Hammamiz bir maqsad sari birlashdik
Qurilishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar qanchalik ilg‘or bo‘lmasin, eng yirik loyihalarning amalga oshirilishida asosiy rolni insonlar o‘ynaydi — ularning bilimi va mahorati eng murakkab va dadil vazifalarni hayotga tatbiq etishga imkon beradi.
Enter Engineering kompaniyasi o‘z safiga kirgan minglab yetuk mutaxassislar bilan haqli ravishda faxrlanishi mumkin. Bu mutaxassislar orasida qurilish sohasi elitasiga mansub bo‘lganlar ko‘p. Shubhasiz, ularning biri — Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish tizimlari departamenti rahbari Rashid Ujaхovdir.
— Rashid Mahmetovich, hozirgi faoliyatingiz va bajarilayotgan vazifalar haqida so‘zlab bersangiz.
— Hozirda hamkasblarim bilan birga Toshkent viloyatida qurilayotgan misni boyitish fabrikasi-3 (MBF-3) ishga tushirilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bu Enter Engineering kompaniyasi uchun ustuvor loyiha bo‘lib, bu yerda katta miqdordagi insoniy va texnik resurslar safarbar etilgan. Departamentimizning asosiy vazifasi — barcha mahalliy boshqaruv tizimlarini yagona boshqaruv tizimiga moslashtirishdir. Mening boshqaruvimda hozirda o‘z ishining ustasi bo‘lgan 10 nafar yetuk darajadagi mutaxassislar ishlashmoqda. Men LSAU va PCS (process control system) tizimlari yetkazib beruvchilarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanaman. Ma’lumki, MBF-3 turli obyektlarga bo‘lingan, biz hozirgacha filtratsiya uchastkasini avtomatik rejimda ishga tushirdik, hozir qolgan qismlarni ishga tushirish ustida ishlayapmiz. Oddiy qilib aytganda, bizning jamoa fabrikadagi ishlab chiqarish jarayonlari inson aralashuvisiz maksimal darajada ishlashini ta’minlaydi.
— Kompaniyadagi faoliyatingiz qanday boshlandi?
— Men Enter Engineering kompaniyasiga 2023-yil iyun oyida ATJBT (avtomatlashtirilgan texnologik jarayonlarni boshqarish tizimi) departamenti loyihalarni boshqarish bo‘yicha bosh muhandis lavozimida ish boshlaganman. 2024-yil noyabr oyida esa shu bo‘lim rahbari lavozimiga tayinlandim, shu bilan birga MBF-3 loyihasining ATJBT yo‘nalishidagi ishga tushirilishiga mas’ul etib belgilandim. Deyarli butun faoliyatim davomida ushbu loyihada ishtirok etganman, ayniqsa hozir, ishlar eng qizg‘in pallaga kirganida, doimiy ravishda obyekt hududida uzluksiz ishlash tartibida bo‘laman.
— Ish davomida shakllangan shaxsiy kasbiy tamoyillaringiz bormi?
— Mening kasbiy tamoyilim oddiy: ishni vijdonan va o‘z vaqtida bajarish, boshqa soha vakillari bilan hurmat asosidagi aloqalarni saqlash va albatta, hamkasblarga ishonch bildirish. Axir biz hammamiz bitta ishni qilayapmiz.
— Enter Engineering kompaniyasiga kelishdan avval qayerda tahsil olgansiz va ishlagansiz?
— Men Moskva shahridagi ikki oliy o‘quv yurtini tamomlaganman: Moskva Politeknik Universitetida “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” yo‘nalishida, va Moskva Aloqa va Axborot Texnologiyalari Texnik Universitetida “Axborot xavfsizligi” yo‘nalishida tahsil olganman. Asosan “Gazprom” JAJ tizimida ishlaganman. Jumladan, “Shimoliy oqim-2” loyihasining qurilish va ishga tushirishida, bir nechta magistral gaz quvurlarini ishga tushirishda, shuningdek Turkiyadagi “Akkuyu” YES uchun vodorod stansiyasi ishlab chiqilishida ishtirok etganman.
— Ishdan bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?
— Asosiy qiziqishim — bu oilam. Ular ham men bilan birga Toshkentga ko‘chib kelishgan. Turmush o‘rtog‘im tish shifokori bo‘lib ishlaydi, 2,5 yoshli o‘g‘limiz esa “ishga boradi” — ya’ni bog‘chaga (kulib). Tabiiyki, butun e’tiborim yaqinlarim bilan bo‘ladi. Bo‘sh vaqtda imkon qadar birga O‘zbekistonning go‘zalliklarini kashf qilishda davom etyapmiz — bu yerda ko‘rish kerak bo‘lgan joylar ko‘p, faqat vaqt ozroq.
Biz Rashid Ujaхovga ishlarida yutuqlar va a’lo kayfiyat tilab qolamiz!