March 27

Quyosh panellari qanday yaratiladi

Bugun biz sizni kichik sayohatga taklif qilamiz, unda Enter Solar zavodidagi quyosh panellarini yaratish jarayonini kuzatamiz.

Keng, yorug‘ va toza sexda bizni smena ustasi Lenur Timofeyev kutib oldi, u panel ishlab chiqarish bosqichlarida bizga gidlik qildi. Birinchi bo‘lib ko‘zga tashlangan narsa bu binolarning tozaligi va ozoda ko‘rinishi bo‘lib, barcha xodimlar maxsus kiyimlar kiygan.

— Fotoelektrik modullarni (FEM) ishlab chiqarish — bu maxsus mikroiqlim va tozalikni saqlashni talab qiladigan nozik jarayon, — dedi Lenur Timofeyev. — Masalan, sexda polni kuniga ikki marta yuvishadi, Ecoprogetti avtomatlashtirilgan liniyasi operatorlari esa maxsus kiyimlarsiz ishga yo‘latilmaydi.

Xo‘sh, ishlab chiqarish qanday yo‘lga qo‘yilgan? Birinchi bosqichda robot paletdan 150 ta maxsus temperli oynadan birini oladi, uni konveyer liniyasiga o‘rnatadi va EVA-plyonka qatlami bilan qoplaydi, bu bo‘lg‘usi panelni namlik kirishidan himoya qiladi.

— Quyosh paneli yoki fotoelektrik modul bir nechta komponentlardan tashkil topgan o‘ziga xos «pirog»dir. Bizning liniyamiz ikki turdagi «piroglarni pishiradi», — deya izoh berdi Lenur robotning ishiga. — Hozirda biz «oyna-plyonka-fotoelement-plyonka-oyna» tamoyili asosidagi ikki tomonlama modul ishlab chiqarmoqdamiz. Ushbu panel bir tomonlama panelga qaraganda 30% yuqori ish samaradorligiga ega. 8 soat ichida liniya 155 ta ikki tomonlama panellar yoki 300 ta bir tomonlama panellarni ishlab chiqarishi mumkin.

Shu vaqtda oyna stringerga o‘tdi — bu yerda robot fotoelementlarni bir-biriga ulaydi. Sirt tezda fotoelementlar bilan qoplanadi va robot qirq soniyada yana bir ulashni amalga oshiradi — endi panelda plyus va minus chiqishlar mavjud. Keyin mahsulot ustki plyonka bilan qoplanadi va sifat nazorati bo‘yicha mutaxassis unga ishlab chiqarilgan sana va ishlab chiqarish smenasini ko‘rsatadigan noyob seriya raqamini yopishtiradi.

Modul ustki oyna bilan yopiladi va yashirin nuqsonlarni tekshirish uchun rentgenga o‘tkaziladi. Bu panelimizda faqat bitta fotoelement nuqsonli chiqdi va u darhol almashtirildi. Endi «pirog» yana to‘rtta shungay o‘ziga o‘xshash nusxa bilan birgalikda pechga kirishga tayyor. Bu yerda 20 daqiqa ichida EVA-plyonka eriydi, shaffof bo‘lib qoladi va quyosh panelining barcha qatlamlarini bir-biriga yopishtirib turadigan gelga aylanadi. Pech ichidagi harorat 142 daraja, shuning uchun jarayon tugagandan so‘ng, mahsulotlarni sovutish uchun yana etti daqiqa kerak bo‘ladi.

Keyin yana bir sifat nazorati punkti keladi, bu yerda xodimlar panelning yetarlicha pishirilganligini tekshiradilar va gelning yopishqoqligini aniqlaydilar. Agar sinovdan yaxshi o‘tsa, u holda panel vaqt o‘tishi bilan bir-biridan ajrab ketmaydi va kafolat muddati davomida yaxshi xizmat qiladi.

— Bizning FEM uchun barcha eng qiyin bosqichlar ortda qoldi, — modul ramkaga joylashtiriladi, unga simlar ulanadi, — deya ekskursiyani yakunladi Lenur Timofeyev. — Barchasi rentgen, ramkaga tok oqimining kirib borishini tekshiruvchi tester va panelning nominal quvvatini o‘lchash yordamida amalga oshiriladigan eng so‘nggi sifat nazorati bilan yakunlaydi. Uning natijalariga ko‘ra, robot olingan ko‘rsatkichlarni mahsulotning seriya raqami bo‘yicha qayd etadi. Konveyerdan chiqadigan barcha mahsulotlar to‘rt toifaga bo‘linadi, ularning har biri mijozlarga keyingi jo‘natish uchun ma’lum bir palletga joylashtiriladi.