April 25, 2025

Talabalar bilan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida talabalar uchun Jahon mehnat muhofazasi kuniga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir “Enter Engineering” mutaxassislari hamda “Geologiya-qidiruv va tog‘-metallurgiya” fakulteti rahbariyati va “Hayot faoliyati xavfsizligi” kafedrasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirlarda kompaniya tomonidan HSE departamenti rahbari Sherzod Xo‘jayev va HSE departamenti rahbar o‘rinbosari Nurullo Shirinov ishtirok etib, talabalar oldida mazmunli taqdimot bilan chiqish qildilar hamda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi sohasida yangi texnologiyalarni joriy etishning ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.

“Joriy yilda Jahon mehnat muhofazasi kuni dolzarb mavzuga — ‘Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga inqilobiy yondashuvlar: sun’iy intellekt va raqamlashtirishning ish joylaridagi o‘rni’ga bag‘ishlandi. Sun’iy intellekt mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi sohasida ko‘makchi sifatida – bu kelajak sari qadamdir! Bugungi kunda ko‘plab korxonalar malakali mutaxassislar yetishmasligi muammosiga duch kelmoqda. Ayniqsa, yirik va ko‘p tarmoqli tashkilotlarda mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar soni va sifati talab darajasiga to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi Nurullo Shirinov.

Nutq davomida ma’ruzachilar sun’iy intellektni amaliy faoliyatga tatbiq etishning asosiy jihatlarini ta’kidladilar.

“Asosiy yo‘nalishlar – bu xavf-xatarlarni bashorat qilish, ularni oldini olish bo‘yicha tavsiyalar shakllantirishda sun’iy intellektning ishtiroki, xodimlarni yo‘riqnoma asosida avtomatik o‘qitish, nazorat qilish va natijalarni qayd etishdir. Allaqachon bugungi texnologiyalar oddiy jarayonlarni soddalashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish aniqligini oshirish va xatoliklarni kamaytirishda katta yordam bermoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Nurullo Xayrulloyevich.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, “Enter Engineering” mutaxassislarining taqdimoti talabalar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Seminarda 2-, 3- va 4-bosqichlarda tahsil olayotgan 100 dan ortiq talaba ishtirok etdi. Bugungi yoshlar sun’iy intellektdan kundalik faoliyatda faol foydalanmoqdalar va uni kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlarida amaliy qo‘llashni muhim taraqqiyot yo‘li sifatida ko‘rmoqdalar.

“Bunday tadbirlar oliy ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi bo‘lib, shubhasiz, kelajak mutaxassislarini sifatli tayyorlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. “Enter Engineering” kompaniyasiga katta minnatdorchilik bildiraman — bizda ular bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan: mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, talabalar va o‘qituvchilar kompaniya ofislariga tashrif buyurmoqda”, — dedi “Hayot faoliyati xavfsizligi” kafedrasi professori Larisa Petrosova.

Seminar yakunida tomonlar yangi uchrashuvlar o‘tkazishga bo‘lgan o‘zaro istaklarini bildirib o‘tdilar. Universitet va “Enter Engineering” o‘rtasidagi hamkorlik bundan buyon ham mustahkamlanib boradi.