October 17

Mas’uliyat — muvaffaqiyat kaliti!

Firdavs Farmonov Enter Engineering kompaniyasida olti yildan buyon ishlab kelmoqda va shu vaqt ichida Navoiy, UZGTL, Gazli DKS va Boysun gazni qayta ishlash zavodida qator yirik loyihalarda ishtirok etdi. Bu loyihalar unga bebaho tajriba va ko‘nikma bo‘lib, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lish imkonini berdi.

— Men Buxoro muhandislik-texnologiya institutini tamomlaganman va o‘qishni tugatganimdan so‘ng ikki yil o‘tib, Enter Engineeringga ishga joylashdim. Mamlakatimizning turli hududlarida jahon andozalariga mos beshta zavod qurilishida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim, — deydi Firdavs Umarovich. — Hozir Samarqand viloyatida murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi kimyo majmuasi qurilishi loyihasidagi Payvandlash-montaj ishlari boshqarmasida prorab bo‘lib ishlayapman.

Firdavs to‘rtta ustaning ishiga rahbarlik qiladi, ularning har biri esa o‘zining payvandlash brigadasiga mas’uldir. Uning ish kuni ertalab soat yettida besh daqiqalik ishlab chiqarish yig‘ilishi bilan boshlanadi. Unda Firdavs har bir xodimning vazifalarini tushuntiradi, kompaniya yangiliklaridan xabardor qiladi va qo‘l ostidagilarning savollarini tinglaydi. Shundan so‘ng, ish jarayoni boshlanadi.

Firdavsning oldida turgan asosiy vazifalarga quyidagilar kiradi: payvand konstruksiyalarning sifatini nazorat qilish, texnologik jarayonlarning buzilish sabablarini aniqlash va bartaraf etish, aniqlangan nuqsonlarni tuzatishni tashkil etish, ishlab chiqarish rejasiga muvofiq ish jadvallarini tuzish, konstruksiyalarni payvandlashda texnologik standartlarga rioya qilinishini ta’minlash.

— Faoliyatim payvandlash va quvur o‘tkazish ishlari bilan bog‘liq, — deydi Firdavs. — barcha turdagi texnologik quvurlar va boshqa kommunikatsiya tarmoqlarini yotqizamiz. Uskunalar o‘rnatilganidan so‘ng, biz uchastkalarni yig‘amiz. Bu vazifalar juda mas’uliyatli va qiziqarli bo‘lib, jamoamiz ularni har doim samarali va o‘z vaqtida bajarishga harakat qiladi.

Ishdan tashqari Firdavs oilaparvar insondir. Turmush o‘rtog‘i Dilafruz bilan birga uch farzandni tarbiyalashmoqda. Ularning o‘g‘li Fayzulloh birinchi sinfda o‘qiydi, ikki yoshdan endigina oshgan egizaklar Muhammadjon va Madinaxon yaqinda bog‘chaga qadam qo‘yishdi. Shu tufayli Dilafruz ishga qaytishga muvaffaq bo‘ldi — u tez tibbiy yordam markazida hamshira bo‘lib ishlaydi.

Firdavsning oilasiga baxt, tinchlik va farovonlik tilaymiz!