January 18

MAQSAD SARI INTILUVCHAN LINARA

«Enter Steel Olmaliq» mashinasozlik zavodida ko‘plab yuqori malakali mutaxassislar, o‘z sohasining chinakam professionallari mehnat qilayotgan jamoasi bilan faxrlanadilar, bugungi kunda ular tomonidan xaridorgir sifatli mahsulotlar yaratilmoqda.

Ishlab chiqarish-texnik bo‘lim boshlig‘i Linara Xasanovani ham korxona yetakchi mutaxassislari qatoriga to‘liq kiritish mumkin. U zavodda bor-yo‘g‘i bir yildan ortiq vaqtdan beri ishlayotgan bo‘lsa-da, hamkasblari hurmati va e’tirofiga sazovor bo‘lishga ulgurdi.

— IchTBni boshqarishga nisbatan yaqinda kirishdim, bungacha men katta texnolog bo‘lganman, — deydi Linara Xasanova. — Mening rahbarligimda 10 nafar xodim ishlaydi, ularning vazifalariga metall konstruksiyalarning chizmalarini tayyorlash, komplektatsiya qilish, taqsimlash va metall sarfini nazorat qilish, mahsulotlarning ishlab chiqarish jarayonini tekshirish, barcha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish kiradi.

Linara Xasanova tajribali mutaxassis, u mashinasozlik sohasida 15 yildan ortiq ishlagan. Aytgancha, u dastlab texnik ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘z vaqtida Chirchiq davlat pedagogika universitetini sirtdan tamomlagan. Ammo hayot o‘z shartlarini qo‘ygan va Linara kasbini o‘zgartirishi, mustaqil ta’lim olish va amaliyot yo‘li bilan yangi bilimlarga ega bo‘lishiga to‘g‘ri keldi, u bundan umuman afsuslanmaydi va bu yo‘lni tanlanganidan mamnun.

— Albatta, avvaliga oson bo‘lmadi, lekin aytishadiku: istak, sabr-toqat va mehnat ko‘p narsaga erishishga imkon beradi, — deydi qahramonimiz. — O‘zim Nurafshon shahrida istiqomat qilaman va 2008-yildan buyon metall konstruksiyalarni ishlab chiqaruvchi yirik korxonada mehnat qilganman. U yerda 11 yil ishladim va bu korxona «Krantas» mashinasozlik zavodiga aylantirilgach, boshqa korxonaga ishga joylashdim va muhandis-texnologdan bosh texnologgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim.

Umuman olganda, Linara maqsad sari intiluvchan va puxta inson, agar u biror narsa qilishni boshlasa, albatta oxiriga yetkazadi. Bugungi kunda ham o‘z kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish ustida ishlashni davom ettirmoqda — ko‘plab maxsus adabiyotlarni o‘qiydi, chizmalar bilan ishlashni yoqtiradi.

— Albatta, men ko‘p vaqtimni ishga bag‘ishlayman, — deya suhbatimizni yakunladi Linara Xasanova. — Ammo ikki farzandimni tarbiyalashni ham unutmayman. Avtomobil texnikasini sotuvchi firmada tashqi iqtisodiy faoliyat menejeri sifatida o‘z karyerasini qurayotgan qizimning muvaffaqiyatlari bilan faxrlanaman. O‘g‘lim esa hali maktabda o‘qiydi, lekin hozirdan keyingi ta’limni qayerda davom ettirishi, hayotda qanday yo‘lni tanlashi haqida o‘ylayapmiz. Bo‘sh vaqtimda dugonalarim bilan shahrimiz bo‘ylab velosipedda sayr qilishni yaxshi ko‘raman. Bu muhitni o‘zgartirishga, jismoniy holatimni yaxshilashga va yangi energiya to‘plashga yordam beradi.

Linara Xasanovaga faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, hayotida esa baxt tilaymiz!