December 15, 2023

YANGI USKUNA O‘ZLASHTIRILMOQDA

«Enter Steel» mas’uliyati cheklangan jamiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsion mashinasozlik zavodi ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini muntazam kengaytirib bormoqda. Bunga korxonaning moddiy-texnik bazasining mustahkamlanishi, xususan, yangi texnologik uskunalarning sotib olinishi ham xizmat qilmoqda.

Shu tariqa, yaqinda OrbitalServise va Lorch (Germaniya) kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik almashinuvi uskunasining quvur varaqlariga quvurlarni ulash uchun yangi payvandlash komplekti keltirildi.

— Ushbu qurilma issiqlik almashtirgichlarni o‘rnatish yoki ta’mirlashda yupqa va qalin devorli quvurlarni quvurli doskalarga payvandlash uchun mo‘ljallangan, — deydi Enter Steel bosh payvandchisi Bekir Aliyev.

— Quvurdagi payvandlash boshining ichki diametr bo‘ylab aniq markazlashtirilishi konstruksiyalarning ishlatish vaqtida eng katta yuk to‘g‘ri keladigan, yetib borish qiyin bo‘lgan joylarini sifatli payvandlashni ta’minlaydi va uning tezligini oshiradi. Bu o‘ziga xos uskuna bo‘lib, hozirda O‘zbekistonda yagona hisoblanadi.

Uni sotib olish 2020-yildayoq rejalashtirilgan edi, ammo pandemiya tufayli rejani amalga oshirishning iloji bo‘lmagandi. Vanihoyat, joriy yilning mart oyida birinchi komplekt sotib olindi, ikkinchisi esa tez orada olib kelinishi kutilmoqda.

Bekir Ismetovichning aytishicha, payvandlash apparati OrbitalServis (Germaniya) kompaniyasining Qozog‘iston Respublikasi va Markaziy Osiyodagi rasmiy vakili hisoblangan «Fin Weld Azia» MChSh tomonidan yetkazib berildi.

Endi Enter Steel issiqlik almashinuvi uskunalari va havo sovutgich apparatlar sektsiyalarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Ushbu payvandlash komplekti bilan ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash masalasi ham muhimdir.

— Qabul qilingan uskunalarda ishlash uchun eng tajribali ustalarni saralab oldik, — davom etdi Bekir Aliyev. — Hozir ular uning xususiyatlari, printsiplari va payvandlash texnikasini o‘rganmoqdalar, biryo‘la zarur ko‘nikma va malakalarni ham egallashmoqda.

Xulosa o‘rnida esa Enter Steel zavodiga allaqachon OrbitalServise va Lorch payvandlash komplektini qo‘llagan holda tayyorlanadigan mahsilotlar uchun buyurtmalar qabul qilinayotganini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.