July 31, 2025

O‘zbekiston metallurgiyasi rivojida yangi bosqich: OKMK MBF-3da mis konsentratini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning Uchinchi mis boyitish fabrikasida (MBF-3) mis konsentratini sanoat asosida ishlab chiqarish muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yildi. “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirishdagi muhim bosqich hamda mamlakatning kon-metallurgiya sanoati rivojidagi tarixiy qadam sifatida ushbu yirik loyiha Enter Engineering PTE LTD bosh pudratchiligi ostida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasidagi shartnoma “Olmaliq KMK” AJ va Enter Engineering o‘rtasida 2021 yilda imzolangan edi. 2024 yil 30 mart kuni ilk mis konsentrati olinib, eritish uchun mis eritish zavodiga yuborildi. Hozirda esa korxonani to‘liq loyiha quvvatiga chiqazish maqsadida bosqichma-bosqich ishga tushirish va sozlash ishlari davom ettirilmoqda.

MBF-3 — bu Markaziy Osiyodagi eng yirik mis rudasi qayta ishlash majmuasi bo‘lib, yiliga 60 million tonnagacha ruda qayta ishlash va taxminan 1 million tonna mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Fabrikaning ishga tushirilishi O‘zbekistonning sohadagi yetakchiligini yana bir bor isbotlabgina qolmay, balki mamlakatning eksport salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlaydi.

Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun bosh pudratchi tomonidan 18 mingdan ortiq mutaxassis va 1 500 dan ziyod texnika jalb qilindi.

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida 196 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish inshootlari barpo etilib, eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlandi.

MBF-3 korxonasi mis, molibden va boshqa rangli metallar qazib olish va qayta ishlash hajmini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Mazkur loyiha nafaqat sanoat salohiyatining rivojlanishiga, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va O‘zbekistonning rangli metallurgiya bozoridagi xalqaro mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.