Maqsudbek Jumayev: har bir uchastkani ishonch bilan nazorat qilaman
Har kuni misni boyitish fabrikasi (3-MBF) maydoniga EMSning yuzlab avtomobil va qurilish texnikasi boradi. Kompaniya mutaxassislari oldida ularning yaxshi texnik holatini, xodimlarning belgilangan hajmlarni bajarishga tayyorligini ta’minlash va yuzaga keladigan muammolarni tezda bartaraf etish bo‘yicha murakkab vazifalar turibdi.
Bu va boshqa ko‘plab masalalarni ishlab chiqarishni tezkor boshqarish guruhi smena boshlig‘i Maqsudbek Jumayev hamkasblari bilan birgalikda muvaffaqiyatli hal etmoqda.
«Mening asosiy vazifalarim smena davomida texnikaning to‘liq ishlashini tashkil etish, ularning rejadan tashqari ishlamay qolishining oldini olish, shuningdek, ekspluatatsiyadagi nosozliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish va mashinalarni ish holatiga qaytarishdan iborat», — deydi Maqsudbek.
Ta’kidlash joizki, qahramonimiz yosh istiqbolli mutaxassislar sarasiga kiradi. Bu kasbni u bejizga tanlamagan, ishonch bilan olg‘a intilgan — 2022-yilda Toshkent davlat transport (avtomobil yo‘llari) universitetini tamomlagan, so‘ngra ixtisoslashtirilgan tashkilotda ilk tajribasini orttirgan, 2022-yil noyabr oyidan EMSda dispetcherlik faoliyatini boshlagan. Vaqt o‘tishi bilan u karyer texnikalari smena boshlig‘i darajasiga ko‘tarildi.
«Dispetcher lavozimidan so‘ng, 2023-yil fevral oyidan boshlab karyer texnikasi bo‘yicha liniya mexanigi bo‘lib ishladim. Bu texnikani, uning texnik va maxsus xususiyatlarini chuqur o‘rganish imkonini berdi. Smena boshida har bir mashinaning yaxshi holatda ishlay boshlashini nazorat qildim. Natijada rahbariyat mening imkoniyatlarimni baholab, yangi, mas’uliyatli lavozimga ko‘tardi. Avvaliga, tan olaman, topshiriqlar va kiruvchi masalalarning ko‘pligidan biroz boshim aylanib qolgan edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan ko‘nikib ketdim, odamlarimiz mehnat qilayotgan har bir uchastkani ishonch bilan nazorat qilaman», — dedi Maqsudbek Jumayev.
Qahramonimiz vaxta tugagach, uyiga — Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi «Shibzon» MFYga boradi, u yerda yaqinlari uni intiqlik bilan kutadi. NKMKda haydovchi bo‘lib ishlayotgan otasi Rashid Sharofovich bilan esa avtomobilsozlik sohasida muhokama qiladigan mavzusi yetarli!
Maqsudbek Jumayevga faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar va yaxshi kayfiyat tilaymiz!