December 21, 2023

ENTER STEEL: METALNING IKKINCHI HAYOTI

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi xorijiy investorlar ishtirokidagi «Enter Steel» mas’uliyati cheklangan jamiyati mashinasozlik zavodi bugun nafaqat turli metal konstruksiyalarni ishlab chiqarmoqda, balki uning sexlarida neft kon uskunalari yangi «hayot»ga qaytarilayapti. Korxonada bir yarim yildan ortiq vaqtdan buyon Saneg kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan nasos-kompressor quvurlari va nasos shtangalari qayta tiklanib kelinmoqda.

Foydalanish muddati tugagan quvurlar zavodga konlardan keltiriladi va ularning ayrim qismlari 30 yildan ortiq ishlab turibdi. Zavodning maxsus jihozlangan sexida kuniga 150 tagacha nasos-kompressor quvurlari va nasos shtangalarni taʼmirlash va tiklash imkonini beruvchi ikkita texnologik liniya oʻrnatilgan.

Quvurlarni ikkinchi hayotga qaytarishdan avval, ular transformatsiya sodir bo‘ladigan bir qator protseduralardan o‘tishlari kerak. Birinchidan, vizual tekshiruv o‘tkaziladi, unda uskunaning bir qismi brakka chiqariladi, qolgan qismi esa bir necha soat davomida sirt faol moddalar solingan maxsus yuvish moslamasiga yuboriladi. Keyin shablonlash amalga oshiriladi (quvurning geometrik parametrlarini tekshirish), muftalar burab chiqariladi va yana bir bor tozalanadi. Shundan keyingina nasos-kompressor quvurlari va nasos shtangalari muhim maydonga — nuqsonlarni aniqlash uchun yoboriladi, bu yerda metalning ichki nuqsonlari aniqlanadi. Ular topilmasa yoki kerakli uzunlikni (kamida 5,5 metr) saqlab, shikastlangan joyni olib tashlash imkoni bo‘lsa, u holda quvurlarga yangi rezbalar qilinadi va muftalar qayta vintlanadi. So‘ngida mahsulotlar yana bir sinovdan o‘tadi — ular gidrotest stendida mustahkamlikka tekshiriladi.

Natijada, ta’mirlangan quvurlar markalanadi, ularga maxsus ma’lumotlar qo‘yiladi va qadoqlanganlari yana ishning buyurtmachisiga, konlarda o‘zlarining mushkul vazifasini bajarish uchun yuboriladi.