Quyosh nuridan ehtiyot bo‘ling!
Joriy yilda “O‘zgidromet” yozgi ob-havo harorati o‘rtacha me’yordan biroz yuqori bo‘lishini, juda issiq kunlar bilan nisbatan salqin davrlar almashib turishini oldindan aytmoqda.
Shu munosabat bilan Enter Engineering kompaniyasining Mehnat xavfsizligi va ekologiya bo‘limi mutaxassislari quyosh nuri va yuqori haroratning inson salomatligiga salbiy ta’sirini oldini olishga qaratilgan bir qator qoidalarni tavsiya etishmoqda. Ularning ta’kidlashicha, uzoq vaqt ochiq quyosh ostida qolish, suyuqlik iste’molining yetishmasligi va boshqa bir qancha omillar organizmning haddan tashqari qizib ketishiga, natijada quyosh urishiga olib kelishi mumkin.
Quyosh urishi — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari organizmga ta’sir qilishidir. Quyosh nurlaridagi ultrabinafsha nurlanish terining nafaqat ustki qatlamlarini, balki chuqur to‘qimalarni, shu jumladan, bosh miya to‘qimalarini ham qizdiradi, bu esa ularning shikastlanishiga olib keladi. Natijada insonning sezish, harakatlanish qobiliyati, yurak-qon tomir, nafas olish va boshqa tizimlar faoliyati buziladi.
Quyosh urishining ilk belgilariga quyidagilar kiradi: holsizlik, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, ko‘ngil aynishi. Yurak urishi va nafas olish tezlashadi, kuchli terlash kuzatiladi, tana harorati ko‘tariladi. Agar chora ko‘rilmasa, ahvol og‘irlashishi mumkin.
Agar quyidagi belgilarning biri kuzatilsa, zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilishi lozim: jabrlanuvchini soyaga yoki salqin joyga olib o‘tish; yotqizib, boshini biroz balandroq qilib qo‘yish; tana terisini suv bilan artish va boshga sovuq kompress qo‘yish; ko‘p miqdorda suv ichirish.
Oldini olish choralari sifatida quyidagilar tavsiya etiladi: yengil, terining nafas olishini ta’minlaydigan (masalan, paxtadan tikilgan) kiyimlarni kiyish; boshni yengil va och rangli bosh kiyimi bilan himoya qilish; ko‘zlarni qorong‘i ko‘zoynak bilan asrash; jismoniy faollikni cheklash; to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida uzoq vaqt ishlash yoki yurishdan saqlanish; ko‘proq suyuqlik ichish, spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish; imkon qadar tez-tez salqin suv bilan chayinish.
Ishonamizki, ushbu tavsiyalarga amal qilish orqali siz yozgi issiqni sog‘lom va qulay tarzda o‘tkazishingiz mumkin.