Interfaol muzey yaratilmoqda
Enter Engineering kompaniyasi mutaxassislari Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hududini kengaytirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirmoqda. Ushbu ulug‘vor loyihaning amalga oshirilishi uni dunyoning turli burchaklaridan keladigan insonlar uchun ziyoratgoh va ma’naviy quvvat maskaniga, jadal rivojlanayotgan O‘zbekistonning yangi timsollaridan biriga aylantirish imkonini beradi!
Yangilangan majmuadagi diqqatga sazovor joylardan biri Imom Buxoriy interfaol muzeyi boʻlishi kutilmoqda, bu gʻoya Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan. U Saudiya Arabistonidagi Muhammad alayhissalom muzeyining analogiga aylanadi, uning ekspozitsiyasi esa butun musulmon olamida hurmat qozongan islom diniga oid noyob asarlar muallifi, buyuk muhaddisning hayoti va faoliyati tarixiga bag‘ishlanadi.
«Muzey buyuk ma’naviy-gumanitar g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar zamonaviy interfaol va kompyuter texnologiyalari yordamida ular bilan tanishishi mumkin bo‘ladi. Uning ekspozitsiyasi to‘qqizta zalda namoyish etiladi, ularning har biri o‘z kontseptsiyasi va nomiga ega bo‘ladi: islom dinining kelib chiqishi va tarqalishi, ilk muhaddislarning paydo bo‘lishi, Imom Buxoriy hayoti va faoliyati tarixi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar hamda buyuk dinshunos olim merosiga e’tibor va boshqalar. Shu bilan birga, har bir zal nafaqat noyob dizaynga ega bo‘ladi, balki o‘zgacha jihozlanadi, buning natijasida har bir mehmon turli tarixiy davrlarga sho‘ng‘ish, asl buyumlar va qo‘lyozmalarni ko‘rish, interfaol o‘yinlarda ishtirok etish va boshqa ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘ladi», — dedi qurilishni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha menejer Mirislom Mahmudov.
Ayni kunga qadar obyektda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, muhandislik tarmoqlarini o‘rnatish va ichki bezatish ishlari davom etmoqda.
«Muzey ochilishidan oldinoq mamlakatimizda ilgari mavjud boʻlmagan texnologiyalarni oʻzida mujassamlashtirgan maskanga aylanganini aytishdan qoʻrqmayman. Uning qurilishida ishtirok etish Enter Engineering quruvchilari uchun nafaqat noyob tajriba bo‘ldi, balki o‘z ona yurtining boy tarixi va O‘zbekiston taraqqiyotining keng istiqbollari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi», — deya xulosa qildi Mirislom Maxmudov.
Loyihada ishtirok etayotgan barcha mutaxassislarga muvaffaqiyat va yaxshi kayfiyat tilaymiz!