July 5, 2025

Пост 05.07.2025

TOSHKENT SHAHAR XALQ DEPUTATLARI HUZURIDAGI YOSHLAR MASLAHAT GURUHI A’ZOSI

DURDONA SHOKIROVANING RASMIY MUNOSABATI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 26-fevraldagi KQ-102-V-sonli qaroriga doir

Men, Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi a’zosi sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari huzurida Yoshlar maslahat guruhini tashkil qilish to‘g‘risida” 2025-yil 26-fevraldagi KQ-102-V-sonli Qarorini chuqur mamnuniyat va yuqori mas’uliyat bilan qabul qilganimni bildiraman.

Mazkur hujjat mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 16-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan ishlab chiqilgan ushbu qaror normativ-huquqiy jihatdan mustahkam asosga ega bo‘lib, Yoshlar maslahat guruhlari faoliyatining huquqiy maqomini aniq belgilab berdi.

Yoshlar maslahat guruhi faoliyatining quyidagicha ustuvor yo‘nalishlari — ya’ni:

qonunchilikdagi islohotlarni “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida keng targ‘ib qilish;
deputatlar bilan “ustoz-shogird” an’anasi asosida ishlash;
yoshlarning muammolarini joylarda aniqlash va ularni hal qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
huquqiy madaniyat va siyosiy dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qiluvchi tadbirlarni tashkil etish

– barchasi yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlashda biz – Yoshlar maslahat guruhi a’zolari – bevosita ishtirok etishga, deputatlar va doimiy komissiyalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritishga, yoshlar manfaatini ifoda etuvchi tashabbuslarni ilgari surishga tayyormiz.

Yoshlar maslahat guruhi faoliyatiga oid tashkiliy va uslubiy yordam berilishi, shuningdek, zarur shart-sharoitlarning yaratilishi — bu islohotlarning izchil va samarali amalga oshishida muhim omil bo‘ladi.

Shu munosabat bilan, ushbu tarixiy qarorni ijobiy qadamlardan biri sifatida baholayman va mazkur islohotlarning Toshkent shahrida ham samarali amalga oshirilishi uchun o‘z hissamni qo‘shishga tayyorman.

Hurmat bilan,

Durdona Shokirova

Toshkent shahar Yoshlar maslahat guruhi a’zosi

Toshkent shahri

2025-yil 5-iyul