Samurai Masanori
始める: Sakura gulining mayin yaproqlari yengil shamolda hilpirab, havoda suzib yurardi. Akari ularga beparvo qarab, sekin qadam tashlar, ammo ko‘zlarini atrofga solsa, har yerda sevishgan juftliklarni ko‘rardi. Ularning mayin kulgulari, mehr bilan tutashgan qo‘llari va sokin nigohlari uni bezovta qilardi. Jirkanib yuzini burdi.
— Balki hasaddandir… — deb pichirladi u o‘ziga o‘zi.
U endigina 17 yoshda edi. Uning yoshidagi qizlar allaqachon turmushga chiqib, farzand ko‘rayotgan edi. Ba’zilari allaqachon ona bo‘lib ulgurgan, oilasiga sodiq xizmat qilayotgan edi. Lekin Akari… Uning yo‘li bu emas edi.
U nigohini uzoqqa qadab, sakuralar ostidagi yam-yashil dalalarga boqdi. Yuragining tub-tubida bir narsa jo‘sh urardi – jangchi bo‘lish istagi. Hayotini mayin gullarga, qimmatbaho kimono va mehribon so‘zlarga bag‘ishlash emas, balki qilich bilan yo‘lini ochish, kuchli bo‘lish, taqdirini o‘zi belgilash istagi.
- Fikringni bir joyga yig‘, Akari, — deb o‘ziga shivir qildi u. Sevgi haqida o‘ylashga vaqti yo‘q. Uning taqdiri qilich bilan bog‘liq edi.
真田あかり | Akakri Sanada
彼は17歳です | Yoshi 17da
Akari tong yorishmasidan oldin uyg‘ondi. Uy ichida hali ham sukunat hukm surardi. U asta o‘rnidan turib, deraza yoniga bordi. Uzoqda sakura daraxtlari sokin shamolda tebranardi. Tashqarida hali ham salqin, ammo kun ancha iliq kelayotgan edi.
U yuzini yuvib, sochlarini tartibga keltirdi va odatdagidek ovqatlanish uchun oilaviy dasturxonga o‘tirdi. Ota-onasi ham allaqachon u yerdalar edi. O‘rtada issiq guruch, sho‘rva va yangi pishirilgan baliq qo‘yilgan edi.
— Janob Itador (xursand ohangda):
— Akari, ancha ulg‘ayib qolding...
Akari otasining nigohiga ko‘z tashladi. U qandaydir gap boshlamoqchi ekanini sezdi va ichida nimadir bezovta bo‘ldi.
— Janob Itador (jiddiyroq ohangda):
— Endi yosh bola emassan. Vaqti kelib, katta hayotga qadam bosishing kerak. Men esa allaqachon nevara ko‘rish haqida o‘ylay boshladim...
Akari qoshlari chimirilib, qoshiqni sekin yerga qo‘ydi. Gap nimaga borib taqalishini tushunib turardi.
— Akari (qat’iy ohangda):
— Ota, men hali bunaqa narsalar haqida o‘ylayotganim yo‘q. Mening maqsadim boshqa...
Uning gapi tugamasdan, onasi Yuna xonim yonidan sovuq ovoz bilan so‘zladi.
— Yuna xonim (tanbeh ohangida):
— Akari, itoatsizlik qilma. Ayolning vazifasi aniq – u oilaga sadoqatli bo‘lishi va farzand tarbiyalashi kerak. Jangchi bo‘lish orzularingni unutsang ham bo‘ladi.
Akari ko‘zlarini yerga tikdi. Ichidan nimadir qisilayotgandek edi. Lekin u bilardi – bu hayot yo‘li uning uchun emas. Shu bois jim qoldi, ammo ichida yo‘lini topish haqida yana bir bor o‘ylay boshladi.
Yuna xonim tomog‘ini tozalab, yonidan bir nechta chiroyli kimonolarni oldi. Ular nafis naqshlar bilan bezatilgan, har biri nozik did bilan tanlangan edi. U mayin tabassum bilan qiziga qaradi.
— Yuna xonim (muloyim ohangda):
— Men sen uchun eng chiroyli kimonolarni tanladim, Akari. Tez orada kerak bo‘ladi.
Akari ularga qarab qo‘ydi, lekin hech narsa demadi.
— Yuna xonim (xursand ohangda):
— Kelajakdagi kuyoving ham juda yaxshi inson. Uning oilasi biznikiga mos, o‘zi esa oqil va kuchli erkak. Haqiqiy samuray.
Janob Itador ham xotinining gaplarini qo‘llab-quvvatladi.
