ERP WE tizimi: rivojlanish yo‘lidagi modernizatsiya
Enter Steel mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyati davomida korxona rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi zamonaviy IT usullaridan samarali foydalanmoqda. Joriy yilning boshidan ikki yillik sinov rejimidan so‘ng modernizatsiya qilingan 1C: ERP WE tizimi ishlay boshladi. Kompaniya rahbariyati va IT-mutaxassislari zavod faoliyatining ajralmas qismiga aylangan innovatsiyalarni joriy etish jarayoni haqida fikr bildirdi.
— ERP (Enterprise Resource Planning) bu korxona resurslarini rejalashtirish tizimi, — deb tushuntiradi Enter Engineering tizim tahlili bo‘limi mutaxassisi Svyatoslav Dergunov. — Bu ishlab chiqarish hisobini yuritish, qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydigan chiqindilarni hisobga olish, ombor ishlarini yuritish, tovar-moddiy boyliklarning to‘liq va shaffof harakati hamda ishlatilishini ta’minlashni avtomatlashtiradigan zamonaviy hisob tizimidir. Tizim, shuningdek, tijorat, ichki va mijozlar buyurtmalarini hisobga oladi, ularning bajarilishini nazorat qiladi va aniq buyurtmalar uchun inventar obyektlaridan foydalanishni nazorat qiladi. ERP inventarizatsiya obyektlaridan qat’iy ravishda ma’lum bir buyurtma bo‘yicha foydalanishni, omborlar va savdo markazlari o‘rtasidagi harakatni nazorat qilish uchun xizmat qiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi avtomatik tarzda hisoblab chiqiladi va ishlab chiqarish hisoboti tuziladi.
Qariyb ikki yil davomida mutaxassislar ushbu tizimni korxona faoliyatiga joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdilar. Sinov jarayonida uning samaradorligini, shuningdek, nomuvofiqlik va kamchiliklarni aniqlash mumkin bo‘ldi. Shu munosabat bilan tizimni zavod ehtiyojlariga korrektsiyalash va moslashtirish kerak bo‘ldi.
— 1C: ERP WE’ni o‘rnatish jarayonida tizim tahlili bo‘limining IT-mutaxassislari xodimlarimizni u bilan ishlashga o‘rgatishdi, — deydi Enter Steel MChJ bosh direktori Kanat Tekenov. — Dastlab buxgalteriya hisobi va ombor qismlarida tizim to‘liq quvvatda ishladi, keyin esa zavodning barcha bo‘limlarini qamrab oldi. Sexlardagi operatorlar ishlab chiqarishda foydalanilgan xomashyo miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘lda qayd qilib, tizimga kiritdilar. Shunday qilib, har bir bosqichda tizimli hisob yuritildi. Hozirgi vaqtda biz ushbu yo‘nalishda ish olib boruvchi tuzilmani yaratdik va yangi ERP bo‘limi korxonaning barcha faoliyati bo‘yicha buxgalteriya hisobini boshqarish, amalga oshirish va kundalik monitoringini o‘z zimmasiga oladi. Bu ishlab chiqarish ishlarini tartibga solish, kompaniya mablag‘larini tejash, buyurtmalar bajarilishini monitoring qilish va kuzatish, ombor qoldiqlari hisobini yuritishda katta foyda keltiradi. Tizim doimiy ravishda takomillashtiriladi va yaxshilanadi.
Korxona bo‘limlari xodimlari bilan suhbat chog‘ida tizimni joriy etish jarayoni haqida turli fikrlarni eshitdik, ular tizimni o‘rganish ko‘pchilik uchun oson bo‘lmaganini tan oldilar. Ammo hamma bir xil xulosaga keldi: modernizatsiya qilingan usul samarali va zarur. Axir, ERP tizimini kompaniyaning barcha yo‘nalishlarini boshqarish uchun zarur bo‘lgan barcha asosiy jarayonlar to‘plami sifatida ko‘rish mumkin.