Qudrat va ishonchlilik
Bugungi kunda Enter Engineering loyihalarida katta miqdordagi yirik tonnajli samosvallar ishlamoqda. Bunday mashinalarga bo‘lgan ehtiyoj uchastkalarda olib borilayotgan ishlarning tabiati — ko‘chirilayotgan tuproqning katta hajmlari, relyef va boshqa omillar bilan bog‘liq edi.
EMS avtoparkida tog‘-kon samosvallarining katta assortimenti, shu jumladan, Sany SKT105S ham mavjud. Bu ko‘plab ishchi «ot»lardan biridir. Ishonchliligi va katta hajmdagi yuklarni tashish qobiliyati ularni betakror qiladi: umumiy og‘irligi 105 tonna va yuk ko‘tarish quvvati 70 tonnagacha bo‘lgan mashina deyarli kechayu kunduz ishlaydi.
Gigant mashinaning uzunligi 9 metr, balandligi esa 4 metr. Kabinada vaxta rejimida ishlaydigan haydovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Orqaga yurish kamerasi va «Bluetooth»ni qo‘llab-quvvatlaydigan zamonaviy 10 dyuymli ekran manevr qilish hamda kuzovni yuklash va tushirishda qulay boshqaruvni ta’minlaydi.
Dvigatel quvvati 640 ot kuchiga ega bo‘lgan mashina istalgan joyda va turli darajadagi yo‘l gradiyentida yuk tashishga bemalol bardosh bera oladi — asosiysi yonilg‘i bakini 530 litr dizel yoqilg‘isi bilan o‘z vaqtida to‘ldirishdir. Gidravlik tizim tufayli mashinani boshqarish oson, bu qiyin sharoitlarda ishlashda ayniqsa muhimdir. Har smenada samosvalda texnik nosozliklar tekshiriladi.
— Birgina 3-MBF loyihasining o‘zida 50 ga yaqin shunday samosvallar ishlaydi, — deydi EMS ishlab chiqarishni tezkor boshqarish guruhi smena boshlig‘i Maqsudbek Jumayev. — Haydovchilarni ushbu mashinalarda ishlashga o‘rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda — maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, yangi ish boshlaganlarni tajribali instruktorlar tayyorlamoqda. Amaliy mashg‘ulotlar davomida qurilish maydonchasining murakkab landshaftida haydash texnikasi qo‘llaniladi.
Bitta samosvalga uchta haydovchi tayinlangan, ular uning 24/7 rejimda ishlashini ta’minlaydi, shuning uchun tungi vaqtda ksenonli faralar juda foydalidir. Bundan tashqari, har 2150 motosoatdan so‘ng Sany SKT105S moy darajasini tekshirish va filtrni almashtirish uchun texnik xizmat ko‘rsatishga yuboriladi va g‘ildirak rezinasi esa ish sharoitlariga qarab har 25 – 30 ming kilometrda almashtiriladi.
Qudratli va ishonchli EMS texnikasi Enter Engineeringning asosiy obyektlarida tinimsiz ish ritmini saqlagan holda qurilishning har bir bosqichida maqsadlarga muvaffaqiyatli erishishga yordam berib, eng yuqori samaradorlikni namoyish etmoqda.