December 7, 2023

Sara Suleymanova: mening e’tiqodim — qat’iyat va matonat!

Sara Sulaymonova Enter Steel zavodiga o‘tgan yilning may oyida allaqachon o‘zining mustahkam mehnat stajiga ega bo‘lgan, e’tibor qozongan mutaxassis sifatida kelgandi. Korxonada ana shunday qadrli xodimni qo‘ldan boy bermaslikka qaror qilishdi va Sara Altayevnani bosh texnolog bo‘limiga texnolog-muhandis sifatida ishga olishdi.

— Men Chirchiq shahrida tug‘ilib o‘sganman, — deydi o‘zi haqida Sara Suleymanova. — Toshkent politexnika institutida tahsil olgach, umrimning ko‘p yillarini ishlab chiqarish sohasiga bag‘ishladim. Mening yo‘lim ba’zan qiyin va mashaqqatli edi, lekin qat’iyatlilik va tanlagan kasbimda o‘zimni shakllantirishga bo‘lgan katta ishtiyoq tufayli ko‘p narsaga erisha oldim.

Sara Altayevna uchun orttirilayotgan tajriba juda muhim edi, buning natijasida kelgusi karyera yo‘lining rivojlanish «vektori» belgilanardi, motivatsiya shakllanardi, hamkasblari bilan munosabatlar uslubi shaxsiy o‘zini o‘zi qadrlashiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Uning kasbiy yo‘lida ko‘tarilishlar va pasayishlar, muvaffaqiyatlar va xatolar bo‘ldi, ammo qahramonimiz qat’iyat bilan oldinga yurdi.

— Ko‘pchilik do‘stlarim ayollarga xos bo‘lmagan, ancha murakkab va ba’zan og‘ir, katta kuch, ma’lum bir fikrlash qobiliyati va temperamentni talab qiladigan kasbni tanlaganimdan hayratda qolishardi, — deya davom etadi qahramonimiz. — Ammo men ayol kishi zaif shaxs emasligini va u istagan ishi bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlarga ega ekanligini isbotlay oldim. O‘z ishimni juda yaxshi ko‘raman. Mening vazifalarim xilma-xil va shunisi bilan ham qiziqarlidir.

O‘z vazifalari doirasida texnolog-muhandis Sara Altayevna keng ko‘lamli vazifalarni bajaradi. Konstruktorlik sxemalarini tekshiradi, mahsulot namunalari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi, mahsulot sifatini nazorat qilishning yangi usullarini ishlab chiqadi. Va bu hali hammasi emas. Shuningdek, u texnologik normativlar, instruksiyalar, yig‘ish sxemalari, marshrut xaritalari, mahsulot texnik darajasi va sifati xaritalari va boshqa texnologik hujjatlarni ishlab chiqadi. Ba’zan texnologik jarayonlar va ishlab chiqarish rejimlarida tuzatishlar kiritilganligi sababli texnik hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish kerak bo‘ladi. Bu masalada ham malakali yondashuv talab etiladi. Yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun, masalan, belgilangan standartlar va operatsiyalarning ma’lum tartibini hisobga olish kerak.

— Qanday vazifani bajarsangiz ham, asosiysi o‘z ishingizni sifatli va talab darajasida bajarsangiz kifoya, — deya suhbatimizni yakunladi qahramonimiz. — So‘zimning so‘ngida barchaga, shu jumladan, o‘zimga ham hamisha shu tamoyilga amal qilishni tilamoqchiman. Hammaga omad!