Nodavlat ta'lim muassasalari qanday litsenziyalashtiriladi?
Nodavlat ta’lim xizmatlari ko’rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to’g’risidagi nizomga ko’ra, Nodavlat ta’lim xizmatlari ko’rsatish sohasidagi faoliyat turiga litsenziyalarni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi beradi.
Chet tillarni o’rganish bo’yicha o’quv kurslarini litsenziyalash Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Ta’limning har bir turi uchun alohida litsenziya 5 yil muddatga beriladi. Bunda quyidagi talab va shartlar qo’yiladi:
- ta’lim sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlariga majburiy rioya qilish;
- ta’lim-tarbiya jarayonini davlat ta’lim standartlariga (davlat talablariga), o’quv rejalariga va ta’lim dasturlariga muvofiq tashkil etish;
- litsenziya da’vogarida litsenziyalanayotgan faoliyatni bajarish uchun mo’ljallangan, unga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan tegishli bo’lgan, belgilangan talablarga muvofiq binolarning (xonalarning) mavjud bo’lishi;
- auditoriyalarni, o’quv xonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya asbob-uskunalari, o’qitishning texnik vositalari va anjomlar bilan jihozlash;
- ta’lim dasturlarining belgilangan darajasini amalga oshirish uchun o’quv binolarini zarur darsliklar, o’quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash;
- ta’lim dasturlarini umumiy, o’rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim davlat ta’lim standartlariga muvofiq, shuningdek, maktabgacha ta’lim, maktabdan tashqari ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga qo’yiladigan davlat talablariga muvofiq amalga oshirish;
- ta’limning majburiy ravishda dunyoviy xarakterda bo’lishi, ta’lim jarayonida urushni, zo’ravonlikni targ’ib qilishdan foydalanishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinligi kamsitilishiga, mamlakatdagi xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka, jamiyatning huquqiy va ma’naviy asoslari, fuqarolar osoyishtaligiga, millatlararo va dinlararo totuvlikka raxna solinishiga, O’zbekiston Respublikasi to’g’risida noto’g’ri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlari buzib ko’rsatilishiga yo’l qo’ymaslik;
- iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlarni aniqlash va qo’llab-quvvatlash orqali ta’lim-tarbiyaning yuqori sifatini ta’minlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratish;
- ilg’or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o’qitishning innovatsion shakllari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida ta’lim sohasidagi samaradorlik va natijadorlikni oshirish;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami tarbiyalanuvchilar, o’quvchilar umumiy sonining 10%idan kam bo’lmagan miqdorda bepul o’qishga qabul qilish;
bitiruvchilarga belgilangan tartibda ta’lim to’g’risida hujjat berish.
Litsenziya olish uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- litsenziya berish to’g’risidagi ariza, unda tashkiliy-huquqiy shakli (1.01.2018 yildan boshlab istalganini tanlash mumkin), joylashgan joyi (pochta manzili), ta’lim faoliyatini amalga oshirish joyining manzili, bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami, faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, ta’lim faoliyati yo’nalishlari ro’yxati, shuningdek litsenziya da’vogarining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishi to’g’risidagi roziligi hamda elektron manzili ko’rsatiladi (agar elektron manzili ko’rsatilgan bo’lsa, barcha xabarlar unga keladi);
- pedagog kadrlar haqida ma’lumot;
- o’quv rejasi va dasturlarining elektron nusxalari;
- ariza ko’rib chiqilganligi uchun litsenziya da’vogari tomonidan yig’im (EKIHning 2 baravari) to’langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi arizani qabul qilgandan so’ng 10 kun ichida (inspektsiyaga ariza Davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali o’sha kunning o’zidayoq yuboriladi) hujjatlarni hamda litsenziya da’vogarining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini o’rganadi, shuningdek javob beradi.
Litsenziya berish rad etilgan bo’lsa, ariza takroran ko’rib chiqilgani uchun yig’im undirilmaydi. Litsenziya berishni rad etish to’g’risida avvalgi bildirishnomada ko’rsatilmagan yangi asoslar bo’yicha litsenziya berishni rad etishga yo’l qo’yilmaydi.
Litsenziya berganlik uchun EKIHning 10 baravari miqdorida davlat boji undiriladi. U to’langandan keyin ruxsat beruvchi hujjat 1 kun ichida beriladi.
Manba: civil.uz - Yuridik maslahati portali va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi "Nodavlat taʼlim xizmatlari koʼrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish toʼgʼrisida"gi 241-son Qarori
Rasmiy sahifalarimiz: