August 10, 2023

Anvar Rajabov: intiluvchanlikni aslo yo‘qotmaslik kerak

Enter Engineering obyektlarini qurishda katta quvvat manbai va og‘ir yuk ostida ishlash qobiliyatiga ega kuchli texnikalar qo‘llaniladi. Xususan, bu texnikalar muntazam eʼtibor va nazoratni talab qiladi.

EMSda esa yuqori malakali taʼmirlash ustalari ishlaydi, ularning vazifalari mashinalarni ishlashga tayyorlash, shuningdek, yuzaga kelgan nosozliklarni tuzatishdan iborat. Bu borada tajribali mutaxassislar qatorida “Gazli” konidagi siquv-kompressor stansiyasi liniya mexanigi Anvar Rajabovni misol keltirish mumkin.

Anvar Rajabovni yuqori malakali professional, o‘z ishining ustasi desak, kamlik qiladi, chunki oliy maʼlumot va yuk mashinasini boshqarish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega mexanik doim ham topilavermaydi. Uning texnikani sozlash borasidagi bilimdonligi ham alohida tahsinga loyiq.

— Kompaniyada 2016 yildan beri ishlab kelmoqdaman, faoliyatimni haydovchi sifatida boshlab, keyin mexanik yo‘nalishi bo‘yicha malakamni oshirdim, — deydi Anvar Rajabov. — Ish jarayonida ko‘p narsalarni o‘rgandim, ko‘pincha tajribam qo‘l keldi, lekin xato qilgan paytlarim ham bo‘ldi. Meni qo‘llab-quvvatlashga tayyor hamkasb va ustozlarim doim yonimda bo‘lishgan. Ularni katta hurmat va ehtirom ila yodga olaman. Ilhom Bibutov, Tohir Otajonov va Umid Ro‘ziyevlar yordamida bilimlarimni kengaytirish hamda maxoratimni oshirishga muvaffaq bo‘ldim.

Lavhamiz qahramonining vazifalari ko‘p, u sherigi G‘ayrat Eshonqulov va bosh mexanik Furqat Shoboyev bilan 100 ta avtotransport vositalariga xizmat ko‘rsatadi. Har bir mashina reysga chiqarilishidan oldin butkul texnik soz ahvolda bo‘lishi lozim. Insonlar hamda mulkning xavfsizligi, shuningdek, ishlab chiqarish vazifalarining bajarilishi aynan shunga bog‘liqdir.

— Men asli Buxoro viloyatining Romitan tumanidanman, — deya davom etadi Anvar aka. — Qishloq maktabida o‘qib yurgan kezlarim ko‘p narsaga qiziqardim, o‘qishdan tashqari yangi bilimlar  olishga intilardim.  Bu ishtiyoq natijasida Buxoro Davlat universitetiga o‘qishga kirdim. Taqdir taqozosi bilan o‘qishni bitirgach, haydovchi bo‘lib ishladim, so‘ngra esa mexanik vazifasiga o‘tdim. Shuni taʼkidlashni istardimki, yillar davomida to‘plagan bilimlarimni hayotga tatbiq etish va ish faoliyatimda foydalanishga intilaman.

Qahramonimiz uchun mehnat vaxtasidan so‘ng fayzli xonadonida yaqinlari – ota-onasi, rafiqasi Mahorat va o‘g‘li Asilbek davrasida hordiq chiqarish naqadar yoqimli. Anvar aka, ayniqsa, mehnat taʼtili davrini yaxshi ko‘radi va uni faol o‘tkazishga harakat qiladi. Vaxta haftalari davomida uy yumushlari to‘planib qoladi, farzandi tarbiyasiga ham vaqt ajratishi hamda ota-onasiga eʼtibor berishi zarur bo‘ladi.

Biz Anvar Rajabovga doim shunday intiluvchan bo‘lib qolishini hamda yaxshi kayfiyat ishlari davomida hamroh bo‘lishini tilab qolamiz.