February 16

Furqat Abdug'afarov: «Har qanday vazifani birgalikda bajaramiz»

Furqat Abdug‘afarov uzoq yillik ish faoliyati davomida turli sohalarda mehnat qilgan, ammo qayerda bo‘lmasin, ishga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishi bilan ajralib turgan. Ana shu fazilati tufayli hamkasblari va rahbariyatning hurmati, izzat-ikromiga sazovor bo‘lgan.

Qahramonimiz Enter Steel mashinasozlik zavodiga 2022-yil noyabr oyida kelgan, bu yerda bosimli idishlar va apparatlar ishlab chiqarish sexida usta sifatida ish boshlagan. Bir yil o‘tgach, tajribali va mas’uliyatli mutaxassisga vertikal stendlarni rulonlash sexiga rahbarlik qilishni taklif qilishganida u dastlab ikkilandi, chunki bu uning uchun mutlaqo yangi yo‘nalish edi. Ammo vazifalar va texnologiyani o‘rganib chiqib, buni uddalay olishiga amin bo‘ldi. Axir bejizga aytishmaydiku: usta har ishni bajarishga qodir.

— Rulonlash usuli ish joyidagi payvandlash ishlarini 80 foizga qisqartirish hisobiga rezervuar idish ishlab chiqarish vaqtini 3-4 barobar tejash imkonini beradi, — deydi Furqat aka. — Bu konstruktsiya tannarxini ham kamaytiradi. Katta hajmli rezervuarlarning devorlari uchun rulonli zagotovkalardan — 10 ming m3 va undan ko‘p — pastki poyaslarning kerakli qalinligi (18 mm dan ortiq) tufayli foydalanish mumkin emas. Bunday rezervuarlarning devorlari 8 x 2,5 metrgacha bo‘lgan o‘lchamdagi alohida listlardan o‘rnatish joyida mexanizatsiyalashgan va avtomatik payvandlash yordamida yig‘iladi, bu choklarning standart sifatini ta’minlaydi.

Furqat Abdug‘afarov rahbarlik qilayotgan sexda 11 kishi — payvandchi va slesar-yig‘uvchilar mehnat qilmoqda.

— Yigitlarning barchasi o‘z ishining ustasi, yuqori darajali professoinallar, — deydi Furqat aka. — Yaqin kunlarda jamoaga yangi xodimlar kelishini kutmoqdamiz, bizga ko‘proq ishchi kuchi kerak. Biz yangi kelganlarni kutib olishga va ularga inoq jamoamizga moslashish va kerakli ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarida yordam berishga tayyormiz. Biz birgalikda har qanday murakkablikdagi vazifalarni bajara olamiz.

Furqat aka turmush o‘rtog‘i Mo‘tabar opa bilan to‘rt nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Ikki o‘g‘li va to‘ng‘ich qizining o‘z oilasi bor, ular ota-onasini besh nafar nabira bilan xursand qilishgan, ular hozir bobo va buvisining hayot mazmuni, quvonch manbai. Kichik qizi 11-sinfda o‘qiydi va universitetga kirishga hozirlik ko‘rmoqda. Bayramlarda butun oila to‘kin dasturxon atrofida yig‘ilib, muloqot qilishni yaxshi ko‘radi.

Biz esa Furqat Abdug‘afarovga ishlarida yangi ulkan muvaffaqiyatlar, hayotida quvonch tilaymiz!