Har qanday muammoning yechimi bor
«Enter Steel Olmaliq» zavodida ishlab chiqarish-texnik bo‘lim (IChTB) hujjatlashtirish va ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish bilan shug‘ullanadigan asosiy bo‘linma hisoblanadi. Bu yerda haqiqiy professionallar ishlaydi, texnik Margarita Zamanova ham ular jumlasidandir.
Margarita 2022-yilda universitetni tamomlagandan so‘ng korxonaga ishga kirdi va mehnatsevarlik, harakatchanlik, topshirilgan vazifalarga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish kabi fazilatlari evaziga hamkasblari hurmatini qozonishga muvaffaq bo‘ldi.
— Kasbiy rivojlanishimda ustozlarim muhim rol o‘ynadi, — deydi Margarita Germanovna. — Ular orasida mutaxassisligimning xususiyatlarini puxta egallashimga yordam bergan birinchi rahbarim Zafar Madaliyev (IChTB bo‘limining sobiq boshlig‘i) turli vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligini tushuntirib bergan. U odamlar bilan muloqot qilishda menga o‘rnak bo‘ldi. Bo‘limning yangi mudiri Linara Xasanovani haqli ravishda ikkinchi ustozim deb atashim mumkin. U men bilan barcha ish tajribasini baham ko‘radigan o‘ta pozitiv inson. Uning bir ko‘rsatmasi ayniqsa esimda qoldi: «Har bir muammoning, u qanchalik qiyin bo‘lmasin, yechimi bor». Bu so‘zlar mening haqiqiy hayotiy shiorimga aylandi.
Texnikning ko‘plab vazifalari bor — yangi buyurtmani qabul qilishda chizmalarni o‘rganish, mahsulotlar uchun metallning qabul qilinishini tekshirish, mahsulotni belgilangan tartibda ishlab chiqarishga yo‘naltirish. Bundan tashqari, uning vazifalari qatoriga ishlab chiqarishning va buyurtmachiga jo‘natishning barcha bosqichlarida mahsulotlarni kuzatish va hujjatlashtirish ham kiradi.
— Korxonamizda ish yuki ancha yuqori, shu bois IChTB xodimlari zimmasida ko‘plab vazifalar bor, — deydi qahramonimiz. — Bu jarayonda, tabiiyki, rejadan tashqari muammolarni bartaraf etish, ishlab chiqarish vakillari bilan muloqot qilishimiz kerak. Ammo jamoa ahilligi evaziga barcha qiyinchiliklarni yengmoqdamiz. Hamkasblarimning barchasi o‘z sohasining mutaxassislari, ularning ko‘pchiligi bilan bir vaqtda ish boshlaganmiz va ular doimo bir-biriga yordam berishga tayyor.
Maqolani yakunlab, shuni qo‘shimcha qilmoqchimizki, qahramonimiz nafaqat ishda o‘zini topdi, balki shaxsiy hayotida ham baxtli bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. U turmush qurgan, jajji qizalog‘i bor.
Margarita Zamanovaga omad, kasbiy o‘sish va oilaviy farovonlik tilaymiz!