ENTER STEEL QORAKO‘L
«Enter Steel Qorako‘l» MChJ kompaniyasi «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasi (keyingi o‘rinlarda – «Qorako‘l» EIZ) rezidentiga aylandi va «Qorako‘l» EIZ hududida metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish zavodi (keyingi o‘rinlarda – MKZ) qurilishiga 15 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Qurilish tugagandan so‘ng MKZ maydoni 14,8 gektarni tashkil qiladi, ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 50 ming tonna metall konstruksiyalarni, shu jumladan, texnologik quvurlar uchun po‘lat estakadalar, bino va inshootlarning metall karkaslari, yuqori voltli elektr uzatish liniyalari tayanchlari, projektor machtalari, antenna-machta aloqa konstruksiyalari va boshqa metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish va qayta ishlashga mo’ljallangan. Bundan tashqari, korxonada O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda birinchi marta mamlakatimiz neft sanoati uchun, shuningdek, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilish uchun burg‘ulash qurilmalarini ishlab chiqaradi.
Bunday yirik sanoat korxonasining barpo etilishi nafaqat Buxoro viloyatida iqtisodiyot va sanoat rivojiga qo‘shimcha turtki beradi, 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi, balki kompaniyaning hududiy bozordagi o‘rnini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
«Qorako‘l» EIZ direktori Bahodur Hafizov shunday dedi: «Enter Steel Qorako’l»ning «Qorako‘l» EIZ rezidentlari qatoriga kiritilishi va metall konstruksiyalari zavodining qurilishi «Qorako‘l» EIZning shakllanishi va rivojlanishidagi muhim bosqichdir.
O‘z navbatida, biz «Enter Steel Qorako’l»ni ushbu investitsiya loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha zarur shartlar va resurslar bilan ta’minlashga tayyormiz».
Kompaniya MKZni joylashtirish uchun Buxoro viloyatidagi «Qorako‘l» EIZning tanlanishi uning qulay geografik joylashuvi, sanoatni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadigan resurslar va sharoitlar mavjudligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Bundan tashqari, «Qorako‘l» EIZda bir vaqtning o‘zida qurilishi rejalashtirilgan boshqa yirik investitsiya loyihalari, masalan, MTO (Metanol to Olefins) texnologiyasiga asoslangan gaz-kimyo majmuasi kompaniyaga kelajakda salohiyatli sheriklar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini beradi.