March 15

Birinchi darajali vazifalar

Turli xil qurilish va maxsus texnikaning mavjudligi, shuningdek, transportni boshqarishning aniq tashkil etilishi Enter Machineries Service (EMS)ga qurilish ishlarida ishtirok etish, yuk va yo‘lovchilarni tashish kabi keng ko‘lamli ishlab chiqarish vazifalarini bajarishga imkon beradi.

— Bo‘linmamiz ixtiyorida 50 dan ortiq turli transport vositalar mavjud bo‘lib, ulardan Samarqand viloyatidagi loyihalarni amalga oshirishda faol foydalanilmoqda, — deydi Samarqand viloyatining EMS tashish bo‘yicha bosh mutaxassisi To‘lqin Shoimov. — Har bir mashinaga ikkita haydovchi biriktirilgan bo‘lib, bu texnikani imkon qadar samarali, ishlamay to‘xtab qolmasdan foydalanish imkonini beradi. Har kuni bizga loyihalardan, shuningdek, manfaatdor tashkilotlardan u yoki bu texnikalar uchun so‘rovlar kelib tushadi. Murojaatlar asosida berilgan yo‘llanmalar bo‘yicha reysga chiquvchi transportning soni va turlari aniqlanadi. Masalan, hozir biz asosan SKM qurilishi ehtiyojlari uchun yuk ko‘tarish quvvati 110 tonnagacha bo‘lgan yirik sanoat uskunalari va metall konstruksiyalarni trol yarim tirkamalarida tashish bo‘yicha ishlayapmiz. Shuningdek, Imom Al-Buxoriy yodgorlik majmuasi va logistika markazi loyihalari uchun qurilish materiallarini yetkazib beramiz. Samarqandning turli korxonalari ham bizdan texnikalar buyurtma qiladi.

To‘lqin Shoimovning ta’kidlashicha, EMS hududiy bo‘linmasi oldida turgan barcha vazifalarning samarali bajarilishi ko‘p jihatdan transport vositalarining yaxshi holatda bo‘lishi va haydovchilarning farovonligiga bog‘liq. Shu bois, har bir reys oldidan transport vositalari to‘liq texnik ko‘rikdan, xodimlar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Qolaversa, bizda texnikalarga joriy va mavsumiy xizmat ko‘rsatish hamda ta’mirlash uchun yaxshi moddiy-texnik baza mavjud.

— Shaxsiy vazifalarim haqida gapiradigan bo‘lsak, men barcha avtotransport vositalari harakatining monitoringini olib boraman, ularning yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishi, vaqt jadvaliga rioya etilishi va so‘rovlarning sifatli bajarilishini nazorat qilaman, — deydi To‘lqin aka. — Transport ko‘rinmas iplar bilan butun yirik, muhim qurilish loyihalarini bir-biriga bog‘lab turadi. Shu bois, biz hamkasblarimizga hech qachon pand berib qo‘ymaslikka va muhim masalalarni muvaffaqiyatli hal qilishga harakat qilamiz.

Xulosa o‘rnida, To‘lqin Shoimov va uning barcha hamkasblariga ishlarida omad, bahoriy kayfiyat tilab qolamiz!