Favqulodda holatlarga tayyorlik namoyishi
Har yili 28-aprel kuni Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan Butunjahon mehnat muhofazasi kuni tadbiri o‘tkaziladi. Joriy yilda ushbu sana “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasida inqilobiy yondashuvlar: sun’iy intellekt (SI) va raqamlashtirishning ish joylaridagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlandi.
Enter Engineering kompaniyasida mehnat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish borasida ilg‘or tajribalar joriy etilgan bo‘lib, asosiy maqsad — jarohatlanish holatlarini butunlay yo‘q qilish va baxtsiz hodisalar xavfini maksimal darajada kamaytirishga qaratilgan.
Bu yo‘nalishda yuqori me’yorlarni joriy etish va saqlab qolishning muhim omillaridan biri — xodimlar o‘rtasida profilaktika va o‘quv tadbirlarini o‘tkazish, zamonaviy shaxsiy himoya vositalarini (SHHV) qo‘llash hisoblanadi.
Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi (MM va TX) yo‘nalishidagi navbatdagi yorqin voqea — Misni boyitish fabrikasi-3 (MBF-3) qurilish maydonida “Yong‘indan xodimlarni qutqarish” mavzusida o‘quv-amaliy mashg‘ulot o‘tkazilishi bo‘ldi.
Tadbir Enter Engineering kompaniyasining HSE bo‘limi, yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi, tibbiyot xizmati hamda FVB vakillarining favqulodda holat yuzaga kelgandagi harakatlarini amaliy sinovdan o‘tkazishga qaratildi.
Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, UChD (uchlamchi maydalash konveyeri) uchastkasida payvandlash va bo‘yash ishlari qoidalarining buzilishi oqibatida konveyer lentasi yonib ketdi, shu yerda ishlayotgan xodimlar ochiq olov bilan qurshab olindi.
Tezkor shtab tashkil etilib, qisqa fursatda harakatlar rejasini tuzish va barcha ishtirokchilarni muvofiqlashtirish ta’minlandi.
Qutqaruvchilar va yong‘in xavfsizligi xodimlarining yuqori tayyorgarligi alohida e’tirofga loyiq.
Maxsus texnika va uskunalarning tez yetib kelishi natijasida barcha jabrlanganlar tezda olib chiqildi, zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ayniqsa, MM va TX bo‘limi mutaxassislari F. Jo‘rayev, M. Ashurov, N. Husenov va K. Qosimov, shuningdek, tibbiyot xizmati rahbari Yu. Tursunova faol ishtirok etganlar qatorida bo‘ldilar.
Tadbir yakunida MBF-3 ishchilari bilan tushuntirish suhbatlari o‘tkazildi. Unda texnika xavfsizligi qoidalariga so‘zsiz amal qilish, inson salomatligini va moddiy boyliklarni asrash zarurligi haqida so‘z yuritildi.