— Janob Itador (mamnun ohangda):
— Ha, Akari, u juda hurmatli oiladan. Aslida, bizning urug‘imiz ham zodagonlar sulolasiga mansub, lekin kuyoving yuksakroq martabali zoda. Bunday imkoniyatni boy berish mumkin emas.
Akari lablarini tishlab, indamay o‘tirdi.
— Janob Itador (qat’iy ohangda):
— Ertaga uni uyga mehmon qilib chaqirdim. U bilan tanishib olasan.
Akari yuragida og‘irlik sezdi. U bu hayotga tayyor emasdi… Lekin buni hech kim eshitmoqchi emas edi.
Akari yuragi siqilib, ortiq chiday olmadi. U keskin o‘rnidan turdi va hech kimga biror so‘z demay, shiddat bilan yugurib chiqib ketdi.
— Yuna xonim (jahli chiqib):
— Akari! Sen tobora tarbiyasiz bo‘lib boryapsan!
Onasining baqirig‘i ortidan eshitildi, ammo Akari to‘xtamadi. U hovlidan chiqib, ko‘cha bo‘ylab yugurdi. Shamol yuziga urilar, yuragi esa tobora tez urayotgan edi. O‘zini nihoyat ozod his qildi.
U tor yo‘lakdan o‘tib, o‘ynab yurgan bolalar orasidan o‘tib ketdi. Nihoyat, samuraylar shug‘ullanadigan maydonga yetib bordi. Havo jang ovozlariga to‘lib ketgan, qilichlar bir-biriga urilib, jaranglayotgan edi. Akari nafasini rostlab, maydonni o‘rab turgan to‘siqqa osilib oldi.
U yerda boshqa qizlar ham yig‘ilgan edi. Ular kulib, nozik ovozda samuraylarning ismlarini aytib, ularga havodan bo‘sa yuborar, noz-karashma qilardi. Qizlarning ba’zilari chiroyli ipak yelpig‘ichlarini ochib, jingalak kulgular bilan harakat qilardi.
Akari ularga qarab, hafsalasi pir bo‘ldi. Unga samuraylar emas, balki bugungi jang qiziq edi. Qizlarning bemani gaplari esa faqat jirkanch tuyuldi. Uning hayoli faqat maydon o‘rtasidagi jangga qaratilgan edi.
Akari shiddat bilan davom etayotgan jangni zavq bilan kuzatardi. Samuraylar harakatlarida mukammallik bor edi – tezlik, kuch va aniqlik birlashgan edi. U ularning har bir zarbasini, himoyaviy manevrlarini sinchiklab o‘rganar, hayajon bilan kuzatardi. U shunchalik mashg‘ulotga berilib ketdiki, vaqt qanday o‘tayotganini ham sezmay qoldi.
Nihoyat, samuraylar mashg‘ulotni tugatib, qilichlarini g‘ilofiga joyladilar. Ular yenglarini qayirib, ter bosgan peshonalarini artishar, yengil tortishgandi. So‘ng, maydon chetida yig‘ilgan qizlarga yaqinlashishdi.
Ba’zilar mushaklarini maqtanib, yenglarini shimarib, qizlarning hayratlangan nigohlarini qidirdi. Boshqalar esa kulimsirab, nozik qizlarning yelpig‘ich ortidan yuborgan upichlarini mamnun qabul qilishardi.
Akari esa hafsalasi pir bo‘lib, charchoq bilan esnadi. Shu payt kutilmaganda, jag‘ini kimningdir qattiq va yo‘g‘on qo‘li mahkam ushlaganini sezib, seskanib ketdi.
Uning yuragi bir lahzaga urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. Unga tikilib turgan samuray Hiroki edi – jussasi baquvvat, qaddi-qomati kelishgan, ko‘zlari esa noaniq kulgi bilan porlab turardi.
— Hiroki (tabassum bilan):
— Yolg‘iz kelgan qizaloq… Senga ham biroz vaqt ajratishim mumkin.
Akari uning gapidan ta’sirlanmadi. U Hirokining qo‘lidan qutilishga harakat qildi, ammo u qizning nozik belidan mahkam ushlab oldi.
— Hiroki (jiddiy ohangda):
— Qochma…
Akari butun tanasi bilan seskanib ketdi. Yuragida birdan g‘azab jo‘sh urdi. U ko‘zlarini toraytirib, tezlik bilan qo‘lini ko‘tarib, Hirokining yuziga qattiq musht tushirdi.
Samuray qotib qoldi. Atrofda birdan jimlik hukm surdi. Qizlar ovoz chiqara olmay, og‘izlarini bekitib qoldilar. Hiroki esa asta yoniga qaradi, yuziga qo‘lini olib bordi va Akari tomon nigohini tikdi.
