July 25

Avtomobillarga baxsh etilgan hayot

Na vaxta rejimi, na uydan uzoqlik EMS kompaniyasi liniya mexanigi Fazlitdin Axmetovni qo‘rqitmaydi — axir, avtomobil texnikalari bilan ishlash uning sevimli ishidir.

Mutaxassis o‘z ish faoliyatini 18 yoshida avtomobillarga xizmat ko‘rsatish markaziga ishga kirib boshlagan. Xuddi shu yoshda u B va C toifalari “prava”sini oldi. 1980-yilda chet el avtomobillari yangilik edi, u avtoslesarlikning birinchi asoslarini mahalliy “Volga” va “Jiguli” avtomobillarida o‘rgandi. Ko‘p o‘tmay u dvigatelni osongina yoyib-yig‘adigan bo‘ldi va import mashinalar paydo bo‘lishi bilan esa ularni ta’mirlash tajribasiga ham ega bo‘ldi.

Harbiy xizmatni o‘tagandan so‘ng yo‘l-transport texnikumini tamomladi, so‘ngra Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiya institutining «Mashinasozlik» fakultetining kechki bo‘limiga o‘qishga kirdi. Ushbu format bir vaqtning o‘zida nazariya va amaliyotni o‘rganish imkonini berdi.

— Men kunduzi ishlab, kechki payt o‘qirdim, — dedi Fazlitdin Saboyevich o‘sha davrni tabassum bilan eslab. — Qiyin bo‘lganmidi? Yo‘q, qiziqarli bo‘lgandi. Inson o‘z kasbini topsa, hech qachon qiyin bo‘lmaydi. Avtotexnika mening kasbim ekanligiga hech qachon shubha qilmaganman!

Fazlitdin Saboyevich shonli faoliyatining bir kuni ham mashinasiz o‘tmadi: u slesar-qabul qiluvchi, mexanizatsiya va transport xizmati boshlig‘i, transport uchastkasi rahbari bo‘lib ishlagan. So‘nggi uch yil davomida u 3-MBF loyihasida liniya mexanigi sifatida o‘z vazifalarini bajarmoqda.

Ish kuni liniyaga avtotransport vositalarini chiqarish bilan boshlanadi. Fazlitdin Saboyevich har kuni 40-50 ga yaqin samosval, ekskavator, kran va buldozerlarni tekshiradi. Agar biron sababga ko‘ra mashina ishga kirisha olmasa, dalolatnoma tuziladi va ishdan chiqqan texnika ta’mirga jo‘natiladi.

Fazlitdin aka bo‘sh vaqtida o‘zining “qaldirg‘ochi” DaewooGentrani ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishni yoqtiradi. Ammo qahramonimizning shaxsiy avtomashinalaridan tashqari, Buxorodagi uyda butunlay boshqa qushlar ham kutmoqda. Fazlitdin Saboyevichning sevimli mashg‘uloti qush boqishdir. Fazlitdin Saboyevich baxtli ota va bobo, uning katta oilasi — ikki qizi, bir o‘g‘li va 8 nafar nevarasi bor. “Men gulzorda yashayman, zerikishga vaqtim yo‘q!” — deb, kuladi mexanik.

Fazlitdin Axmetovga professional faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz!