor shimida oʻtiribdi! Buni rasmini sotisam, bir umrga boyib ketardim!
Imona uning oyogʻini stol ostidan sekingina tepib qoʻydi:
— Jim oʻtir! Jungkook, e'tibor bermang, singlim shunchaki shoʻx.
Jungkook hayron boʻlib, kulimsirab qoʻydi:
— Yoʻq, hammasi joyida. Kiyim juda qulay ekan.
Imona Jungkookning likopchasiga qip-qizil boʻlib pishgan, ichidan bugʻi chiqib turgan goʻshtli somsa va bir qoshiq quyuq qaymoq qoʻydi.
— Bu — somsa. Bizning eng mashhur taomlarimizdan biri. Issiqligida yeb koʻring, — dedi Imona choy uzatarkan.
Jungkook somsadan bir tishlab koʻrdi-yu, koʻzlari charaqlab ketdi. Goʻshtning sharbati va xamirning qarsillashi unga shunchalik yoqdiki, u ketma-ket ikki tishlab yubordi.
— Oho! Bu juda... juda mazali! — u ogʻzi toʻla holda gapirishga harakat qildi. — Koreyadagi "mandu"ga oʻxshaydi, lekin xamiri va goʻshti umuman boshqacha!
— Seza ketyapman, jahon yulduzi boʻlsa ham, qorni ochganda oddiy oʻzbek yigitlaridan farqi yoʻq ekan! — buvijon uning ishtaha bilan yeyayotganini koʻrib, xursand boʻlib kulib yubordi. — Imona, unga anavi qaymoqdan ham noniga surtib ber, suyaklari mustahkam boʻladi.
Imona buvisining gapini tarjima qilganda, Jungkook uyalib, culib yubordi va ikkala qoʻlini koʻksiga qoʻyib, oʻzbekcha oʻrgangan yangi soʻzini aytdi:
— Rahmat, buvijon! Juda mazali!
Shu payt Sabina Jungkookga piyolada choy uzatdi. Lekin hayajondan qoʻllari titrab, piyolani biroz toʻldirib yuborgandi.
— Sabina! — Imona sekingina tanbeh berdi. — Boya aytgandim-ku, choy toʻldirib quyilmaydi deb!
Jungkook esa buni koʻrib, darhol vaziyatni hazilga burdi. U piyolani ikki qoʻllab oldi-da, Imonaga qarab quvlik bilan jilmaydi:
— Demak... Sabina menga "Tezroq ichib, uyimizdan keting" demoqchi, shundaymi?
Buni eshitib Imona ham, Sabina ham qax-qah otib kulib yuborishdi. Sabina yuzlarini berkitib:
— Yoʻq, yoʻq! Uday emas! Siz bir umr biznikida qolsangiz ham roziman! — deb qizardi.
— Koʻrdingizmi, u hatto choy uzatish odatimizni ham tushunib oldi, — Imona Jungkookning zukkoligiga qoyil qolib jilmaydi.
Nonushta davomida Jungkookning yuzidagi tushkunlik oʻrnini iliq tabassum egalladi. Oʻzbekcha mehmondoʻstlik, buvijonning mehribon hazillari va qizlarning samimiyati unga daxshatli sarosimani bir zumga boʻlsa-da unuttirgandi.
Nonsushtadan soʻng, Imona dasturxonga fotiha tortib, jiddiyiy kayfiyatga oʻtdi:
— Xosh, endi qorin ham toʻydi. Endi eng muhim bosqichga oʻtamiz — Koreya bilan bogʻlanish va bu sehrli portalning sirini yechish!
— Menda biror xabar berish uchun na telefon, na xalqaro sim-karta bor... — Jungkook stol ustidagi boʻsh piyolaga tikilib, chuqur xoʻrsindi. — Namjoon xyong va boshqalar mening telefonim restoranda qolib ketganini koʻrib, battar sarosimaga tushishgan boʻlsa kerak.
Imona bir oz oʻylanib turdi-da, darhol oʻrnidan turib, xonasiga chopib ketdi va qoʻlida oʻzining noutbuki va telefoni bilan qaytib chiqdi.
— Janob Jungkook, menda internet bor! — dedi Imona noutbukni xontaxta ustiga qoʻyib, uni yoqarkan. — Agar raqamlarni yoddan bilsangiz, mening telefonim orqali bemalol bogʻlanishimiz mumkin! Koreys vebsaytlari yoki maxsus ilovalarga kirmoqchi boʻlsangiz, marhamat, noutbukdan foydalaning.
Jungkookning koʻzlarida darhol umid uchqunlari porladi:
— Rostdanmi?! Imona, siz shunchaki moʻjizasiz!
Jungkook darhol noutbuk klaviaturasi orqali Koreyaning rasmiy xabar vebsaytiga kirdi. Kutilganidek, bosh sahifada hali hech qanday gʻalati xabar yoʻq edi — HYBE kompaniyasi va guruh a'zolari Jungkookning yoʻqolganini matbuotdan juda ustalik bilan sir tutishayotgandi.
