Sulolaning kuchli vakili
Ulugʼmurod aka Ravshanov asli qashqadaryolik. U kishi qariyb qirq yillik ish tajribasiga ega boʼlgan haydovchi. EMS (Enter Machineries Service) kompaniyasidagi hamkasblari Ulugʼmurod akaning nafaqat katta tajribasi, balki odamiyligi uchun ham qadrlashadi. U kishi hozir Namangan viloyati Pop tumanida bunyod etilayotgan «Xonobod» FES qurilish maydonida mehnat qilmoqda. U kishi ogʼir-bosiq feʼlli, fikrini salmoqlab soʼzlaydigan inson ekan. Biz suhbatimizni u kishi uchun juda yoqimli mavzudan – u kishining nabiralari xususida boshladi.
– Ulugʼmurod aka, nechta nabirangiz bor?
– Umrlari uzoq boʼlsin, yettita – uchta oʼgʼil, toʼrtta qiz. Ular men uchun koʼngil ovunchogʼi. Uch oʼgʼil va oilamiz suyuklisi yagona qizimni voyaga yetkazib, ularning toʼylarini, kasb-kor egallaganini koʼrganda, dunyodagi eng yoqimli his otalik baxti, deb oʼylagandim. Аlloh meni shirin-shakar nabiralar bilan siylagach, bobo boʼlish qanchalik totli tuygʼu ekanini tushundim, baxtimga baxt qoʼshildi. Endi vaxta smenasini tugatgach, nabiralarimni tezroq bagʼrimga bosa qolay, deb uyga oshiqaman.
– Haydovchi boʼlish haqida qanday qaror qilgansiz?
– Bilasizmi, bunday qarorga kelganimni hatto eslay ham olmayman. Esimda qolgani, toʼrtinchi sinfda oʼqiyotgan paytimdayoq qishloq xoʼjaligida ishlatiladigan traktorni haydashni oʼrganib olganman. Otam sovxoz avtoparkida bosh mexanik boʼlib ishlardilar. Men nafaqat traktor haydashni bilardim, balki dalada ham ishlaganman. Shunday qilib, kim boʼlishim haqida savol ham boʼlmagan. Haydovchilik guvohnomasini ham juda erta olganman, maxsuskurslarda oʼqib, qurilish texnikasini boshqarishni oʼrgandim. Hozirgi paytda Sany firmasining avtogreyzerini boshqaraman, bu mashinani hamma haydovchi ham boshqarolmaydi, men sizga aytsam. Chunki u murakkab boshqaruvchi maxsus texnikalar sirasiga kiradi. Uzoq yillar yoʼl qurilishi sohasida orttirgan koʼnikmalarim hozir juda qoʼl kelmoqda.
Oʼz ishimni juda yaxshi koʼraman, uchta oʼgʼlim ham ota kasb davomchilari boʼlishdi – xuddi men bir paytlar otakasb davomchisi boʼlganimdek. Uchchalasi ham ekskavator boshqarishadi. Men ularga maslahatlar beraman, ular menga zamonaviy texnikalarning oʼziga xosligini tushuntirishadi. Hayotimdan roziman.
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimni xalqimizning eng ulugʼ bayrami – Vatanimiz Mustaqilligi kuni bilan tabriklayman! Barchaga sihat-salomatlik va baxt tilayman!