September 26, 2024

Rustam Mulukov: til o'rganishga qiziqaman

«Namaste, ser!» — hind tilidagi shu salomni misni boyitish fabrikasi (3-MBF) qurilishida Og‘ir sanoat loyihalari direksiyasining ma’muriy masalalar bo‘yicha bosh mutaxassis, tarjimon Rustam Mulukov ish kuni davomida ko‘p bora eshitadi. Bu tasodif emas: loyihada ishlayotgan Hindistondan kelgan xodimlar yordam va maslahat uchun unga murojaat qilishadi.

— Rustam, sizning vazifangiz qatoriga qanday masalalar kiradi?

— Men hind tili tarjimoniman va asosiy masʼuliyatim hindistonlik xodimlar bilan muloqot qilishdir. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, men yangi kelgan ishchilarning yig‘ilishlarida qatnashaman, ularni ishga tushirishning barcha bosqichlarida — vaxta shaharchasiga joylashtirish, ish kiyimlari va shaxsiy himoya vositalarini olish, ishlab chiqarish guruhlariga mutaxassislik bo‘yicha taqsimlashda yordam qilaman. Keyingi bosqichlarda ham ular bilan muloqotim tugamaydi — agar biron bir savol tug‘ilsa, odamlar menga murojaat qilishadi, men ularning muammolarini tinglayman va ularni hal qilishga yordam beradigan mutaxassislarga yo‘naltiraman.

— Qayerda til o‘rgangangansiz?

— Oliy maʼlumotni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida oldim, bakalavriat va magistraturani tamomladim. Keyinchalik Dehlidagi Markaziy hind tili instituti (Central Institute of Hindi)da, shuningdek, Hindiston elchixonasi va Hindiston madaniyat markazidagi kurslarda bilim va malakamni oshirdim. Men qariyb ikki yildan beri ishlayotgan loyihada esa hindlar bilan muntazam so‘zlashib, tajriba orttirmoqdaman.

— Sizning sevimli mashg‘ulotlaringiz bormi?

— Asosiy sevimli mashg‘ulotim lingvistika, chet tillarini o‘rganishni yaxshi ko‘raman. Ayni paytda men beshta tilda gaplasha olaman, bular o‘zbek, rus, hind, ingliz va uyg‘ur tillari. Shuningdek, urdu tilida ham fikrimni tushuntira olaman. O‘ylaymanki, bunday bilimlar shaxsiy imkoniyatlar va professionallikni kengaytirishga, turli madaniyatdagi odamlar bilan uchrashishga yordam beradi.

— Oilangiz haqida bir necha so'z aytsangiz.

— Uylanganman, rafiqam Nodira 509-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida ingliz tilidan dars beradi. U yerga ikki nafar kenja farzandimiz – qizimiz E’zoza va o‘g‘limiz Usmon boradi. To‘ng‘ichimiz esa 278-sonli maktabning 4-sinfida o‘qiydi.

Rustam Mulukovga ishlarida muvaffaqiyatlar, katta oilaviy baxt tilaymiz!