武田弘樹 | Hiroki Takeda
彼は24歳です | U 24 yoshda
Hiroki Akarining zarbasidan keyin bir lahzaga qotib turgan bo‘lsa-da, birdan kulib yubordi. U yuzini kaftlari bilan silab, Akari tomon iljayib tikildi.
— Hiroki (qiziqish bilan):
— Ha-ha… Juda kuchlisan. Bu menga yoqdi.
U qizning belidan yanada mahkam ushladi, ovozi pasayib, yanada sokin ohangda gapirdi:
— Hiroki (mayin, lekin qat’iy ohangda):
— O‘yin o‘ynashning hojati yo‘q. Menga yoqib qolding…
Akari sovuq ko‘zlari bilan unga tikildi, har qanday yoqimli so‘zlar ham uning g‘azabini so‘ndira olmasdi. Hiroki esa qizning yuziga yaqinlashdi va bo‘sa olmoqchi bo‘ldi.
Lekin to‘satdan saya, samuraylar qurolining og‘ir himoya qobig‘i uning boshiga qattiq tushdi.
— Hiroki (og‘riqdan tisarilib):
— Tsk!
U boshini mahkam ushlab, bir necha qadam chetga chiqdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Hiroki tishlarini g‘ijirlatib, unga hujum qilgan odamga o‘girildi.
Uning qarshisida yuzi g‘azabdan qorayib ketgan samuray – Masanori turardi.
— Masanori (sovuq ohangda):
— Qachondan beri yo‘lda uchragan qizlarga tegajog‘lik qilish odatingga aylangan, Hiroki?
Hiroki qizarib, unga bir lahzaga tikildi, lekin gap qaytarishga jur’ati yetmadi. Masanori ko‘zlarini Akari tomon burdi, keyin hech narsa demay, to‘siqdan sakrab o‘tib, uni qo‘lidan ushladi.
— Akari (qarshilik qilib, jahl bilan):
— Meni qo‘yib yuboring! Men o‘zim ketaman!
Lekin Masanori unga e’tibor ham bermadi. U qizni chekkaga tortib olib ketdi, yuzida esa hech qanday hissiyot aks etmasdi. Hiroki esa orqalaridan qarab qoldi, mushtini mahkam tugib.
Masanori Akari bilan yonma-yon yurib borarkan, uning harakatlaridan qat’iyat sezilardi. Akari qo‘lini tortmoqchi bo‘ldi, lekin Masanori uning bilagini mahkam ushlab, yo‘lidan qaytishiga imkon bermadi.
Ular nihoyat katta sakura daraxti yoniga yetib kelishdi. Masanori hech narsa demay Akarini daraxt tanasiga tirab oldi va o‘z gavdasi bilan uni qafasga tushirdi.
Akari chuqur nafas oldi. Masanori unga qarab turar, unga va’da qilingan qizning yuzi, chehrasining tuzilishini o‘rganayotgandek edi.
Bir lahzaga jimlik cho‘kdi. Masanori chuqur o‘yga toldi, chunki bu qiz yaqin masofadan yanada chiroyli ko‘rinardi. Uning ko‘zlari – g‘azab va kuch bilan yonardi, bu esa uni yanada jozibali qilardi.
Masanori asta qo‘lini ko‘tardi va Akari yuziga tegdi. Uning barmoqlari qizning yuzidagi nozik teriga yengil tegdi.
— Masanori (muloyim ohangda):
— Uyga qayt, Akari.
U haori (yapon erkaklarining keng yengli ustki kiyimi) ni yechib, qizning yelkasiga tashladi.
Akari bu harakatdan hayron bo‘ldi. U Masanori unga nisbatan yomon niyatda ekan deb o‘ylagandi, lekin samuray unga shunchaki o‘z kiyimini berib, ketishiga ruxsat berayotgan edi.
U Masanori yuziga tikildi, lekin u hech qanday tushuntirish bermadi.
Akari orqaga bir qadam tashlab, qo‘lidagi haori ga qaradi. Uning ichida qandaydir g‘alati his uyg‘ondi, lekin bu hissiyotga o‘zi ham nom bera olmasdi.
Nihoyat, qiz jimgina orqaga burilib, haori ni yelkasiga yopgancha, uy tomon yurdi.
Masanori esa sakura daraxtiga suyanib qoldi. U nigohini qiz ortidan kuzatarkan, qandaydir tushunarsiz hissiyotlarga berilib ketdi. U hech qachon bunday his qilmagan edi.
藤原正則 | Masanori Fujiwara
彼は28歳です | U 28 yoshda
Akari og‘ir nafas olib, yelkasidagi haori ni mahkamroq ushlagancha uyga yaqinlashdi. Oy yorug‘ida bu kiyim unga haddan tashqari katta ko‘rinardi. Yuragi hamon tez urardi, Masanori bilan bo‘lgan holatni eslarkan, qiz yuzidagi issiqlikni sezdi va o‘zidan jahli chiqdi.
Eshikni ohista ochib ichkariga kirdi.
— Yuna xonim (dod-voy solib):
— Oh, Xudoyim! Endi bunaqasini ham ko‘rdikmi?! Ertaga kelin bo‘ladigan qiz yarim kechagacha qayerlarda yuribdi?!
Akari ko‘zlarini yumib, charchoq bilan pichirladi:
— Akari (o‘ziga-o‘zi):
— O‘zimni oldindan dafn etishim kerak edi…
Yuna xonim qizining ustidagi kiyimga ko‘zi tushib, dahshat bilan qo‘lini og‘ziga olib bordi.
— Yuna xonim (shokda):
— Bu… bu kimning haori si?!
Akari javob berishga ham urinishni istamadi. Shunchaki xonasiga qarab yura boshladi.
— Yuna xonim (yo‘lini to‘sib, shippakni qo‘liga olib):
— Oh-ho, kel endi, oyimjoning senga tarbiya saboqlari berib qo‘ysin!
Akari ko‘zlarini katta ochdi va darhol qochishga tushdi.
— Akari (havo yutib):
— Onajon, bugun juda charchadim, ertaga urasiz!
— Yuna xonim (shippak bilan urmoqchi bo‘lib yugurib):
— Ertaga ham uraman, hozir ham uraman!
Akari uy ichida chap berib qocharkan, kutilmaganda kir yuvayotgan dadil qo‘shnilaridan biri hovlidan turib ovoz berdi:
— Qo‘shni ayol (masxara bilan):
— Yuna opa, qizingiz bugun yana jang maydonida yigitlar tomosha qilib yuribdi, desam ishonmadingiz-a? Mana, endi o‘zingiz ko‘ring!
Yuna xonimning yuzi birdan qorayib ketdi.
— Yuna xonim (hayqirib):
— Akariiii!!!
Akari eshikdan sakrab chiqarkan, ichida o‘ylardi:
— Akari (hafsalasi pir bo‘lib):
— Ertaga ham uradi, bugun ham uradi, balki butun umr urarmikan?..
Yuna xonimning tili bilan urishishining naf bermaganini tushungach, qizini ushlab olgach, Akarini dumbasiga bir necha marta shippak bilan urdi.
— Yuna xonim (qahr bilan):
— Bunga o‘xshagan qiz tug‘ib, hayotimni barbod qilgan ekanman! Bir kun bo‘lsa ham onangni xursand qila olmaysanmi, tentak qiz?!
Akari lablarini tishlab, indamay turdi. Urib bo‘lgach, onasi uni qo‘yib yubordi va kechki ovqat uchun dasturxon tuzatishga o‘tdi.
Ko‘p o‘tmay, hamma yig‘ilib ovqatlanishga o‘tirdi. Ammo Akari oddiygina o‘tira olmadi — onasi unga kichik chabudai stolchani qo‘liga ushlab turishni buyurdi. Bu jazo bo‘lib, Akari ovqat yeya olmasdi, faqat tizzalarida o‘tirgancha, stolni baland ko‘tarib turishi kerak edi.
Oilaviy kechki ovqat davomida otasi, Janob Itador, o‘ziga bir qarab, yonida turgan haori ni qo‘liga oldi va unga sinchiklab tikildi. Uning qalin matosi va orqasidagi muhrli belgini e’tibor bilan ko‘zdan kechirib, ichidan kulib qo‘ydi.
— Janob Itador (tabassum bilan):
— Hm… Fujiwara oilasining ramzi… Demak, qizim ancha baland pog‘onadagi bir inson bilan uchrashibdi…
Bu gapni eshitgan Akarining ukasi, Haruto, ovqatini chaynab turib, sekin opasiga qaradi va kinoyali kulib qo‘ydi.
— Haruto (masxara qilib):
— Opa, siz samuraylarga befarq edingizku, endi ulardan biri bilan uchrashyapsizmi? Ooo~ qizig‘-a!
Akarining stol ushlab turgan qo‘llari beixtiyor titrab ketdi. Haruto yana davom etdi:
— Haruto (kulib):
— Nega hech narsa demayapsiz? Xijolat bo‘lyapsizmi? Axir erga tegadigan yoshga yetdingiz, shunday bo‘lishi kerak-ku, to‘g‘rimi?
Akari unga g‘azab bilan tikildi, ammo jazosi tufayli hech narsa qila olmadi. Haruto esa opasining qiynalayotganidan zavqlanib, dumaloq ko‘zlarini katta ochgancha, oshini zavq bilan paqqos tushirardi.