October 3

Yangi o'quv markazi tuzildi

Enter Engineering kompaniyalar guruhi faoliyatida har qanday murakkablikdagi ishlab chiqarish muammolarini hal etishga qodir, zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakaga ega mahalliy yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Buni amalga oshirish maqsadida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi Enter Steel mashinasozlik zavodi negizida «AMALIY MONOMARKAZ» o‘quv markazi tashkil etildi.

Markazni tashkil etishda davlatimiz rahbarining «Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qonuniy asos bo‘ldi. Ushbu markazda quyidagi yo‘nalishlarda yosh mutaxassislarni tayyorlash, kadrlar zaxirasini yaratish va korxona xodimlarining malaka darajasini oshirish amalga oshiriladi: payvandlash usullarini o‘rgatish va payvandlov ishlab chiqarishi; gidravlika va gidroprivod; pnevmatik qurilmalar va mexanizmlar; nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika (NO‘AvaA); RDB dastgohlari operatorlarini tayyorlash; MTX guruhining malakasini oshirish. Mashg‘ulotlar tajribali o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi.

O‘quv jarayoni va amaliy mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etish uchun «AMALIY MONOMARKAZ» zavodda qo‘llaniladigan zamonaviy texnika bilan jihozlangan. Bu argon-yoyli payvandlash (TIG), yarim avtomatik payvandlash (MIG) va qo‘lda elektr-yoyli payvandlash (MMA) apparatlari, virtual payvandlash trenajyori, shuningdek, pnevmatika, gidravlika, elektrotexnika va elektronika bo‘yicha stendlar. Nazariyani o‘rganish va maxsus bilimlarni olish uchun katta texnik kutubxona tuzilgan.

Yangi oʻquv markazi faoliyatining yana bir yoʻnalishi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti bilan tuzilgan hamkorlik memorandumi asosida oʻzaro hamkorlik boʻladi. Bu o‘quv va diplom oldi amaliyotni tashkil etish nuqtai nazaridan korxona va universitet o‘rtasida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shuningdek, metallurgiya, payvandlash materiallari sohasida ilmiy va eksperimental tadqiqotlar olib borish, doktorantlar dissertatsiyasini himoya qilishda asbob-uskunalar tayyorlashda yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Yangiyo‘l tumanidagi 1- va 2-sonli kasb-hunar ta’limi muassasalari bilan shartnomalar imzolangani markazning amaliy faoliyatini boshlash yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.

Albatta, «AMALIY MONOMARKAZ» faoliyati mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlarning talab yuqori bo‘lgan ishchi mutaxassisliklarni o‘zlashtirishiga turtki bo‘ladi, zavodning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi va nafaqat tumandagi, balki undan tashqaridagi ijtimoiy holatga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.