March 7

MUNOJATNING ODDIY BAXTI

Mart oyi ajoyib bahoriy bayram — 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan boshlanadi. Bugungi kunda ayol, bu nafaqat uy bekasi, turmush o‘rtoq va ona. U erkaklarimiz bilan bir safda yurt ravnaqi yo‘lida yuksak kasbiy professionallik va mahorat namunasini ko‘rsatib, mehnat qilmoqda.

Hozirda Enter Steel mashinasozlik zavodida 140 nafarga yaqin ayollar ishlamoqda va ularning har biri o‘z ish joyida korxona rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular orasida kadrlar bo‘limi mutaxassisi Munojat Normatova ham bor. U zavodda 2021-yil mart oyidan beri ishlaydi hamda haqli ravishda hamkasblari va rahbariyatning hurmatini qozongan.

— Enter Steel kompaniyasida ishlayotganimdan o‘zimcha faxrlanaman, nazarimda, bu eng jadal rivojlanayotgan korxonalardan biri, — deydi Munojat Normatova. — Buyurtmalar soni va shunga mos ravishda xodimlar soni muntazam ortib bormoqda. Bu yerda kadrlar tarkibini shakllantirish va malakali mutaxassislarni tanlashda ishtirok etayotgan kadrlar bo‘limi xodimlarining mehnati ahamiyatga ega.

Qahramonimizning ishonchi komilki, agar korxona kadrlar hisobini yuritishni aniq bilsa va barcha hujjatlar tartibda saqlansa, rahbariyat har bir xodim va umuman kompaniya haqida to‘liq va batafsil ma’lumot olishi va shuning uchun kelajakdagi faoliyatini rejalashtirishi mumkin bo‘ladi.

— Masalan, xodimlar toʻgʻrisida aniq maʼlumotlarning mavjudligi ish haqi darajasini tahlil qilish va kadrlar taʼlimini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Munojat. — Shuningdek, to‘g‘ri hisob-kitob kadrlar almashinuvini baholash va mustahkamlash yoki optimallashtirishni talab qiladigan lavozimlar bo‘yicha pozitsiyalarni aniqlash imkonini beradi. Bunda bizga zamonaviy dasturlar yordamga keladi. Men «1C: Ish haqi va kadrlar boshqaruvi» avtomatlashtirilgan tizimida ishlayman, bu kadrlar hisobini kompleks yuritish, xodimlarni boshqarish va ish haqini hisoblash hamda kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish imkonini beradi. Qolaversa, bo‘limimiz ishiga tajribali va bilimdon mutaxassis, qo‘l ostidagi xodimlarga nisbatan talabchan, ayni paytda doim yordamga tayyor bo‘lgan Azamat Rahimov rahbarlik qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yerda biz bir oiladekmiz — har kim o‘z vazifasini vijdonan bajaradi, kerak bo‘lsa bir-birimizga yordam beramiz.

Munojatxon biz bilan suhbatda barcha orzulari ushalgani uchun o‘zini baxtli hisoblashini aytdi. U o‘z kasbida o‘zini namoyon eta oldi, ishda do‘stlar orttirishga muvaffaq bo‘ldi. U yana sevimli ona va buvidir. O‘g‘li va qizi allaqachon o‘z oilalarini qurib, uni to‘rt nafar nabira bilan siylashdi. Yana nima orzu qilish mumkin!

— Nevaralarimning ulg‘ayib, baxtli bo‘lishini ko‘rmoqchiman, — deydi Munojat Normatova.

Biz uni va Enter Steel kompaniyasining barcha ayol xodimlarini yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklaymiz, ularga baxt va sog‘lik tilaymiz!