Inson o‘z o‘rnini topsa
Enter Steel mashinasozlik zavodida korxona bosh muhandisi o‘rinbosari Larisa Iosifovna Tsoyni ham tajribali va mas’uliyatli mutaxassis, ham ajoyib inson sifatida bilishadi va hurmat qilishadi.
Biz Larisa Iosifovnadan faoliyati va hayoti haqida so‘zlab berishini so‘radik:
— Men poytaxt viloyatida tug‘ilib o‘sganman, Toshkent politexnika institutining energetika fakultetida suv va yoqilg‘i texnologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olganman. 2023-yil aprel oyida Enter Steel zavodiga ishga kirishdan oldin bir qator korxonalarda ishlaganman. Mening asosiy vazifam — korxona bo‘limlari o‘rtasida ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish. Bu metal konstruksiyalarni ishlab chiqarishni rejalashtirish va kerakli hajmdagi metallni komplektatsiya qilish bilan bog‘liq mas’uliyatning juda keng doirasi.
Qayd etish joizki, qahramonimiz faoliyat yillari davomida to‘plagan katta tajribaga ega. Korxona rahbariyati va hamkasblari u haqida ishning eng qiyin sohalarida ishonish mumkin bo‘lgan haqiqiy professional sifatida gapirishadi. Larisa Iosifovna, o‘z navbatida, jamoa ijrochilardan tortib, mutaxassislar va bo‘lim boshliqlarigacha asosan mas’uliyatli, malakali hamkasblardan iborat ekanligini ta’kidlaydi. U buni nafaqat korxonaning joriy faoliyatini tashkil etish, balki uzoq muddatli o‘sishi uchun ham asosiy omillardan biri deb biladi.
— Men bu yerda zavq bilan ishlayman, imkon qadar rivojlanishga harakat qilaman, — deb tan oladi Larisa Tsoy. — Jamoada sog‘lom ish muhiti mavjud bo‘lishini va o‘z ishining haqiqiy ustalari va shunchaki yaxshi insonlar qurshab turishini ijobiy deb bilaman. Xodimlarga kasbiy o‘sish va shaxs sifatida o‘zini namoyon qilish imkoniyatini beradigan kompaniyalar guruhimizga rivoj tilayman.
Xulosa o‘rnida shuni qo‘shimcha qilmoqchimizki, Larisa Iosifovnaning ajoyib oilasi bor. Turmush o‘rtoq‘i Stanislav bilan birgalikda ikki o‘g‘ilni — Vladimir va Dmitriyni tarbiyalab, voyaga yetkazdilar, ular allaqachon professional sohada ajoyib natijalarga erishgan va mas’uliyatli lavozimlarni egallagan.