ISHDA HAR BIR KICHIK NARSA HAM MUHIM
«Ko‘z — qo‘rqoq, qo‘l — botir» — bu Enter Steel mashinasozlik zavodidagi yupqa devorli metall buyumlar ishlab chiqarish sexi katta ustasi Kamoliddin Pirxonidinovning hayotiy shiori.
Uning bu yerda ishlab chiqarishda mehnat qilayotganiga bir yildan sal ko‘proq vaqt bo‘ldi, biroq bu nisbatan qisqa vaqt ichida o‘zining professionalligi va ijobiy xarakteri bilan hamkasblari hurmatiga sazovor bo‘ldi. Farg‘ona viloyatida tug‘ilib o‘sgan Kamoliddin taqdir taqozosi bilan hozir Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiladi. Farg‘ona politexnika institutida olgan zarur bilimlari asosida o‘z ixtisosligi bo‘yicha mustahkam tajribasini shakllantirgan. Shuning uchun u zavodga allaqachon yetuk mutaxassis sifatida keldi.
— Enter Steel’da ishlash menda darrov katta qiziqish uyg‘otdi, ishlab chiqarish ko‘lami hayratlanarli, — deydi Kamoliddin. — Bizning jamoamiz 36 kishidan iborat — SDN operatorlari, payvandchilar, bo‘yoqchilar, yig‘uvchi-qadoqlovchilar va boshqa mutaxassislar. Barchasi o‘z ishining ustasi va berilgan vazifalarni bajarishga mas’uliyat bilan yondashadi.
Kamoliddin aka o‘zining kundalik vazifalari haqida gapirar ekan, uning ish kuni xodimlarning xavfsizlik qoidalariga rioya qilishiga bag‘ishlangan besh daqiqalik mashg‘ulotdan boshlanishini ta’kidladi. Himoya kiyimi, poyabzal, kaskalar, ko‘zni himoya qiluvchi ko‘zoynak va boshqa qator jihozlarning majburiy mavjudligi nafaqat qulay ish uchun, balki barcha mumkin bo‘lgan noxush vaziyatlardan himoyalanish uchun ham xizmat qiladi.
— Men butun ishlab chiqarish jarayoni uchun javobgarman, — deb davom etdi qahramonimiz. — Barcha uskunalar qanday ishlashidan boshlab, tayyor mahsulotni qadoqlashgacha. Men boshqa xodimlar kelishidan biroz oldin ishga kelaman, tungi smenadan stanoklarni qabul qilaman va hammasi talab darajasida ishlayotganligini tekshirib chiqaman. Nuqsonlar aniqlansa, ularni tuzatish uchun tezkor choralar ko‘raman. Shuningdek, ustaxonada mavjud gaz payvandlash va lazer apparatlari ishlashi uchun zarur bo‘lgan gaz va elektr ta’minoti tizimlarini ko‘rib chiqaman. Bundan tashqari, mening vazifalarimga hisobotlarni tayyorlash va kerakli materiallar kalkulyatsiyasini tuzish kiradi.
Hikoyamiz yakunida qahramonimizning oilasi haqida bir necha so‘z aytmoqchimiz. U oilali, uch farzandi — ikki qizi va bir o‘g‘li bor. Kattalari maktabga boradi, kenja qizi esa onasi bilan uyda.
Kamoliddin Pirhonidinov oilasiga baxt va saodat, mehnat faoliyatida esa ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!