Insonlar salomatligini saqlash uchun zarur bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirish
Sarlavhaga chiqarilgan ushbu ibora — bu Enter Engineering kompaniyasining HSE departamenti sog‘liqni saqlash bo‘limining MBF-3 (misni boyitish fabrikasi-3) loyihasidagi mintaqaviy menejeri Yulduzxon Tursunovaning asosiy kasbiy tamoyillaridan biridir.
— Yulduzxon Nuriddinovna, faoliyatingiz va sog‘liqni saqlash bo‘limining vazifalari haqida so‘zlab bersangiz.
— Mening asosiy vazifam Enter Engineering xodimlarining sog‘lig‘ini muhofaza qilish xizmatini o‘z zimmasiga olgan mintaqamda tashkil etishdan iborat. Aniq aytganda, mening boshqaruvimda MBF-3dagi klinika va kompaniya obyektlarida joylashgan 9 ta tibbiyot punkti faoliyat yuritmoqda. Bo‘lim shtatida navbatma-navbat ishlovchi 34 nafar mutaxassis bor, ularning ixtiyorida kerakli tibbiy uskunalar, dori-darmonlar hamda 3 ta tez yordam avtomobili mavjud. Bundan tashqari, poytaxt va viloyatdagi tibbiyot muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilamiz. Umuman olganda, xizmatimiz tunu kun ishga shay holatda.
— Sog‘liqni saqlash bo‘limi mutaxassislari qanday aniq tadbirlarni amalga oshiradilar?
— Avvalo, bu birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish — travmatologiya, kardiologiya, gipertoniya va boshqa kasalliklar bo‘yicha. Yana bir muhim yo‘nalish — bu ishchilar yashaydigan vaxta shaharchalaridagi tozalik va gigiyena qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishdir. Bu yerda biz muntazam tibbiy ko‘riklar o‘tkazamiz, shuningdek oshxonada tayyorlanayotgan ovqat sifatini tekshirish ham bo‘limimiz zimmasida. Bundan tashqari, har kuni haydovchilar va mexanizatorlarni safarga chiqishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazamiz va ichkilikka qarshi kurash borasida xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilamiz. Xodimlar bilan profilaktik ishlash ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib, odamlarning o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi, kasallik turlari va birinchi yordam ko‘rsatish usullari haqida zarur boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Shu maqsadda biz tizimli ravishda o‘quv seminarlar, treninglar o‘tkazamiz, ko‘rgazmali targ‘ibot materiallarini tarqatamiz, HSE departamenti hamkasblari bilan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etamiz. Bunga yaqqol misol — yaqinda MBF-3 loyihasida o‘tkazilgan «Yong‘indan ishchilarni qutqarish» mavzusidagi o‘quv-amaliy mashg‘ulotdir.
— Kompaniyada ishlayotganingizga qancha bo‘ldi?
— Men Enter Engineering’da 13 yildan beri faoliyat yuritaman, xalq orasida aytilganidek, kompaniya bilan birga o‘sib kelmoqdaman. Katta G‘issar, UzGTL, Muborak va Basun GQZ kabi yirik loyihalarda ishtirok etdim, hozir esa mana shu yerda — Olmaliqda ishlayapman.
Bu mening hayotimning katta bir qismi bo‘lib, bu yerda men o‘z kasbimda namoyon bo‘ldim, sezilarli darajada kasbiy o‘sishga erishdim. O‘z vaqtida Andijon davlat tibbiyot institutini tamomlaganman, Qarshi shahridagi tibbiyot muassasalarida ishlaganman.
Biz Yulduzxon Tursunovaga ishida muvaffaqiyat va yaxshi kayfiyat tilaymiz!