Prezident Enter Steelga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Yangiyo‘l tumanidagi Enter Steel zavodiga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari bu yerda ishlab chiqarish jarayoni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Korxonada metall konstruksiyalar, yuqori bosimli rezervuarlar, yuk ko‘taruvchi kranlar, burg‘ulash uskunalari, payvandlash elektrodlari, metall eshiklar, elektr shitlar ishlab chiqariladi. Sexlar Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Niderlandiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan. Korxona 1500 kishini ish bilan ta’minlashi mumkin.
Enter Steel kompaniyasida zarur mutaxassislarni tayyorlashga katta e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda «AMALIY MONOMARKAZ» tashkil etilgan bo‘lib, uning o‘quv xonalari va laboratoriyalari zavoddagi kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Markazning o‘quv dasturi Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.