May 14, 2025

Qo‘shiq – hayotga hamroh

Biz an’anaviy Enter Talents ruknimizni davom ettiramiz. Bu galgi qahramonimiz — Tijorat faoliyati departamentining yetakchi mutaxassisi Dilzoda Davudbayeva bo‘ldi.

Dilzoda tajribali mutaxassis bo‘lib, Enter Engineering kompaniyasida deyarli olti yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Hamkasblari uni tashabbuskor va maqsadga intiluvchi xodim sifatida yaxshi bilishadi. Biroq sevimli ishidan tashqari u yana bir ajoyib mashg‘ulot bilan shug‘ullanadi — bu kuylash.

— Men kredit bitimlarining bajarilishini muvofiqlashtirish bo‘limida ishlayman. Ishim jiddiy — kompaniya loyihalari bo‘yicha xarajatlarni qayta moliyalashtirish hujjatlari bilan shug‘ullanaman. Kimdir bu ishda yengil mashg‘ulotlarga joy yo‘q, deb o‘ylashi mumkin. Ammo aynan kuylash menga kundalik ishlardan chalg‘ib, bo‘sh vaqtimni mazmunli o‘tkazishga va ijobiy hissiyotlar olishga yordam beradi, — deydi Dilzoda.

Qahramonimizning aytishicha, undagi kuylashga bo‘lgan ishtiyoq talabalik davridayoq paydo bo‘lgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavr va magistratura bosqichlarini a’lo baholar bilan tamomlagan. O‘sha vaqtlarda u do‘stlari davrasida sevimli kuylarni kuylab berar, radioefirdagi qo‘shiqlarni esa darrov topib olar edi.

— Ehtimol, kuylashga bo‘lgan mehr menga onamdan o‘tgan. Bobom va buvim aytishlaricha, onam juda chiroyli kuylagan. Menda repertuar bo‘yicha aniq tanlov yo‘q — kayfiyatimga qarab, yuragimga yaqin bo‘lgan kuylarni kuylayman. Bu ko‘pincha oila davrasidagi tadbirlarda yoki do‘stlar bilan dam olayotgan paytlarimda bo‘ladi. Odamlarga ijroim yoqadi, bu esa meni ilhomlantiradi, — deydi Dilzoda.

“Dilzoda yana nimani yaxshi ko‘radi, ish va kuylashdan tashqari?” degan savolimizga u quyidagicha javob berdi: — Albatta, oilamni!

Qahramonimizning turmush o‘rtog‘i Elxan ham Enter Engineering xodimi. Ularning ikki farzandi bor — o‘g‘li Kenan va qizi Emel Tashkent Metropolitan School xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida tahsil olishmoqda. Bo‘sh vaqtlarida ular birgalikda shahar bo‘ylab sayr qilishadi, tabiat qo‘yniga chiqishadi va yaqin qarindoshlarini ziyorat qilishadi.

Biz esa Dilzodaga yangi mehnat va ijodiy yutuqlar, hamda doimo yaxshi kayfiyat tilab qolamiz!