Hormas-tolmas Obidjon
Bugungi kunda Enter Engineering obyʼektlarida katta koʼlamdagi yer ishlari ham bajarilmoqda va ularda EMS kompaniyasining texnikaviy resurslari hamda mutaxassislari ham faol qatnashishmoqda.
Na proekte stroitelьstva gazoximicheskogo kompleksa MTO (Methanol to Olefin) gaz-kimyo majmuasi qurilishiga oʼnlab maxsus qurilish mashinalari, jumladan gidravlik ishlovchi ogʼir gusenitsali ekskavatorlar ham jalb etilgan. Mana shunday texnikalardan birini mexanizator-mashinist Obid Qilichov boshqaradi.
— Menga topshirilgan ekskavator — bu yuqori ishlab chiqarish koʼrsatkichiga ega mashina, — deydi Obid Qilichov. — Uning quvvati eng qattiq tuproqli joyni ham oʼyib ochishga imkon bersa, gusenitsasining uzaytirilgan ramasi esa tez harakatlanish va barqarorlikni taʼminlaydi. Bunday texnik imkoniyatlari keng mashina bilan bir smena davomida katta hajmdagi ishlarni bajarish mumkin.
Obidning bunday qiziqishi va bilimlari bejiz emas, bu qobiliyat uning otasi sharofati bilan, chunki Odil aka ham tajribali haydovchi boʼlib, oʼgʼliga yoshlikdanoq texnikaga qiziqish uygʼota olgan, shu boisdan Obidjon ham ota kasbini tanlagan. Bugungi kunda ota-oʼgʼil bitta lofihada unumli mehnat qilishmoqda.
— Mashina ruliga oʼtirganimga ancha boʼldi, — deb taʼkidlaydi qahramonimiz. — Bu kasb qurolli kuchlar safida yigitlik burchimni oʼtaganimda ham koʼp foyda bergan. Xizmat muddati tugagach yana uch yil shartnoma asosida boʼlinma komandiri vazifasida mehnat qildim. Harbiy tartib-intizom meni texnikani asrab-avaylash, ishga masʼuliyatli yondoshuv, intizomli boʼlish, ehtiyotkorlik va aniqlik kabi koʼp fazilatlarga oʼrgatdi.
Vaxta smenasidan keyin, oila davrasiga qaytish qahramonimiz uchun juda yoqimli. Oila davrasida uni shirin taomlar tuzalgan fayzli dasturxon, rafiqasi Lobar, shirin-shakar oʼgʼilchalari Diyorbek va Davrbek kutib olishadi. Oila jamul-jam boʼlib, roʼzgʼor yumushlari, farzandlarning shoʼxliklari haqida suhbat qizigandan-qiziydi.
Biroq Obid uzoq ishsiz oʼtirolmaydi, dam olish payti ham uning rejalari tayin. Bir paytlar sotib olingan shaxsiy samosval bekor turmaydi, qoʼni-qoʼshni, tanishlarning hojati chiqadi, oila byudjetiga esa harna qoʼshimcha daromad keladi. Obidjon mana shunaqa tinib-tinchimaydigan, hormas yigitlardan.
— Аtrofda katta qurilishlar ketmoqda, buyurtmalar koʼp, — deydi suhbatimiz yakunida Obid Qilichov. — Bekor oʼtirishga vaqt yoʼq. Kuch-quvvat borida ishlash kerak, kasbiy mahoratni oshirish kerak!
Biz qahramonimizga kasbiy muvaffaqiyatlar va oilaviy baxt tilab u bilan xayrlashdik!