— Xudoga shukur, hali xabar tarqalmabdi, — dedi Jungkook yengil tin olib. Keyin esa Imonaning telefonini qoʻliga oldi. — Endi boyagilarga qoʻngʻiroq qilishim kerak. Birinchi boʻlib... Taehyung xyongga qilaman. Uning raqami yodimda!
Jungkook hayajondan titrayotgan barmogʻi bilan Taehyungning raqamini terdi va qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Telefon karnayidan xalqaro chaqiruv ovozi eshitila boshladi...
Koreya, Seul. Mehmonxona xonasi.
Xonada ogʻir va tushkun kayfiyat hukmron edi. Taehyung divanda oʻtirgancha, oʻzining telefonini ushlab, Jungkookning stolda yotgan jonsiz telefoniga tikilib oʻtirardi. Shu payt uning telefoni jiringlab qoldi.
Ekranda xalqaro formatdagi, mutlaqo begona va gʻalati raqam (Oʻzbekiston kodi bilan) koʻrsatilgan edi.
— Yana qandaydir spam yoki tushunarsiz raqam... — Taehyung xafa boʻlib, qoʻngʻiroqni rad etdi (izbratsya qildi) va telefonni yoniga otib yubordi. — Hozir har xil keraksiz qoʻngʻiroqlarga javob beradigan ahvolda emasman.
Bu paytda xonaga Jimin kirdi. Uning koʻzlari yoshlanib, qizarib ketgandi.
— Hali ham biror xabar yoʻqmi? — soʻradi Jimin, ovozi qaltirab.
Aynan shu daqiqada Jiminning ham telefoni jiringlab ketdi. U ekranga qaradi — oʻsha xalqaro begona raqam unga ham qoʻngʻiroq qilayotgan edi!
Taehyung ekrandagi raqamni koʻrib, darhol oʻrnidan otilib turdi:
— Hey, Jimin! Bu raqam hozirgina menga ham qoʻngʻiroq qilgandi! Begona raqam, chet elniki!
Jimin bir soniya qotib qoldi. Uning ichki sezgisi darhol baqirib yuborgandek boʻldi:
— Begona raqam?! Chegara ortidan?! Tae... balki bu... balki bu Jungkookdur?!
— Nima?! Axir u... — Taehyung gapini tugatmasidanoq, Jimin ikkilanmay yashil tugmani bosib, telefonni qulogʻiga tutdi:
— Boshobonida! (Eshitaman!) Kim bu?! — Jiminning ovozi butun xonada yangradi.
Noyob va qadrdon ovoz eshitilishi bilan telefondan kelayotgan pichirlash Jimin va Taehyungning yuragini toʻxtatib qoʻyishga sal qoldi:
— Jimin xyong... Menman... Jungkookman!
Jiminning qoʻlidan telefon tushib ketishiga sal qoldi. U baqirib yubordi:
— JUNGKOOK?! Sen... sen qayerdasan?! Qayerga yoʻqoldung?! Biz bu yerda aqldan ozay dedik! Tae, bu Jungkook!
Taehyung ham darhol Jiminning yoniga yugurib kelib, dinamik (spiker) rejimini yoqib yubordi:
— Kook-ah! Qayerdasan?! Seni politsiya qidiryapti! Qaysi jin ursin shahardasan?!
Telefondan Jungkookning biroz aybdor va charchagan, ammo tirik va soppa-sogʻ ovozi kelardi:
— Xyong... Iltimos, meni eshitinglar va tinchlaninglar. Men oʻzim ham nima boʻlganiga hali toʻliq tushunmayapman... Men Seulda emasman.
— Seulda emassan?! — Taehyung koʻzlarini katta-katta ochdi. — Nima deganing bu? Reysga hali bor-ku!
— Men... men Oʻzbekistondaman, — dedi Jungkook sekingina.
Xonada dahshatli sukunat choʻkdi. Jimin va Taehyung bir-birlariga xuddi dunyodagi eng katta ahmoqona hazilni eshitgandek tikilib qolishdi.
— Oʻ-Oʻzbekiston?! — Jimin duduqlanib qoldi. — Jungkook, sen mastmisan?! Oʻzbekiston Seuldan 7 ming kilometr uzoqlikda-ku! Kecha kechasi birga restoranda oʻtirgandik! Qanday qilib bir necha soat ichida u yerga borib qolasan?!
Jungkook Imonaga bir qarab oldi-da, chuqur nafas olib, boʻlib oʻtgan barcha hodisalarni soʻzlab bera boshladi:
— Men kecha restorandan chiqib, 513-xonamga kirmoqchi boʻldim. Koridordagi gʻalati yogʻoch eshik dastasini buradim-u... bir soniya ichida oʻzimni mutlaqo boshqa bir uydagi dahlizda koʻrdim! Bu yerda portal ochilgan, xyong! Men hozir Oʻzbekistondagi bir ARMY qiz va uning oilasi uyida mehmondaman. Ular menga gʻamxoʻrlik qilishyapti, menga uxlashga joy va oʻzbekcha nonushta berishdi...
Jimin va Taehyung shok holatiga tushib qolishgandi. Ular gapirishga soʻz topolmay, ogʻizlari ochilgancha telefon qarshisida qotib turishardi.
