Asosiysi — kunni to‘g‘ri rejalashtirish
Sardor Ergashev yosh bo‘lishiga qaramay, ishlab chiqarish sohasida katta tajribaga ega. Olmaota energetika va aloqa universitetini tamomlagach, bir qancha ixtisoslashtirilgan korxonalarda ishladi, rahbar lavozimlarni egalladi va shu tufayli anchagina tajriba orttirdi.
«Enter Steel Almalyk» mashinasozlik zavodida Sardor 2022-yildan beri ishlaydi. Hozirda bosh mexanik lavozimida.
— Uskunalarning uzluksiz va ishonchli ishlashini ta’minlash, ularga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish uchun mas’ulman, — dedi Sardor o‘z faoliyati haqida. — Ta’mirlash va profilaktik ishlarning vaqtinchalik jadvallarini tuzaman, ularning bajarilishini, eskirgan butlovchi qismlar va agregatlarni almashtirishni nazorat qilaman, shuningdek, zavodga kelayotgan yangi dastgoh va mexanizmlarni o‘rnatish va sozlashni boshqaraman.
Ushbu faoliyat yaxshi nazariy va amaliy tayyorgarlikni talab qiladi, chunki zavodda eng murakkab metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish imkonini beruvchi zamonaviy, murakkab uskunalardan foydalaniladi.
— Men oʻzim uchun asosiy tezisni ishlab chiqdim va unga amal qilaman: koʻnikma va bilim faqat ish vaqtini toʻgʻri tashkil etish bilan birgalikda samara beradi. Barcha topshiriqlarni bajarish va qo‘l ostidagilardan buni talab qilish muhim, — dedi Sardor Ergashev. — Oʻz ishini yuqori saviyada biladigan haqiqiy professionallar bilan ishlayotganim uchun taqdirdan cheksiz minnatdorman. Qolaversa, jamoamiz juda ijobiy, mehnatsevar, uning har bir a’zosi o‘z ishining ustasi degan nomga loyiq.
Yana shuni qoʻshimcha qilmoqchimizki, Sardorning otasi, texnik nazorat boʻlimi boshligʻi Tohir Ergashev ham «Enter Steel Almalyk»da ishlaydi. Birgalikda ishlash ota va o‘g‘ilni yanada yaqinlashtirdi. Shu nuqtai nazardan, ularning umumiy jihatlari juda ko‘p: faoliyat, hamkasblar, tanishlar, ishlab chiqarish bilan bog‘liq barchasi. Qahramonimizning onasi Dilfuza opa esa xususiy tashkilotda hisobchi bo‘lib ishlaydi. Rafiqasi Go‘zal hozircha ishlamayapti.
Sardorga faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, martaba yuksalishi va oilaviy farovonlik tilaymiz!