July 4, 2025

Kelajakdagi neftchilar HR bilan tanishmoqda

2025-yil 4-iyul kuni I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining O‘zbekiston Respublikasidagi filiali “Neft va gaz ishi” yo‘nalishi 2-kurs talabalari uchun tashkil etilgan yillik ishlab chiqarish amaliyoti doirasida navbatdagi muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Uni ENTER Engineering kompaniyasining HR departamenti tashkillashtirdi.

Tadbir davomida HR departamenti menejeri Niyozxo‘jayeva Guzal Zafarovna hamda mehnat resurslarini tanlash va tayyorlash bo‘limi boshlig‘i, shu bilan birga amaliyot rahbari Baisov Ulug‘bek Karabekovich talabalarni departamentning tuzilmasi va asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirdi. Jumladan: kadrlar bilan ishlash, xodimlarni tanlash, ularni o‘qitish hamda yangi ishchilarning ishga moslashuvi jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Talabalar HR yo‘nalishidagi kundalik ish jarayonlari bilan amaliy tarzda tanishdilar. Jumladan: ish vaqtining hisobini yuritish, ishga qatnashuvni nazorat qilish, maxsus dasturiy ta’minotlardan foydalanish hamda boshlang‘ich hujjatlarni rasmiylashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga mehnat intizomini nazorat qilish va ishlab chiqarish brigadalari bilan samarali hamkorlik qilish mexanizmlari haqida ham so‘z bordi.

Tadbirning eng qiziqarli qismi esa, talabalar uchun berilgan amaliy maslahatlar bo‘ldi. Ular ishga joylashish jarayonining dastlabki bosqichlari — ya’ni, rezyume tuzish va birinchi suhbatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha foydali tavsiyalar oldilar. Bu bilimlar ularga kelajakdagi kasbiy faoliyat yo‘lini ishonch bilan boshlashda qo‘l keladi.

Ushbu tadbir ishlab chiqarish amaliyotining muhim bosqichi bo‘lib, talabalar uchun yirik sanoat korxonasida inson resurslarini boshqarishning haqiqiy jarayonlariga chuqur kirib borish imkonini berdi.