MEXANIZATOR JASUR
Frontal gʼildirakli yuk ortuvchi — qurilish maydonida eng muhim va kerakli texnikalar sirasiga kiradi. Mazkur manevrli va samarali ish qobiliyatiga ega mashina qator yoʼl qurilishi va yer qazish ishlarida tengsiz texnika hisoblanadi.
Bu kabi texnikani boshqarish uchun professional darajada mahoratli mutaxassis boʼlish darkor. Shunday jihatlarga ega boʼlgan mexanizator Jasur Kurbanazarov mana bir necha yildan beri yuk ortuvchi avtomobilni boshqarib kelmoqda. U oʼz faoliyati haqida quyidagilarni soʼzlab berdi:
— Mazkur mashinada ishlash juda maroqli. Frontal yuk ortuvchi qum, mayda shagʼal va loy kabi sochiluvchan materiallar bilan ishlashda samarali texnik vosita hisoblanadi. Shuningdek, ko’p manevrlarni bajara olish qobiliyati tufayli tor yoki harakat radiusi cheklangan joylarda ham tuproqni bemalol siljita oladi, choʼmichining hajmi esa katta samosvalning kuzovini tezda yuk bilan to’ldirish imkonini beradi.
Jasurning gap-soʼzlaridan unga topshirilgan texnikani qadrlashi yaqqol sezilib turardi. Bu bejizdan emas, albatta. Chunki u bolaligidan texnikaga qiziqqan. Shu bois maktabni bitirgach kasb tanlash vaqti kelganda, yaqinlariga hech ikkilanmay mexanizator boʼlish qarorini aytadi.
Jasur Kurbanazarov EMS kompaniyasiga 2018-yilda kelgan, yosh bo’lishiga qaramay, oʼz ishining ustasi edi. Hozirda u «Аrniyoz» SKS qurilishida mehnat qilmoqda, yer maydonlarini shakllantirish, tuproq toʼkish va shunga oʼxshash yer ishlarini bajarmoqda.
— Vaxtadan keyin ham texnikadan ajralmayman, — deydi tabassum bilan lavhamiz qahramoni. — Doim nimanidir tuzatish, doʼstlarim va qoʼshnilarimga texnika borasida koʼmak berish kerak boʼlib qoladi. Qashqadaryoda boʼlganimda asosiy vaqtimni, albatta, oilam davrasida o’tkazishga harakat qilaman, turmush oʼrtogʼim, qizaloqlarim doimiy eʼtiborimda. Men uchun, uyga sovgʼalar bilan kirib kelganimda ularning koʼzlarida quvonch porlashini koʼrish, ayniqsa maroqli va yoqimli.