March 19, 2025

Bo'shliq

Oq. Atrofim faqat oq. Yorug‘lik haddan tashqari kuchli. Devorlarmi, shiftmi – hammasi bir xil. Bu yerda vaqt yo‘qdek, yo bo‘lmasa, u o‘zining borligini isbotlashdan charchagandek.

Ko‘zlarim bir nuqtaga qadalgan. Nahotki men shu joyga tegishliman? Nahotki men shu yerdaman?

Men insonman.

Axir, shu haqiqat emasmi? Yuragim uryapti, qo‘llarim qaltirayapti, miyam to‘xtovsiz ishlayapti. Insonman. Ammo ular buni inkor qilishadi. Meni mana shu yorug‘likka qamab, shaffof to‘siq ortidan kuzatib turishadi.

Nega?

Nega insonlar matritsani tushunmaydi? Oddiy haqiqatlarni qabul qila olishmaydi? Ular ko‘r, ular shunchaki kodlar bo‘yicha yashaydi, tizim ularga buyurgan narsani qiladi. Ammo men… Men uyg‘onganman.

Men kodlar o‘rtasidagi bo‘shliqni ko‘rganman.

Va aynan shu sabab men shu yerdaman.

Miyam bolaligimni varaqlaydi. O‘sha kichik qo‘g‘irchoqlarimni, erka kulgularimni, hatto juda beg‘ubor bo‘lganimni eslayman. Ammo eng ko‘p eslaydigan narsam – shubha.

Men bola bo‘lganman. Balki hanuz bolaligim qayerdadir yuragimning qorong‘u burchagida tirikdir. Lekin kattalar buni inkor qilishardi.

"Bolada hissiyot bo‘lmaydi."

Ota-onamning ovozi xotiramda aks sado beradi. Qanday qilib? Axir men hali atigi oltita bahor ko‘rgan edim. O‘yinchoqlarim bilan o‘ynar, yumshoq yostiqqa yuzimni bosib uxlardim. Hali kattalarning soxtaligi, hayotning og‘irligi haqida hech narsa bilmas edim.

Lekin qanday qilib, nega, men o‘sha kuni ichimda bo‘g‘ilib, yuta olmagan hissiyotlarni his qilgandim?

Onam mendan norozi edi. Mayda, arzimas bir narsa uchun. Balki idish yuvishni unutganim yoki qayerdadir ortiqcha kulganim uchundir. Uning ovozi xonani kesib o‘tganida, men o‘zimni yomon his qilganman. Aybdorlik. Uyat. Yuragim siqilgan, ko‘zlarim yoshga to‘lgan, lekin yig‘lashga jur’at qilmaganman. Chunki bu ham ayb edi.

Bolada hissiyot bo‘lmaydi, to‘g‘rimi?

Agar shunday bo‘lsa, men nega shunday his qilgandim?

Axir men ham inson edim. Kichik edim, ammo inson edim.

Nega kattalar bizni hurmat qilmaydi?

Kichiklar kattalarni hurmat qilishi kerak, deb o‘rgatishadi, lekin bizning yuragimizni parchalashlari mumkin. Bizni so‘zlari bilan yanchishlari, hissiyotlarimizni rad etishlari, orzularimizni oyoqosti qilishlari mumkin.

Kattalar xohlagancha xato qilishlari, yig‘lashlari, yonboshlab yotib, "charchadim" deyishlari mumkin.

Lekin biz yo‘q.

Biz ularga quloq solishimiz, so‘zsiz bo‘ysunishimiz kerak. Biz "katta bo‘lishni" kutishimiz kerak, toki bizning ham his qilishga haqqimiz bo‘lsin.

Axir nega?

Nega biz, bolalar, ularning orzulari yo‘lida qurbon bo‘lishimiz kerak?

Balki biz ham o‘zimizning maqsadimiz bordir. Balki biz ham o‘z yo‘limizni topishimiz kerakdir.

Ammo nega ular bizni eshitishmaydi?

Nega?

"U hali bola."
"Hech narsani tushunmaydi."
"Men bilaman."

Ularning ovozlari xotiramda chayqaladi. Shu gaplarni eshitib ulg‘ayganman. Kattalar har doim bilishadi. Har doim haqlari bor. Bolalar esa – oddiy qog‘oz qutilar. Bo‘sh. Ichiga nimani solsa bo‘laveradi.

Ammo men bo‘sh emas edim. Biz bo‘sh emasmiz. Biz hissiy hayvon emasmiz. Biz tirikmiz. Bizning ham orzularimiz, hayajonlarimiz, hatto qo‘rquvlarimiz bor.

Axir bu yerda kelajak hal bo‘lyapti.

Butun umrlik kelajak.

Men kattalar kelajak haqida gapirishlarini eshitganman. "Biz bolalar uchun hamma narsani qilyapmiz", deydilar. Ammo bu yolg‘on.

