September 12, 2024

O'z ishini sevuvchi inson

Enter Engineering kompaniyasi ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni faol joriy etmoqda, bu esa yangi ishlab chiqarishni rivojlantirish va turli jihozlarni mahalliylashtirishga xizmat qilmoqda. Ushbu muhim masalalar bilan shug‘ullanuvchilar orasida Ultratec departamenti mutaxassislari, jumladan, maqolamiz qahramoni, tokar Asqar Oripov ham bor.

Asqar Komiljonovich Navoiy viloyatida tug‘ilgan, Navoiy kon-texnologiya universitetida tahsil olgan. Ishlagan yillar davomida u anchagina tajribaga ega bo‘ldi va texnika uning uchun juda yaqin bo‘lib qoldi.

— Bolaligimdan mexanizmlarga qiziqib qolganman, ko‘plab mashinalarning tuzilishi va detallarini o‘rganganman, — deydi Asqar. — Tog‘-kon mashinalari va og‘ir texnikalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib, metallarga mexanik ishlov berishning barcha turlari bo‘yicha ko‘nikma hosil qildim. Hozir men avtomobillar uchun turli ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish va tiklash bilan shug‘ullanaman. Zamonaviy kompyuter boshqaruvidagi dastgohlar va boshqa jihozlar tufayli biz barcha standartlarga javob beradigan eng yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqaramiz. Bu bizga ularning narxini sezilarli darajada kamaytirish va mijozlarga yetkazib berishni tezlashtirish imkonini beradi, bu esa loyihani amalga oshirishning yuqori sur’atlarini saqlab qolishga yordam beradi. Nisbatan qisqa vaqt ichida bo‘linmamiz ajoyib natijalar va yuqori samaradorlikka erishdi.

Asqar Aripovning tan olishicha, unga hozirgi ishi yoqadi, bu yerda o‘zini kerakli va muhim mutaxassis deb his qiladi.

— Ayniqsa, nimadir yangi narsalarni yaratishda qatnashishni yaxshi ko‘raman, — deydi Asqar. — Qoʻpol «zagotovka»dan tayyor qism paydo boʻlishi va birozdan so‘ng uning mashina yoki agregatga oʻrnatilishini ko‘rganimda katta mamnuniyat his qilaman, mahsulotim haqiqiy foyda keltirishini bilaman.

Asqar Oripov mana shunaqa — o‘z ishini sevadigan inson. Suhbatimiz yakunida u shaxsiy hayoti haqida bir oz gapirdi: «Uylanganman, ikki farzandim bor».

Asqarga bundan buyon ishlarida muvaffaqiyatlar, oilasiga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik tilaymiz!