July 13, 2023

SIROJIDDIN NOSIROV: MAS‘ULIYATLI ISHNI YOQTIRAMAN

Enter Machineries Service (EMS) kompaniyasi saroylaridan har kuni minglab avtotransport vositalari reyslarga otlanadi. Insonlarning xavfsizligi ularning texnik soz holatda ishlashiga bevosita bog‘liqdir. Avtosaroydagi ishlarni muayyan tartibda saqlash garajlarda mashinalarga xizmat ko‘rsatuvchi chilangarlar zimmasiga yuklatilgan.

Samarqand turistik markazi qoshida faoliyat yuritib kelayotgan avtomobil saroyining taʼmirlash qismida turli og‘ir va haybatli qurilish texnikasini mohirona taʼmirlayotgan yigitchaga ko‘zingiz tushishi mumkin. U yosh bo‘lishiga qaramay, tajribali mutaxassis sifatida o‘zini namoyon etgan chilangar Sirojiddin Nosirovdir.

— Texnikani doim yaxshi tushunganman, — o‘zi haqida so‘zlab berdi Sirojiddin. — Misol uchun dvigatel va uzatma qutisi qanday tuzilishga ega va buzilib qolgan taqdirda qanday taʼmirlash mumkinligi meni doim qiziqtirgan. Kasb tanlashimda qiziqishlarim muhim omil bo‘ldi. Shu bois katta niyatlar bilan Samarqand viloyatidagi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejiga o‘qishga kirib, avtochilangar kasbini egalladim. Hozirgi paytda bu kasbga talab katta, yo‘nalishim bo‘yicha har qanday xususiy ustaxonadan oson ish topishim mumkin edi, biroq meni masʼuliyati yuqoriroq ish o‘ziga jalb etdi, niyatim haybatli va kuchli mashinalar bilan ishlash edi. Shu bois 2020-yilda EMS kompaniyasiga ishga kirdim. Bu yerda ish juda qiziq, haqiqiy professional darajadagi amaliyotga duch keldim. Jumladan, mehnat va dam olish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsam, men ishimdan xursandman.

Sirojiddin o‘z ishiga ishtiyoqi baland inson sifatida har bir mashinaga ko‘makka, davolanishga ehtiyoji bor jonzotga qaragandek munosabatda bo‘ladi. Har qanday murakkab buzilish holatlarida qanday taʼmirlash kerakligini yaxshi biladi. U mehnatkash inson, bekorchi narsalarga vaqt sarflashni yoqtirmaydi. Uyiga kelganida xo‘jalik tomorqasiga qaraydi, hamma ishlarni saranjomlab qo‘yadi. U shuningdek, yoz davrida poliz ekinlarini yetishtiradi, bu esa oilaning moddiy ahvoliga foyda keltiradi.

— Turmush o‘rtog‘im uy bekasi, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul, — so‘zini yakunlarkan dedi Sirojiddin. — Hozircha farzandimiz yo‘q, lekin hammasi oldinda. Qiyinchiliklardan qo‘rqmagan holda hayotiy tajribamizni oshirib bormoqdamiz!

Biz yosh mutaxassisga orzu-umidlari ushalishida ulkan zafarlar va oilaviy baxt tilab qolamiz.