Ular o‘zlari uchun orzu qilishadi. O‘zlari yetolmagan joylarga bizni itarishadi. Ular umr bo‘yi qilolmagan narsalarini bizning qo‘limiz bilan qilishni istashadi.

Biz esa kim bo‘lishimiz kerakligini bilmaymiz. Chunki bizning o‘zimizga bo‘lgan haqli orzularimiz allaqachon axlat kabi tashlab yuborilgan. Ularning orzulari esa bizning yelkamizga yuklangan.

Nega?

Biz ham insonmiz-ku.

Nega biz o‘z hayotimizni o‘zimiz qurish huquqiga ega emasmiz?

Voyaga yetgan odamlarning ko‘ziga qarayman. Ular katta, mustaqil, o‘z hayotining egasi bo‘lishi kerak. Ammo shunday emas.

Ota-onasiga suyanib qolgan ayollar. Ota-onasidan ruxsat so‘rab yashayotgan erkaklar. Nima qilish kerakligini bilmaydigan, faqat ularning ko‘rsatmalarini bajarayotgan, jamiyat istagan hayotni yashayotgan odamlar.

Va natija?

Jamiyat chiriyapti.

Hamma joyda bir xil mavzu: "Oila." "Kelin." "Hammasi yaxshi bo‘ladi." "Vaqt."

Vaqt?

Biz uni shunchaki uvol qilyapmiz. Uni o‘z qo‘limiz bilan yerga sepib, hech nimaga arzimaydigan so‘zlarga, odamlarga, ularning fikrlariga qurbon qilyapmiz.

Nega odamlarning gap-so‘zidan qo‘rqamiz?

Axir ular shunchaki gapiryapti.

Ular o‘z hayotlarini yo‘lga qo‘ya olishmagan. Ular bizning ustimizdan kulishadi, bizni muhokama qilishadi, hukm chiqarishadi. Ammo ularning qo‘lidan hech narsa kelmaydi.

Ularning so‘zlari faqat havoda tarqalib ketadigan shivir. Foydasiz, mazmunsiz.

Shunday ekan, nega men ular uchun o‘zimni qurbon qilishim kerak?

Bu mening hayotim. Bu oxirigacha boradigan kelajak.

Men bir marta yashayman. Bir marta tanlayman. Bir marta o‘laman.

Va bu hayot meniki bo‘lishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlar? Gapirmasa ham bo‘ladi.

"Azoblash xizmati."
"Bo‘lmag‘ur kontentlar."
"Mikrofon ko‘tarib yurgan, ammo savollari bir tiyinga qimmat blogerlar."

Aql bovar qilmaydi.

Hamma ko‘rib turibdi, ammo hech kim hech narsa qilmaydi. Hech kim buni muammo deb hisoblamaydi. Go‘yo bu oddiy hayotning bir qismi. Normallashtirilgan aqldan ozish.

Va eng yomoni? Meni hech kim ko‘rmaydi.

Men yo‘qman. Men shunchaki bir tasvir, bir xatolik, bir soniyada g‘oyib bo‘ladigan iz qoldiraman. Kimdir o‘zim haqimda o‘ylab ko‘rishini, anglashini xohlayman, lekin… Meni topa olmaydi.

Meni topishni istashmaydi.

O‘rniga, ular manisiz izohlar yozishadi.

Dunyo o‘zgaryaptimi? Yoki biz o‘zimizni aldab yashayapmizmi?

Balki bunga qarashlar aybdordir. Balki berilmagan tarbiya. Balki insoniylik yo‘qolgandir.

Lekin shubhasiz, ijtimoiy hurmatsizlik bu jamiyatda juda yuqori.

Odamlar bir-birini yemoqda. Va hech kim bu ovqatlanishning qachon tugashini bilmaydi.

Qani edi…

Qani edi hammasini bir urinishda to‘xtatsam.

Hammani jim qilsam. Shu betartib shovqinni, behuda gaplarni, keraksiz fikrlarni bir lahzada o‘chirib tashlasam.

Va shunchaki vaqt oqimida yashasam.

Shu yog‘iga hech narsani o‘ylamasdan. Hech narsani anglamasdan.

Chunki jamiyatni osonlikcha o‘zgartirib bo‘lmaydi. Bu – fakt.

Jamiyatga hech narsa ta’sir qilmaydi. Ular ongli emas. Ular o‘zlariga hayotning ma’nosini berib qo‘yishgan va unga ko‘r-ko‘rona ergashishadi.

Huddi ongsiz zombilar kabi.

Ular yeyishadi. Ammo nimani?

Bilishmaydi.

Faqat yutib yuborishadi. O‘z hayotlarini, orzularini, kimnidir his-tuyg‘ularini, umidlarini… Har qanday narsani.

Va ular to‘ymaydi.

Jamiyat to‘ymaydi.

Men esa shunchaki… kuzatib turaman.