QUYOSH ENERGYASINI HAR BIR UYDA PORLASIN
Bugun mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini, xususan, fotoelektrik modullarni (FEM) joriy etish, ulardan samarali foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu faoliyat doirasida Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lgan Enter Solar zavodi qurilib, foydalanishga topshirildi, u yerda yiliga quvvati 520-540 V bo‘lgan 367 ming 540 dona FEM ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Umumiy ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 200 MVt’ni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda Enter Solar jamoasi oldida ulkan vazifasi turibdi, ya’ni ichki FEM bozorida etakchi bo‘lish va mahalliy iste’molchilarning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish. Loyihani amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i Vadim Isayev bu boradagi ishlarni tashkil etish haqida gapirib berdi:
— Hozirgi kunda quyosh energiyasidan foydalanish tobora ommalashib, ushbu turdagi energiya manbasiga o‘tish istagida bo‘lganlar soni ortib bormoqda. Mazkur yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish natijasida quyosh panellari narxi arzonlashmoqda, bu esa, ayniqsa, jismoniy shaxslarning ulardan foydalanish imkoniyatini oshirmoqda. Yiliga quyoshli kunlar koʻp boʻlgan Oʻzbekistonda FEM’ning oʻrnatilishi va ishlashi elektr energiyasi uchun toʻlovlarning kamayishiga va uglerod izi miqdorining kamayishiga olib keladi. Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan elektr stantsiyalariga bog‘liqlik kamayadi. Shu bilan birga, quyosh panellari ekologik jihatdan qulaydir, chunki ularda atrof-muhitga zarar yetkazuvchi elementlardan foydalanilmaydi.
Faoliyatimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, hozir biz potentsial iste’molchilar bilan ishlash strategiyasi ustida ishlamoqdamiz. Yaqin kelajakda «Tayyor holdagi quyosh elektr stansiyasi» xizmati dasturini ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz. Mijozlar (yuridik va jismoniy shaxslar)ning talablaridan kelib chiqqan holda, ularga 3 dan 20 kVt’gacha bo‘lgan turli xil quvvatlar to‘plamlari taklif etiladi. Biz xizmatlarning butun kompleksini taklif qilmoqchimiz, ular FEM o‘rnatiladigan obyektni dastlabki tekshirish, mijozlar bilan umumiy rejani tuzish, loyihalash, o‘rnatish va ishga tushirishni o‘z ichiga oladi. Bir so‘z bilan aytganda, biz eng qulay narxda panellarni to‘g‘ri o‘rnatishni ta’minlaymiz, bu foydalanish jarayonida sezilarli iqtisodiy samaraga erishish imkonini beradi.