October 10

Maqsad sari intiluvchan Diana

Biz o‘quvchilarimizga kompaniyamizda turli martaba yo‘llari qanday rivojlanishi haqida bir necha bor aytib o‘tgan edik. Ba’zi odamlar talabalik yillaridayoq karyera qurish uchun Enter Engineeringda ishlashga boshidanoq tayyorgarlik ko‘rishsa, boshqalari hayotda kutilmagan burilish yasab, qurilish sohasiga butunlay boshqa sohadan kelishadi.

Diana Akopyanning taqdiri aynan shunday bo‘ldi. Buxoro davlat universitetini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi diplomi bilan tamomlab, o‘qituvchilik uning ishi emasligini tezda angladi. Maktabda ishlagandan so‘ng, u yangi imkoniyatlarni qidira boshladi va o‘z rezyumesini Enter Engineeringga yubordi. Ko‘p o‘tmay, Diana murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha Samarqand kimyo majmuasi qurilishida birinchi lavozimni egalladi.

— Men kompaniyada joriy yilning aprel oyidan buyon ijro texnik hujjatlari bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlayapman, — deydi Diana Akopyan. — Bu yerga yaqinda kelganimga qaramay, jamoaga muvaffaqiyatli qo‘shilish, hamkasblarim bilan til topishish va kasbiy mas’uliyatni puxta egallashga muvaffaq bo‘ldim.

Bu ajablanarli emas, chunki Diana ishida unga qo‘l keladigan kuchli shaxsiy fazilatlarga ega. U jamoada qanday ishlashni biladi, hamkasblari bilan yaxshi muloqot qiladi, o‘z faoliyati va resurslarini samarali rejalashtiradi, doimiy ravishda yangi narsalarni o‘rganishga intiladi va o‘zgarishlarga tezda moslashadi.

— Mening ishim qurilishning borishini kuzatish bilan bog‘liq, shuning uchun mening juda ko‘p turli xil vazifalarim mavjud, — deb davom etadi Diana Eduardovna. — Vazifalarim qatoriga pudrat va subpudrat ishlarini bajarish jadvallarini ishlab chiqish, obyektlarning komplektatsiyasini nazorat qilish, insoniy, texnik va moddiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojni tuzish, bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobotlarni tekshirish, sarf materiallari hisobini yuritish, shuningdek, loyiha-konstruktorlik hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarni tasdiqlashda ishtirok etish kiradi.

Diana ish vaxtasida hech qachon zerikmaydi. Ammo eng qiyin paytlarda ham u yaxshi kayfiyatda bo‘ladi, chunki uning ishi unga zavq bag‘ishlaydi, inoq jamoasi esa doimo uni qo‘llab-quvvatlaydi, unga maslahat beradi va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

Diana aslida Kogon degan ajoyib shaharda tug‘ilib o‘sgan, u har bir vaxta tugaganidan so‘ng oilasi bilan vaqt o‘tkazish uchun viloyatga shoshiladi.

— Men hali turmushga chiqmaganman va oilam bilan yashayman. Biz katta dasturxon atrofida to‘planishni, mazali taomlar va muloqotdan bahramand bo‘lishni hamda oilaviy sayohatlarni tashkil qilishni yaxshi ko‘ramiz. Bo‘sh vaqtimda choyshab va uy jihozlari sotuvi bo‘yicha kichik biznes bilan shug‘ullanaman”, — deydi Diana.

Biz Dianaga ishda muvaffaqiyatlar va shaxsiy hayotida baxt tilaymiz!