December 5, 2023

ENTER STEEL ZAVODI: YUTUQ VA ISTIQBOLLAR

Mamlakatimizdagi eng zamonaviy metal konstruksiyalarni ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri, ya’ni Yangiyo‘l Enter Steel zavodining tarixi 2019-yil iyul oyida boshlangan. Aynan oʻshanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Yangiyoʻl tumaniga tashrifi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan viloyatda sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq boʻlajak korxona poydevoriga tamal toshi qoʻyildi.

Bugungi kunda korxonada metal konstruksiyalar ishlab chiqarishdan tashqari kranlar, rezervuarlar, konteynerlar, yuqori bosimli idishlar va boshqa jihozlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, Enter Steel mamlakatdagi issiq ruxlash texnologiyasidan foydalangan birinchi korxonalardan biridir. Zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 18 ming tonna metal konstruksiya ishlab chiqarish va 40 ming tonnagacha metal konstruksiyalarni ruxlash imkonini beradi.Bundan tashqari, neftni qayta ishlash uskunalarini ta’mirlash maydonchalarida quvurlar, elektr dvigatellari va boshqa mexanizmlar restavratsiyasi amalga oshirilmoqda.

Kompaniya mahsulotlaridan Samarkand City va Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali, OKMK negizida 3-MBF, BGQIZ kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda foydalanilmoqda.Zavodda 600 dan ortiq ishchi-xodimlar, jumladan, xorijlik mutaxassislar ishlaydi.Yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga Voortman, SHEFFER (Germaniya), WEST TECH (AQSh), Pilling (Germaniya), ANI METALL (Turkiya) kabi ishlab chiqaruvchilarning eng zamonaviy xorijiy uskunalaridan foydalanish yordam bermoqda.

Enter Steel zavodi mahalliy sanoatning metal konstruksiyalarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida qurilgan. Korxonaning mehnat jamoasi tashkil etilganining birinchi yilidanoq o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi — ishlab chiqarish hajmini yiliga 30 ming tonnaga yetkazishga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Korxona faol rivojlanishda davom etmoqda — Olmaliq shahrida 3-MBF (OKMK negizida 3-misni boyitish zavodi) qurilish platformasi yaqinida zavod filiali qurilmoqda. Ayni paytda asosiy ishlab chiqarish binosi qurilishi deyarli yakunlandi. Filial foydalanishga topshirilgach, 3-MBF kabi keng ko‘lamli va ambitsiyali loyiha uchun zarur mahsulotlarni yetkazib beradi.

Bundan tashqari, Enter Steel rahbariyati mahsulotlarni zamonaviy standartlarga muvofiq loyihalash va qurishga katta e’tibor berib kelmoqda. Aynan shu maqsadlarda Chirchiq shahrida zavodning yangi konstruktorlik byurosi ish boshladi. Bu yerda yigirma nafarga yaqin mahalliy mutaxassis mehnat qilmoqda, kelgusida ish hajmining oshishi bilan yuqori malakali mutaxassislarni ishga olish orqali xodimlar tarkibini kengaytirish rejalashtirilgan.

Kelgusida Enter Steel jamoasi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yuqori sifatli mahsulotlarning keng assortimentini taklif qilish orqali yaqin va uzoq xorij mamlakatlari sanoat bozorlarini faol o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda.