April 20

Zamonaviy ishlab chiqarish zamonaviy texnologiyani talab qiladi

Yangiyo‘l shahridagi Enter Steel mashinasozlik zavodi zamonaviy korxona bo‘lib, unda ham ilg‘or axborot texnologiyalari va kompyuter texnikasi joriy etilgan.

Uskunalarni o‘rnatish, sozlash va ta’mirlash, shuningdek, tegishli dasturiy ta’minotni o‘rnatish va ishlashini optimallashtirish masalalari bilan korxonaning IT bo‘limi shug‘ullanadi, unda malakali mutaxassislar, jumladan, muhandis Tohir Beknazarov ham ishlaydi.

«Oʻz vaqtida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining sirtqi boʻlimini kompyuter injeneriyasi yoʻnalishi boʻyicha tamomlab, 2021-yil aprel oyida Enter Steel kompaniyasiga ishga joylashdim. Mutaxassisligim boʻyicha ishlayotganimdan baxtiyorman, oʻzim yoqtirgan ish bilan shugʻullanaman. Bizning boʻlim zavodda IT resurslarini ishlab chiqish, texnik xizmat koʻrsatish va xavfsizligini ta’minlash bilan shugʻullanadi. Mening vazifalarimga kompyuterlarni oʻrnatish va sozlash, tarmoq uskunalari ishlashini ta’minlash, paydo boʻlgan texnik muammolarni hal qilish, dasturiy ta’minotni yangilash va axborot xavfsizligi kiradi. Bo‘limda mendan tashqari uchta mutaxassis ishlaydi, ularning har biri o‘ziga xos mas’uliyatga ega, biroq kerak bo‘lsa, bir-birimizning yordamimizga bemalol tayanishimiz mumkin», — dedi Toxir Beknazarov.

Korxona xavfsizligini ta’minlash, xususan, videokuzatuvni tashkil etish IT-mutaxassislari faoliyatining muhim yoʻnalishi hisoblanadi.

— Zavod hududini to‘liq qamrab olish uchun bitta serverga ulangan 200 ga yaqin videokameralar o‘rnatildi, — deya davom etadi qahramonimiz. — Ularning uzluksiz ishlashini nazorat qilish mening mas’uliyatim doirasiga kiradi. Bundan tashqari, biz hamkasblarimiz bilan birgalikda barcha yangi xodimlarni kompyuter va orgtexnika bilan ta’minlaymiz, ularning ishlashi va kommunikatsiyasi uchun zarur dasturlarni o‘rnatib beramiz.

Lekin IT boʻlimi xodimlari faqat bir xil rejimda ishlamaydilar, ular eng soʻnggi dasturiy ta’minot va maxsus jihozlarning yaratilayotganini ishtiyoq bilan kuzatib boradilar.

— Nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham «tayyor» bo‘lishimiz, bugungi kunda dunyoda nimalar dolzarbligini, qanday g‘oyalar amalda qoʻllanilayotganini bilishimiz kerak, — deya yakun yasadi Tohir Beknazarov. — Zavod bir joyda turmaydi va IT-mutaxassislari har doim yangi kompyuter texnologiyalarini joriy etishga tayyor turishlari kerak.

Yakunda Tohir va uning hamkasblariga omad va yaxshi kayfiyat tilab qolamiz!