— Sehrli... portal? — Taehyung peshonasiga qoʻlini qoʻydi. — Men tush koʻryapmanmi yoki Jungkook rostdan ham boshqa davlatga sehrli eshikdan oʻtib ketdimi?!
— Men sizlarga yolgʻon gapirmayapman! — dedi Jungkook qat'iyat bilan. — Namjoon xyongga va kompaniyaga aytinglar, politsiyani toʻxtatishsin! Men soppa-sogʻman. Hozir Imona bilan birgalikda bu eshikni qanday qayta ochish va Seulga qaytish yoʻlini qidiryapmiz!
Jimin va Taehyung hali ham oʻzlariga kela olishmasdi, ammo Jungkookning tirik va xavfsiz ekanligini eshitib, ularning yelkasidan ulkan togʻ agʻdarilgandek boʻldi...
— Kook-ah... — Jimin hamon eshitganlaridan oʻziga kelolmay, chuqur nafas oldi. — Demak, shu raqamda boʻlasanmi? Senga istagan vaqtimizda bogʻlana olamizmi?
— Ha, xyong, bu raqam doim yonimda boʻladi, — dedi Jungkook sekingina jilmayib. — Bu meni oʻz uyida mehmon qilayotgan ARMY qiz — Imonaning telefoni. U hozir ham yonimda oʻtiribdi, hammasiga yordam beryapti.
— Imonashi? — Taehyung darhol dinamikka yaqinroq kelib, baland va samimiy ovozda gapira boshladi: — Imonashi! Sadoqatingiz va yordamingiz uchun sizga kattakon rahmat! Katta rahmat! Jungkookni shunday ogʻir vaziyatda yolgʻiz tashlab qoʻymaganingiz uchun minnatdormiz!
Jimin ham gapga qoʻshildi, uning ovozida chuqur oʻtinish bor edi:
— Imonashi, iltimos sizdan, xuddi hozirgidek buni matbuotdan, OAV va boshqa fanlardan sir tuting. Agar bu xabar tarqalsa, juda katta tartibsizlik kelib chiqadi. Jungkookni sizga topshiramiz!
Imona telefon dinamikidan taralayotgan tanish, qadrdon ovozlarni eshitarkan, koʻzlarida beixtiyor hayrat yaltirab ketdi. Sahnada, jonli efirlarda va ekran ortida qanday samimiy, begubor va oʻz yaqinlariga gʻamxoʻr boʻlishsa, real hayotda ham aynan shunday edilar! U xuddi sehrli tush ichida yashayotgandek xotirjam va sof koreys tilida javob berdi:
— Xavotir olmang, Jimin-shi, Taehyung-shi. Men hammasini tushunaman. Bu xabarni hech kimga aytmayman va Jungkook-shining Koreyaga eson-aman qaytib borishi uchun qoʻlimdan kelgancha yordam beraman!
Taehyung va Jimin qizning sof koreyschasini va vazminligini eshitib, yengil tin olishdi.
— Rahmat sizga! — dedi Jimin. Keyin esa ovozidagi xotirjamlik yana jiddiy tusga kirdi. — Kook-ah, eshit. Biz bugun kechqurun reys boʻyicha Yevropaga uchib ketyapmiz. Rejani bekor qila olmaymiz, chunki chiptalar sotilgan va stadionlar tayyor. Ertagacha qaytish ilojini qilishing kerak! Boʻlmasa... ahvolimiz juda ogʻirlashadi.
Jungkook Imonaga qaradi. Qizning koʻzlarida ham "biz buni eplaymiz" degan mustahkam ishonch bor edi.
— Xyo'ng, tushundim. Harakat qilaman... portalni qanday ochishni topamiz. Sizlar ham xavotir olmanglar. Keyinroq yana bogʻlanaman! — dedi Jungkook.
Ular samimiy xayrlashishgach, aloqa uzildi.
Xonaga bir zum sukunat choʻkdi. Jungkook Imonaning telefonini egalariga qaytarib uzatarkan, yuzida ancha yengillik paydo boʻlgandi. Imona esa hamon telefoniga va Jungkookka tikilib turardi:
— Rostdan ham... — pichirladi Imona hayratini yashira olmay. — Sizlar ekran ortida qanchalik samimiy va mehribon boʻlsangiz, hayotda ham xuddi shunday ekansiz. Jimin va Taehyungning ovozini eshitganimga haliyam ishonolmayapman...
Jungkook qizning bu begubor hayratini koʻrib, oʻsha mashhur "quyoncha" tabassumi bilan jilmaydi:
— Ular haqiqatan ham shunday. Va biz, ARMYlarimiz qanchalik sodiq va mehribon boʻlishsa, ularni shunchalik qadrlaymiz... Imona, endi bizda vaqt kam. Bugun kechgacha oʻsha portalni qayta ochish sirini topishimiz kerak!
— Ha! — Imona shoshib noutbukni yaqinroq surdi va daftar-qalamini oldi. — Endi hamma narsani birma-bir tahlil qilamiz. Kecha kechasi portal ochilgan daqiqalarda nima boʻlganini ipidan-ignasigacha eslashimiz kerak!