October 4

Innovatsion tizim joriy etildi

Bugungi kunga kelib, EMS kompaniya ishining ajralmas qismiga aylangan «1C: Avtotransportni boshqarish» (1C: UAT) dasturini muvaffaqiyatli joriy etdi va undan faol tarzda foydalanmoqda. Enter Engineering mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu innovatsion yechim ko‘plab biznes jarayonlarini tartibga solish va avtoparklarni boshqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Dastur harakatlanishni rejalashtirish, texnikalardan foydalanish, ehtiyot qismlarga buyurtma berish va yetkazish, shuningdek, kompaniyaning barcha loyihalarida ishtirok etayotgan texnikani o‘z vaqtida ta’mirlash kabi muhim jihatlarni qamrab olgan.

— EMSda respublika boʻylab avtomobil va maxsus qurilish texnikalarining keng parki faoliyat yuritadi, — deydi Enter Engineering Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boʻlimining IT-loyihalari maʼmuri Muhammad Berdimuratov. — Hozirda kompaniyada jami sakkiz mingdan ortiq texnika ishlaydi, ulardan deyarli to‘rt mingtasi allaqachon 1C:UATga kiritilgan. Misol uchun, bir hafta davomida tizimda besh yuzdan ortiq turli so‘rovlar qayd etiladi. Endi ularning barchasi bitta reyestrga jamlangan, bu esa texnikaning harakatini, uning ta’mirlanishini va motosoatini kuzatishni osonlashtiradi. Bundan tashqari, texnikalar hisoboti lokatsiyalar, tashkilotlar va egasiga qarab yuritiladi. Boshqaruv va moliyaviy hisobotlar ham kiritildi.

Tizim allaqachon mexanik ta’mirlash ustaxonalari (MTU) ishini tashkil etishda o‘zining yuqori samaradorligini ko‘rsatdi. 3-MBF loyihasida to‘rtta shunday ustaxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda va ular Buxoro, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ham ishlaydi. Ularning ulanishi bosqichma-bosqich amalga oshirildi va ayni paytda tizimda butun kompaniyalar guruhi bo‘yicha deyarli o‘nta MTU ishlaydi, bu esa avtoulov parkini boshqarish va jihozlarni ta’mirlashni optimallashtirish imkonini berdi. Dasturning asosiy afzalliklaridan biri 1C:UATda ustuvor vazifalarni shakllantirish va rejalashtirilgan jadvallarni tayyorlash bo‘lib, bu mashinaning ishlamay qolish vaqtini nazorat qilishni, pul xarajatlarini muvofiqlashtirishni va ehtiyot qismlarni yetkazib berishni sezilarli darajada soddalashtirdi.

— Vaqt shuni ko‘rsatdiki, qog‘oz hujjat aylanishi o‘tmishga aylanib bormoqda, innovatsion usullar esa ishni sezilarli darajada tezlashtiradi, soddalashtiradi va osonlashtiradi. Masalan, ilgari har kuni bir marta loyihalar bo‘yicha ehtiyot qismlar ro‘yxati to‘plangan, keyin imzolash uchun yuborilgan va shundan keyingina bajarish uchun qabul qilingan. Endi bularning barchasi dastur yordamida sanoqli soniyalarda amalga oshirilmoqda, — deya taʼkidlaydi Muhammad Berdimuratov.

Ishlab chiquvchilar tizimni takomillashtirishni davom ettirmoqdalar va uning imkoniyatlari kengaytirilib, EMSda ish oqimini boshqarishni yangi, yuqori darajaga olib chiqadi!