OBRO‘LI MUTAXASSIS
Yuqori sifat standartlarini saqlab turish Enter Steel mashinasozlik zavodi faoliyatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Har kuni korxona sexlarida texnik nazorat bo‘limining 16 nafar xodimi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning belgilangan talablar va shartnoma majburiyatlariga muvofiqligini mustaqil nazorat qilib boradi. Ular orasida Enter Steel kompaniyasining TNB boshlig‘i o‘rinbosari Yelena Vinokurova ham bor.
Yelena Germanovnaning sifat nazorati sohasidagi faoliyati 2012-yilda Toshkent quvur zavodida nazoratchi lavozimidan boshlangan. Tajriba bilan birga karyera ham rivojlanib bordi — agregat zavodiga TNB boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida o‘tdi. Ammo ikki yil avval korxona Chirchiq shahriga ko‘chirilib, Yangiyo‘ldagi uyidan ishgacha borish noqulay bo‘lib qoldi. Shunday qilib, Yelena Vinokurova Enter Steelga ishga keldi. U bir muncha vaqt usta bo‘lib ishladi, keyin esa o‘zining professionalligi, ishga bo‘lgan mas’uliyatli munosabati va hamkasblari orasidagi obro‘si tufayli ko‘tarildi.
— Bugungi kunda Enter Steel bir qancha xalqaro ISO sertifikatlari bilan tasdiqlangan yuqori sifatli, talabgir mahsulotlar ishlab chiqarmoqda, — deydi Yelena Vinokurova. — Shu sababli bo‘lim xodimlari zimmasiga ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida texnologik reglamentlarga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha katta mas’uliyat yuklangan. Xususan, ishlarning ISO sertifikatlariga muvofiqligini taʼminlash uchun xodimlarning vazifalari va sexlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni belgilab beruvchi bir qator meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqdik va joriy qildik.
Ta’kidlash joizki, Yelena Vinokurova qattiqqo‘l va talabchan, lekin ayni paytda o‘z ishi uchun qayg‘uradigan, adolatli mutaxassis. Uning fikricha, korxona faoliyatining umumiy natijasi aynan kichik narsalardan barpo bo‘ladi.
— Ikki yil ichida TNB jamoasi oldinga katta qadam tashladi, — dedi Yelena Germanovna. — Normativlarni ishlab chiqishdan tashqari, biz kiruvchi mahsulotlarni tekshirishni ham amalga oshiramiz, ularning darajasi doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Zavoddagi xodimlarni tartibli bo‘lishga o‘rgatdik, yetkazib beruvchilar sertifikat jo‘natish talabiga o‘z vaqtida javob qaytarishadi, kompaniyaning boshqa tarkibiy bo‘linmalaridagi hamkasblarimiz bizga maslahat so‘rab murojaat qila boshladilar.
Ishdan tashqarida talabchan xodim sevimli mashg‘uloti va uy hayvonlari bo‘lgan mehribon ona va buviga aylanadi.
— Uch nafar farzandim voyaga yetib, hayotda o‘z yo‘lini topgan, — deb tabassum qiladi qahramonimiz. — Ular oilali, uch nafar nabiram bor. Tikish va to‘qishni yaxshi ko‘raman, bu sevimli mashg‘ulot hatto qiyin paytlarimda oilamni boqishga ham xizmat qilgan. Yana uchta kuchugim bor, u bechoralarni ko‘chadan topib, boqib olganman, endi ular mening sodiq do‘stlarim.
Yelena Vinokurova va uning hamkasblariga muvaffaqiyat va yaxshi kayfiyat tilaymiz!