Dostonbek Xaydarov — Texnologiyalar qalb ishiga aylanganda
Yirik sanoat inshootlarini qurish — bu faqat texnika, beton va metall emas. Bu eng avvalo, hayotni ta’minlash tizimi, aloqa va xavfsizlik tizimlari bo‘lib, ularni haqiqiy mutaxassislar o‘z qo‘llari bilan barpo etadilar. Ana shunday mutaxassislardan biri — UQS departamenti ustasi, MBF-3 loyihasida ishlayotgan Xaydarov Dostonbek Adham o‘g‘li. U aloqa tizimlarining barcha sir-asrorlarini biladi. Uning ishi ko‘zga ko‘rinmas bo‘lsa-da, butun infratuzilmaning muhim bo‘g‘inidir.
Dostonbek bu sohaga 16 yoshida qadam qo‘ygan — hali maktab o‘quvchisi bo‘lganida zamonaviy aloqa tizimlariga qiziqish uyg‘ongan edi.
“Shu yoshimdan boshlab, aloqa, videokuzatuv, signalizatsiya qanday ishlashini bilishga oshno bo‘ldim. Faqat tushunish emas, balki o‘rnatish va sozlashni ham o‘rganishni istadim,” — deya eslaydi u.
Bugunga kelib u besh yillik tajribaga ega. U eng murakkab muhandislik tizimlarini o‘rnatish va sozlash uchun mas’ul: videokuzatuv (AVKT), yong‘in signalizatsiyasi, kirish-chiqishni boshqarish tizimi (KKBK) hamda SDGO.
“Biz eng zamonaviy uskunalar bilan ishlaymiz. Bu nafaqat texnologik yuksalishni his qilishga, balki butun ob’yekt xavfsizligi va ishonchliligi yo‘lida haqiqiy ta’sir ko‘rsatayotganingga ishonch beradi,” — deydi u.
Bu sohada ishlash nafaqat texnik bilimni, balki tezkor qaror qabul qilish, aniqlik va jamoada harakat qilish qobiliyatini ham talab qiladi. Ayniqsa qurilish maydonlarida, vaqt har lahzada muhim bo‘lganda va kechikish butun jarayonni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
“Kasbimizning afzalligi — ilg‘or texnologiyalar bilan doimiy aloqada bo‘lish. Har bir loyiha, har bir tizim yangi bilim va tajriba beradi,” — deya ta’kidlaydi Dostonbek.
Ishdan tashqarida Dostonbek faol hayotni, sportni yaxshi ko‘radi. Uning eng katta ishtiyoqi — futbol.
“Futbol — bu jamoaviylik, harakat, tezkorlik demak. Qurilishda ham aynan shunday — bir-biringni his qilish, bir yoqadan bosh chiqarib ishlash muhim,” — deya kulib aytadi u.
Dostonbek katta va ahil oilada voyaga yetgan. Otasi, onasi, ikki ukasi, singlisi va suyukli kelinoyisi — uning kuchi va ilhomi manbai.
“Oila — men uchun poydevor. Nima ish qilmay, avvalo ular haqida o‘ylayman,” — deydi u samimiyat bilan.
Biz jamoamizda Xaydarov Dostonbek kabi o‘z ishiga sodiq, yosh va tashabbuskor mutaxassislar borligidan faxrlanamiz. Uning ishi — bu oddiy texnika emas. Bu — ishonchlilik. Bu — himoya. Bu — ishonch.